O‘zbekiston | 20:44 / 28.06.2021
42372
6 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onlar O‘zbekiston hududiga yana bir necha bor qochib o‘tgani ma'lum qilindi

So‘nggi kunlarda Afg‘oniston fuqarolari va harbiylar chegarani buzib o‘tib mamlakat hududiga kirishi bilan bog‘liq yana bir necha holat kuzatilgan. Surishtiruv va tergov harakatlaridan so‘ng ular o‘z yurtiga qaytarilgan.

O‘zbekiston prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov an'anaviy brifing chog‘ida qo‘shni Afg‘onistondagi vaziyat haqidagi savolga javob qaytardi.

«24 iyun kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi Afg‘oniston shimolidagi voqealar bo‘yicha pozitsiyani ma'lum qilgandi. Afg‘onistonda yuzaga kelgan vaziyat O‘zbekiston hukumatini tashvishga soladi.

O‘zi umuman olganda, hurmatli prezidentimiz oxirgi 4 yil, 5 yil davomida Afg‘onistonning rivojlanishi, Afg‘onistonga barqaror hayotning qaytib kelishi bo‘yicha juda ham ko‘p sa'y-harakatlarni jahon hamjamiyati bilan birgalikda amalga oshirdilar. 2018 yilda Toshkentda Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan ilk yirik xalqaro konferensiyalardan biri bo‘lib o‘tdi. Unda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘aniy qatnashdi, Yevroittifoq vitse-prezidenti Federika Mogerini qatnashgan edi. Mana shu konferensiya keyinchalik «Tolibon» va Afg‘oniston hukumati munosabatlarini qandaydir yangi bir darajaga chiqadigan jarayon boshlanishiga asos bo‘ldi. Bundan keyin bir necha bor yirik tadbirlar o‘tkazildi, Qatarda bir necha bor uchrashuvlar o‘tkazildi.

Afsuski, oxirgi paytlarda biz kuzatayotgan Afg‘oniston shimolidagi ziddiyatlar, avvalambor, hammamizga ma'lum - Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi bilan bog‘liq bo‘lyapti. U yerda bo‘layotgan dizbalansdan biz, albatta, xavotirdamiz. Chunki Afg‘oniston bizlar uchun begona davlat emas. 

So‘nggi 4-5 yil mobaynida Afg‘onistonning barqaror rivojlanishi uchun juda ham ko‘p sa'y-harakatlar qilindi. Shundan kelib chiqqan holda aytishimiz mumkinki, albatta, ixtilofdagi barcha tomonlar qandaydir murosaga kelishi kerak, bu ziddiyatning yana ham kuchayib ketishining oldini olish kerak. 

Bundan tashqari, gap Afg‘onistonning aholisi haqida ham ketyapti. Birinchi navbatda aholi orasidagi yo‘qotishlarga barham berish kerak.

Xabaringiz bor, 23 iyun kuni ilk bor Afg‘onistonning 53 fuqarosi va harbiylari chegaramizni buzib o‘tishga harakat qildi. Bundan keyin ham bunday harakatlar bir necha marta amalga oshirildi. Oxirgisi shanba kuni bo‘ldi.

Lekin biz o‘zimizning milliy qonunchiligimiz va xalqaro normalardan kelib chiqqan holda, ular bilan tegishli surishtiruv va tergov ishlarini amalga oshirib, Afg‘oniston fuqarolarining barchasini o‘zining respublikasiga qaytarib yubordik. Bu borada O‘zbekiston chegarasi daxlsizligi hech qanday shubha ostiga qo‘yilmasligi kerak.

Umuman olganda, yaqinda bo‘ladigan Markaziy Osiyoning o‘zaro bog‘liqlik masalalariga bag‘ishlangan konferensiyada ham, 15-16 iyul kunlari biz Afg‘onistonning keyinchalik rivojlanishi qay yo‘sinda bo‘ladi, savdo-iqtisodiy, transport logistika salohiyatini qanday rivojlantirsak bo‘ladi va umuman olganda, barcha harakatlarimiz qanday qilib, Afg‘onistonga barqaror hayot qaytib kelishiga yordam beradi, degan mavzularda Afg‘oniston rahbariyati, Pokiston rahbariyati va hamkor davlatlardan keladigan bir qator tashqi ishlar vazirliklari bilan birga mana shu masalalarni muhokama qilish rejalashtirib qo‘yilgan.

Afg‘onistondagi ziddiyatda va uning yechimini topishda O‘zbekiston jahon hamjamiyatining boshqa davlatlari singari keyinchalik ham ko‘makchi sifatida bu jarayonlarda ishtirok etadi. Lekin shu bilan birga bu masala, bu muammolar, albatta, Afg‘onistonning o‘zining ichki ishi va bunda qanaqadir tashqaridan bosim yoki qanaqadir afg‘on xalqiga g‘ayri bo‘lgan fikrlarni o‘tkazish, albatta, noto‘g‘ri. Umid qilamizki, ziddiyatlar tez kunda barham topadi», degan Sherzod Asadov.

Eslatib o‘tamiz, 22 iyun kuni O‘zbekiston SSV taklifiga ko‘ra Afg‘onistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat keskinlashayotganini inobatga olib, o‘zaro chegarani yopgandi.

23 iyun kuni O‘zbekiston TIV 53 nafar afg‘on chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari va mahalliy qurolli guruhlar O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgani haqida xabar berdi.

Shu kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon o‘zaro telefon muloqotida Afg‘onistonda va Tojikiston chegarasi hududlarida yuzaga kelayotgan tahlikali vaziyatni muhokama qilib, ushbu mamlakat bilan chegara chizig‘idagi vaziyatni juda keskin deb baholagandi.

Amerikalik harbiylar Afg‘onistonni tark eta boshlagach, «Tolibon» harakati shimol tomonga faol yurish boshladi, ayni vaqtda ushbu hududda hukumat qo‘shinlari va harakat jangarilari o‘rtasida jangovar to‘qnashuvlar davom etmoqda. Avvalroq «Tolibon» bir qator tumanlar va Tojikiston bilan chegaradagi nazorat-o‘tkazish punktlarini egallab olgani, Qunduz viloyatida joylashgan «Sherxon-Bandar» nazorat o‘tkazish punktiga hujumdan so‘ng hukumat qo‘shinlarining 130dan ortiq harbiysi Tojikiston hududiga chekingani xabar qilingandi.

Mavzuga oid