Jamiyat | 08:47 / 30.06.2021
3452
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda taksi haydovchilari ularning qoidabuzarligini suratga olgan ikki fuqaroni do‘pposlashdi  

2021 yilning 29 iyun kuni Xatirchi tumanida taksichilik bilan shug‘ullanuvchi bir guruh shaxslar ularning qoidabuzarligini suratga olgan fuqarolarni do‘pposlab, mashinasiga zarar yetkazdi. Bu haqda Navoiy viloyati IIB xabar qildi.

Ma'lum qilinishicha, tumanning Ko‘ksaroy mahallasida yashovchi Sh.A. va S.O. moddiy manfaat ilinjida tuman markazida taksichilik bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning avtomashinalarining davlat raqamlarini yashirin ravishda suratga olgan. Taksichilik bilan shug‘ullanuvchi bir necha shaxslar ularni ko‘rib qolib, nima sababdan suratga tushirib yurganini, buning uchun ularga jarima belgilanayotganini ma'lum qilgan.

Sh.A. va S.O. mashinalarning davlat raqamlarini suratga tushirmaganini aytib, qilgan ishlaridan bo‘yin tovlashgan. Shundan so‘ng ushbu shaxslarni taksi haydovchilari urib-do‘pposlab, suratga olgan telefon apparatlarini tortib olishgan hamda 85 Q 127 GA davlat raqamli «Spark» mashinasiga moddiy zarar yetkazgan.

Olib borilgan tezkor tadbir davomida ushbu shaxslarning barchasi tuman IIBga olib kelinib, shaxsiga aniqlik kiritilgan va holat yuzasidan batafsil tushuntirish xatlari olingan. Holat yuzasidan Xatirchi tuman IIB tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid