Senat Toshkent viloyatining bir qator tuman va shaharlari chegarasini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdi
Senat a'zolari Toshkent viloyatining Oqqo‘rg‘on, Ohangaron, Bekobod, Bo‘stonliq, Bo‘ka, Zangiota, Yuqori Chirchiq, Qibray, Parkent, Piskent, O‘rta Chirchiq, Yangiyo‘l tumanlari va Olmaliq, Chirchiq, Angren, Yangiyo‘l, Bekobod shaharlari chegaralarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi masalani muhokama qildi.
Qayd etilganidek, bugungi kunda Toshkent viloyatining bir qancha tuman va shaharlari, jumladan, viloyatning Angren va Bekobod shaharlari hamda Qibray va Piskent tumanlari boshqa tuman va shaharlarda joylashgan “anklav” hududlarga ega. Bu holatlar jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi kurashning samarali tashkil etilishi, aholining ijtimoiy ta'minoti va davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarini amalga oshirishi, voyaga yetmaganlarning ta'lim jarayonini nazorat qilish hamda ularni tuman (shahar) darajasidagi ommaviy tadbirlarga jalb qilish va boshqa jarayonlarda muammolarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.
Bekobod tumanida joylashgan Istiqbol mahallasi fuqarolari, Bekobod shahar Yangihayot mahalla hududida joylashgan maktabda ta'lim olishadi, davolanish uchun Bekobod shahrida joylashgan markaziy shifoxonaga borishadi, shuningdek, barcha kommunal yo‘nalishdagi xizmatlarni shahar tashkilotlari ko‘rsatadi.
Bundan tashqari, Angren shahridagi “Krasnogorsk” qo‘rg‘onida fuqarolariga kommunal xizmat ko‘rsatish, xususan, elektr ta'minoti, ichimlik suvi, gaz ta'minoti hamda bank xizmatlari Parkent tumani tomonidan amalga oshiriladi. “Krasnogorsk” qo‘rg‘oni fuqarolari davolanish uchun ham Parkent tumanida joylashgan markaziy shifoxonaga qatnaydi.
Bildirilishicha, bu ushbu hududlar aholisi hayotida turli qiyinchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Shu sababli, O‘zbekiston Konstitutsiyasi hamda “O‘zbekiston Respublikasining ma'muriy-hududiy tuzilishi to‘g‘risida”gi qonunga asosan Toshkent viloyatining yuqorida qayd etilgan tuman va shaharlari chegaralarini o‘zgartirish taklifi ilgari surilmoqda. Jami o‘zgartirilayotgan tuman va shaharlar chegaralarining yer maydoni 17 359,1 gektar bo‘lib, shundan 10 084,8 gektari qishloq xo‘jaligi yerlaridir.
Natijada, Toshkent viloyati ma'muriy-hududiy birliklar chegaralarini tartibga solish anklav hududlarni tugatish hamda mahalliy davlat hokimliklari organlari tomonidan hudud boshqaruvini yanada soddalashtirishga, qolaversa, ma'muriy-hududiy birliklarining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirilishiga olib keladi.
Shuningdek, Toshkent viloyati shaharlarini 2021–2030 yillarda rivojlantirish uchun zarur bo‘lgan hududlarni belgilash, ushbu davrda investitsiya loyihalarini amalga oshirish, yangi turar-joy massivlarini barpo etish orqali shaharlarning o‘sib borayotgan aholisi ehtiyojlarini qanoatlantirishga xizmat qiladi.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Mavzuga oid
13:50
Toshkent viloyatidagi uchta AYoQShda sifatsiz benzin sotilayotgani aniqlandi
14:55 / 22.12.2024
Jismoniy shaxslarga yovvoyi hayvonlarni saqlaganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
23:07 / 21.12.2024
Toshkent viloyatida chiqindi poligonlari xizmat narxi oshiriladi
17:20 / 18.12.2024