Jamiyat | 22:30 / 24.06.2021
75911
3 daqiqa o‘qiladi

Nurmat Otabekov O‘zbekistonga koronavirusning xavfli shtammi kirib kelgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi

Nurmat Otabekov O‘zbekistonda koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani haqidagi xabarlarga izoh berib, dastlabki laboratoriya tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlayotgani haqida gapirdi.

O‘zbekistonda ilk bor koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani haqida xabarlar jamoatchilikning keng muhokamalariga sabab bo‘ldi. Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari o‘rinbosari Nurmat Otabekov bu borada SSV matbuot xizmatiga izoh berdi.

«Aslida, yurtimiz aholisi O‘zbekiston hududiga koronavirusning yangi shtammi kirib keladigan bo‘lsa, bunga jiddiy e'tibor berishga odatlanib qoldi. Eslasak, bundan avval mamlakatimizda COVID-19’ning «britancha» shtammi ilk bor aniqlanganda ham aynan mana shunday munosabatlar, shu kabi shov-shuvlarning guvohi bo‘lganmiz. Aslida, butun Yer yuzidagi murakkab pandemiya sharoitida bu narsani to‘g‘ri va normal holat sifatida qabul qilish lozim», degan Nurmat Otabekov.

Uning aytishicha, dunyo miqyosida koronavirusni ilmiy izlanishlar maqsadida doimiy kuzatib borayotgan ilg‘or laboratoriyalar mutaxassislari bergan ma'lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda COVID-19 kasalligining 5000ta, ayrim soha vakillarining fikricha esa 7000dan ko‘proq mutatsiyaga uchragan shtammlari paydo bo‘lgan. Mutatsiyaga uchragan shtammlar faqat kasallikning tarqalish tezligi, uni yuqtirib olgan odamlarda yengil yoki og‘ir o‘tishi, yosh toifasida farq bo‘lishi mumkin.

«Aytish mumkinki, aslida, koronavirusning mutatsiyaga uchragan va uchramagan hamma shtammlarining eng asosiy mikroorganizmi COVID-19 shtammi bo‘lganligi va ushbu shtamm bilan chaqirilgan kasallikning klinik belgilari, laboratoriya tashxisi, profilaktikasi, oldini olish choralari, vaksinalardan foydalanib, himoyalanish darajasi bir xil bo‘lgani uchun ularning chuqur etimologik omilini aniqlash va qanday virus ekanligini oxirigacha tekshirib borishga ehtiyoj yo‘q.

Ilg‘or texnologiyalar markazida koronavirusning «hindcha» shtammi aniqlangani to‘g‘risidagi xabarga kelsak, dastlabki laboratoriya tekshiruv natijalari ushbu taxminni katta ehtimol bilan tasdiqlamoqda. Ammo to‘g‘ri xulosaga kelish uchun yakuniy tahlillarni to‘liq o‘rganib chiqish kerak bo‘ladi», degan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati rahbari.

Eslatib o‘tamiz, koronavirusning «britancha» shtammi O‘zbekistonga kirib kelgani haqida 2021 yil 30 yanvar kuni ma'lum bo‘lgandi. U 23 yanvar kuni Dubaydan qaytib kelgan 10 yoshli qizchada aniqlangan. 17 aprel kuni bosh vazir Abdulla Aripov boshchiligida koronavirusga qarshi kurash komissiyasining kengaytirilgan yig‘ilishida O‘zbekistonga koronavirusning «afrikacha» shtammi kirib kelgani aytilgandi.

Mavzuga oid