O‘zbekiston | 15:54 / 28.06.2021
28008
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentga kirishdagi cheklovlar hozircha amal qilmayapti

Maxsus komissiya qarori bilan cheklov qo‘yilgan bo‘lsa-da, Toshkent shahriga barcha turdagi avtotransport vositalari erkin kirib-chiqishda davom etmoqda. Karantinni kuchaytirish bo‘yicha mas'ullarning xatti-harakatlarida pala-partishlik kuzatilyapti.

Respublika maxsus komissiyasi 28 iyundan 12 iyulgacha Toshkent shahriga avtotransportda kirishni cheklash haqida qaror qabul qilgan edi. Cheklov 28 iyun, dushanbadan amal qila boshlashi belgilangandi.

Biroq amalda bunday bo‘lmayapti. Xalq tilida “Ippodrom” deya ataluvchi savdo komplekslari yaqinidagi “Erkin” YPX postida bo‘lgan Kun.uz muxbiri post orqali barcha turdagi avtotransportlar erkin harakatlanib o‘tayotganining guvohi bo‘ldi.

Shahar IIBB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi matbuot xizmati rahbari Qahramon Xudoyberganov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda postlardagi xodimlar hozircha “tushuntirish ishlari olib borish” bilan kifoyalanayotganini aytdi.

“Toshkent shahriga aloqasi yo‘q transport vositalari haydovchilariga bemaqsad yurmaslik tushuntirilyapti. Hozirgi kunda poytaxtga kirishdagi barcha YPX maskanlari to‘liq nazoratga olingan. Bu maskanlarda xizmat olib borayotgan PPX va YPX xodimlari muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlarini amalga oshirmoqdamiz.

Qo‘shimcha yangilik bo‘lgan taqdirda, ommaviy axborot vositalariga zudlik bilan ma'lumot beriladi. Biz ayni damda faqat tushuntirish ishlari olib bormoqdamiz”, – dedi poytaxt YHXB matbuot kotibi.

O‘zbekistonda koronavirusning hindcha shtammi aniqlanib, kasallanish holatlari ortganidan keyin, karantinni kuchaytirish bo‘yicha mas'ullarning xatti-harakatlarida pala-partishlik kuzatilmoqda.

Avvaliga Qashqadaryo viloyat IIB YHXB boshlig‘i A.Soatov 28 iyun soat 00:00 dan boshlab viloyat hududidan yengil mashinalarni chiqarmaslikni buyurgan audio tarqaldi. Ko‘p o‘tmay viloyat IIB matbuot xizmati buni rad etib, Maxsus komissiya qaroriga amal qilinishini bildirdi.

Shuningdek, Ichki ishlar vazirligi xodimi Toshkentga kirishdagi cheklovlar bekor qilinishi haqida OAVga ma'lumot berdi, birozdan so‘ng vazirlik buni rasman rad qilib, Maxsus komissiya qarori amalda ekanini ta'kidladi.

28 iyundan rasman kuchga kirgan, ammo hozircha to‘la amal qilmayotgan karantin qoidalari haqida ushbu havolada ma'lumot olish mumkin.

Mavzuga oid