Jamiyat | 14:32 / 25.06.2021
5623
2 daqiqa o‘qiladi

Oqova suvlar zararsizlantirilmasdan inshootga yaqin bo‘lgan daryolar va soylarga oqizib yuborilmoqda - Senat

Foto: Oliy Majlis Senatining Axborot xizmati

Senatning o‘n oltinchi yalpi majlisida oqova suv tozalash inshootlarida vujudga kelayotgan muammo va kamchiliklarning atrof-muhit hamda aholi salomatligiga ta'siri to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.

Oqova suv tozalash inshootlarining ishlashi joylarda o‘rganilib, mamlakatning 5,6 mln (17 foiz) aholisi oqova suv xizmati bilan ta'minlangani, shuningdek, bugungi kunda hududlardagi jami 58ta yirik oqova suv tozalash inshootlarining 49tasi (84 foiz), 8,6 ming km oqova suv tarmoqlarining 1,9 ming km (22 foiz) qismi ta'mirtalab holatda ekani ta'kidlandi.

Ushbu inshootlar uch bosqichda: mexanik, biologik va kimyoviy tozalash funksiyasini bajarishga ixtisoslashgan bo‘lib, aksariyat inshootlarda faqat mexanik tozalash ishlari bajarilmoqda.

Bundan tashqari, Toshkent shahrining Salar, Bo‘zsuv, Bektemir hamda Surxondaryo viloyatining Termiz shahri oqova suv tozalash inshootlari bugungi kunda ta'mirtalab holatga kelib qolgani aniqlangan.

Shu bilan birga, mahalliy oqova suv tozalash inshootlari talabga javob bermasdan kanalizatsiya tarmoqlariga oqovalarning me'yor darajasida tozalanmasdan tashlab yuborilayotgani ma'lum bo‘lgan.

“Respublikamizning barcha viloyatlarida oqova suv tozalash inshootlari ta'mirtalab, malakali kadrlar yetishmasligi va mavjud jihozlarning eskirganligi sababli to‘liq foydalanilmasdan, oqova suvlar zararsizlantirilmasdan inshootga yaqin bo‘lgan daryolar va soylarga oqizib yuborilmoqda”, deyiladi ma'lumotda.

Ushbu masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid