O‘zbekiston | 10:28 / 26.06.2021
16794
3 daqiqa o‘qiladi

«Poytaxtimizdagi ishlar sur'atidan men qoniqmayapman. Nega faollar tashabbus ko‘rsatmayapti?» - Shavkat Mirziyoyev 

Joriy yil 25 iyun kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi bir qator loyihalar bilan tanishdi. 

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kun.uz muxbiri xabariga ko‘ra, tashrifning yakuniy qismida davlat rahbari Chirchiq daryosi bo‘yidagi qurilishlar jarayonini ko‘zdan kechirdi. Daryo bo‘yida tiklangan maxsus ayvonda Toshkent shahri va tumanlari hokimlari, sektor rahbarlari, mahalla raislari ishtirokida faollar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

“Albatta, Toshkent shahrida katta ishlar amalga oshirilyapti. Lekin poytaxtimizdagi ishlar sur'atidan men qoniqmayapman. Nega poytaxt faollari murojaat bilan chiqishmayapti, tashabbus ko‘rsatishmayapti, nuroniylarimiz, oqsoqollarimiz katta ishlarimizda kamarbasta bo‘lishmayapti?! 

Bugun Saxovat mahallasida bo‘ldim. Poytaxtdagi 531 ta mahallaning har bittasi ana shunday obod bo‘lishi kerak. Oldin iqtisodiy imkoniyatimiz yo‘q, derdik. Hozir keragicha, hatto ortig‘i bilan mablag‘ni ajratib beryapmiz. Statistik ma'lumotlarga ko‘ra poytaxtda 105 ming, 7,7 foiz aholi ishsiz. Lekin yaxshilab o‘rganilsa, bu raqam o‘zgaradi. Toshkentda ishsizlik bo‘lmasligi kerak! Poytaxtning imkoniyatlari bilan Andijonning yoki Surxondaryoning imkoniyatlarini solishtirish mumkinmi? Bunday muqaddas zaminda yashash hammaga nasib qilmaydi. Har bir hokim, har bir tuman o‘ziga xos g‘urur nuqtalarini topishi, bu yirik loyihalarni amalga oshirishda hammani safarbar qilishi lozim. Chunki qars ikki qo‘ldan chiqadi. Toshkentni obod qilmasak bo‘lmaydi”, davlat rahbarining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
 
Bundan tashqari prezident uyushmagan yoshlar bilan tizimli ishlarga oid topshiriqlar berdi.

“Ichki ishlar vaziri, bosh prokuror va Milliy gvardiya qo‘mondoniga topshiriq – hokim bilan birgalikda Toshkent shahri misolida uyushmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori yuzasidan taklif beringlar va bu qarorni menga taqdim qilinglar. Bu qarorni ishga tushirib, keyin respublika bo‘yicha tatbiq qilamiz”, dedi prezident.

Mavzuga oid