O‘zbekiston | 12:12 / 26.06.2021
29449
4 daqiqa o‘qiladi

Senat xalqaro tashkilotlar qayta ko‘rib chiqishni tavsiya etgan «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonunni qabul qildi

Bugun Oliy Majlis Senatining o‘n oltinchi yalpi majlisida “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi va senatorlar tomonidan qabul qilindi.

Foto: Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati

Ma'lum qilinishicha, ushbu qonun dastlabki tarzda Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari a'zolari, ekspertlar, mutaxassislar ishtirokida o‘rganilgan va dastlabki tarzda ko‘rib chiqilgan.

Yuqori palata vakillari ta'kidlashicha, qonunning maqsadi vijdon erkinligi kafolatlarini kuchaytirish, har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqini ta'minlashning qonuniy mexanizmlarini mustahkamlash, shuningdek, davlatning din ishlari bo‘yicha siyosatini takomillashtirishdan iborat.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 4 may kuni Qonunchilik palatasi deputatlari «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi qonun loyihasini uchinchi o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qilgandi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, loyiha e'lon qilinganidan buyon (2020 yil avgust oyida) aholi, xalqaro tashkilotlar va mahalliy ekspertlar tomonidan 700dan ortiq taklif kelib tushgan. Loyiha qo‘mita va partiyalar fraksiyalarida ham keng muhokama qilingan. Deputatlar yangi qonun loyihasida aholini qiynab kelayotgan muammolardan biri – fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi cheklovni olib tashlagan.

Lekin yangi tahrirdagi qonunda ham xususiy diniy ta'limga qo‘yilgan cheklovlar saqlanib qolmoqda. Bu jamoatchilik faollari va diniy ulamolar tomonidan norozilikka sabab bo‘lgan.

Deputat Rasul Kusherbayev esa qonun muhokamasida «Milliy tiklanish» partiyasi diniy ta'limni kengaytirish taklifiga qarshilik bildirganini ma'lum qildi.

Shuningdek, O‘zbekiston rasmiylarining iltimosiga ko‘ra, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YeXHT) va Yevropa kengashining Venetsiya komissiyasi «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining yangi tahrirdagi loyihasini o‘rganib chiqib, qo‘shma xulosa bergan.

Xulosada loyihadagi ayrim ijobiy yangiliklar e'tirof etilgan, biroq hukumat din va diniy erkinlik ustidan «qat'iy va keskin choralar ko‘rishi mumkinligi» belgilangani salbiy qarshi olingan.

«Qonun loyihasi inson huquqlari sohasidagi xalqaro standartlarga va YeXHT oldida inson huquqlari borasida olingan majburiyatlarga to‘la mos kelishi uchun jiddiy qayta ko‘rib chiqilishi kerak», – deya ta'kidlangan YeXHT va Venetsiya komissiyasining qo‘shma xulosasida.

Xalqaro tashkilotlar qonun loyihasida diniy faoliyat va diniy tashkilotlar majburiy tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilishi, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ortiqcha talablar borligi, diniy materiallarga senzura saqlanib qolayotgani, davlat amaldorlarining diniy sohada haddan ziyod erkinligi va diniy tashkilotning avtonomiya huquqiga aralashuv borligini tanqid qilgan.

AQSh komissiyasi dokladida «taniqli huquq himoyachisi»ga iqtibos keltirilgan holda aytilishicha, yangi tahrirdagi qonun loyihasining amaldagi qonundan deyarli farqi yo‘q, chunki unda «hali-hamon davlat ruxsatisiz din erkinligini amalga oshirish taqiqlanadi, davlat ruxsatisiz diniy ta'lim berish man etiladi, hukumat din haqidagi barcha materiallarni senzura qiladi va dinga boshqalarni da'vat etish taqiqlanadi».

Mavzuga oid