O‘zbekiston | 14:15 / 01.07.2021
48793
11 daqiqa o‘qiladi

Abdulaziz Komilov - AQSh harbiylari Afg‘onistonni tark etishi va “Tolibon” nimani xohlashi haqida

Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov amerikalik jurnalistga bergan intervyusida O‘zbekiston “Tolibon” bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatgan birinchi mamlakat ekani, buning uchun Toshkentni tanqid qilishgani, biroq shaxsan o‘zi “Tolibon”ni terrorchi tashkilot deb hisoblamasligini aytdi. U, shuningdek, Afg‘onistondagi urushning yechimi borasida O‘zbekistonning pozitsiyasi haqida aytib o‘tdi.

Videodan kadr

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov “This Is America TV” televizion loyihasining O‘zbekistonga kelgan muallifi Dennis Vuliga intervyu berdi.

Amerikalik jurnalist bilan suhbatning katta qismida Afg‘oniston muammosi haqida so‘z boradi. Kun.uz suhbatning ushbu qismini o‘zbek tiliga o‘girdi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Afg‘onistondagi qurolli muxolifat va rasmiy hukumat murosaga kelishi oson kechmaydi. Komilovning fikricha, xalqaro hamjamiyat ular kelishuvga erisha olishi uchun faqat rasmiy hukumatni qo‘llab-quvvatlamasdan, har ikkala tarafga ham yordamlashishi kerak.

— Sizlar Afg‘oniston bilan chegaradoshsizlar. Bu nihoyatda muhim mavzu. Keling, shu haqda gaplashaylik. AQSh 11 sentyabrgacha o‘z askarlarini olib chiqib ketmoqchi. Bu haqda o‘ylaganda nimani his qilyapsiz?

— Bizning mintaqa borasidagi nuqtayi nazarimiz farq qiladi. Bu haqda gapirishdan oldin shuni aytishni istardimki, birinchidan, Afg‘onistondagi muammoni harbiy yo‘l bilan yechib bo‘lmaydi. Ikkinchi muhim jihat, Afg‘oniston Markaziy Osiyoning uyg‘unlashgan bir bo‘lagi bo‘lishi kerak. Bu – yagona va yaxlit mintaqa.

Uchinchidan, Afg‘onistonda tinchlikka erishish masalasiga mintaqaviy va xalqaro miqyosdagi umumiy yondashuv zarur. Shuning uchun biz – u Dohada bo‘ladimi, Turkiyadami yoki boshqa joydami – muzokaralarning barcha formatlarini qo‘llab-quvvatlaymiz.

O‘zbekiston “Tolibon” vakillari bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatgan birinchi mamlakat bo‘ldi. Ochig‘ini aytganda, o‘sha vaqtda bu “Tolibon”ni tan olish deb hisoblab, bizni tanqid qilishdi. Vaholanki, bu [“Tolibon”] – real oppozitsiya.

Masala shundaki, Afg‘onistonda siyosiy tizim qanday bo‘ladi? Albatta, biz 90-yillarda yuzaga kelgan Afg‘oniston Islom Amirligini qabul qila olmaymiz. Shu bilan birga, biz bu muammo amaldagi hukumat va qurolli muxolifat – “Tolibon” va boshqalar o‘rtasidagi o‘zaro murosa orqali hal qilinishi kerak, deb hisoblaymiz.

Bu nimani anglatadi? Bu shuni anglatadiki, ayrim jiddiy islomiy qoidalar albatta bo‘lishi kerak. Bu islomiy davlat bo‘ladi, chunki aholining katta qismi – musulmonlar. Ayni paytda, biz oxirgi 9 yilda erishilgan demokratik yutuqlarni ham inkor qila olmaymiz. Masalan, amaldagi hokimiyat, saylovlar, qurolli kuchlar, xavfsizlik kuchlari, ayollar huquqlari, qizlar huquqlari, fuqarolik jamiyati va boshqalar. Shular bilan bir vaqtda, biz islomiy qadriyatlarni ham hurmat qilishimiz lozim.

— “Tolibon” nimani xohlayapti?

— “Tolibon” avvalo [AQSh askarlarining] chiqib ketishini xohlaydi.

— AQSh chiqib ketgach, ular kim bilan kurashadi? Dushman qolmaydi-ku.

— Dushman qolmaydi, lekin Afg‘onistondagi ziddiyat – bu fuqarolik urushi. Bu ziddiyat AQSh harbiylariga qarshi bo‘layotgan kurashdangina iborat emas. Bu ziddiyat fuqarolik urushidan boshlangan, jamiyatda bo‘linish ro‘y bergandi.

— Demak, AQSh chiqib ketsa, ular bir-biri bilan kurash olib boradimi?

— Ha. Qurolli muxolifat va hukumat murosaga kela olishi oson kechadi, degan illyuziyadan yiroqmiz. Biroq xalqaro hamjamiyat murosaga kelishlari uchun ikkala tarafga ham yordamlashishi zarur.

Biz Afg‘onistondagi vaziyat jiddiyligini inkor qila olmaymiz. Biz milliy yarashuv bo‘lishi kerak, degan fikrimizda qat'iymiz.

“This Is America TV” videosidan kadr

— Siz nafaqat “Tolibon”, balki boshqa dushmanlar ham borligini aytingiz. Bu “boshqalar” kimlar?

— Men ularni “dushmanlar” deb atashni istamagan bo‘lardim. Ularning barchasi – afg‘on jamiyatining qismlari.

— Ular ham qurolli muxolifatmi?

— Ular faqat qurolli muxolifatdangina iborat emas. Mazkur jarayonlarda faol qatnashmayotgan ko‘plab boshqa taraflar ham bor. Masalan, ayrim siyosiy partiyalar liderlari, an'anaviy yetakchilar, diniy yetakchilar, ba'zi regionlarning rahbarlari va hokazo.

Shu bois “Tolibon”dan tashqari ular ham tinchlikka erishish jarayonida ishtirok etishlari lozim.

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov viloyatga tashrif buyurgan “Tolibon” rahbari o‘rinbosari, harakatning siyosiy qanoti rahbari mulla Barodar Oxundga zarbof to‘n kiydirmoqda. / 9 avgust 2019 yil, Samarqand
Foto: “Tolibon” harakatining matbuot xizmati

— “Tolibon”ning xohishi qudratga erishishmi yoki tinchlikka erishish?

— “Tolibon”ga advokatlik qilmoqchi emasman, biroq sizga, Dennis, Afg‘oniston Islom Amirligining saytiga joylangan publikatsiyaga bir nazar tashlashni tavsiya qilaman. Bu maqolada toliblar qanaqa mamlakat xohlayotgani haqida so‘z borgan.

Juda qiziqarli maqola. Uni sizga yuboraman. Maqolada ular aytadi: “Biz tashqaridan aralashuvlar bo‘lmaydigan mustaqil va suveren mamlakat xohlaymiz. Hududimiz xorijlik qurolli kuchlar tomonidan okkupatsiya qilinishini xohlamaymiz. Biz ayollar, qizlar va boshqalarning huquqlarini ta'minlashni istaymiz. Ayollar ta'lim, tibbiyot va boshqa sohalarda ishlay olishlari kerak. Biz qo‘shni mamlakatlar bilan do‘stona aloqalar o‘rnatishni xohlaymiz...” Va hokazo.

Shu sababli ham, fikrimcha, hukumat va muxolifatning umumiy manfaatlari birlashadigan maydon bor. Ular afg‘on xalqi manfaati uchun mana shu maydonni kengaytirishlari, kelishuvga erishishlari kerak.

Bundan tashqari, “Agar afg‘on xalqi prezidentlik respublikasini tanlasa, biz bunga rozi bo‘lamiz”, deguvchi muxolifatchilar ham yo‘q emas.

— Mintaqa xalqlarida Afg‘oniston masalasida umid va optimizm bormi?

— Bilasizmi, Dennis, bizda biroz optimizm yo‘q emas, chunki vaziyat o‘zgargan. Masalan, 2 yil oldingi vaziyat qanday edi. Qanaqa ijobiy o‘zgarishlar ro‘y berdi: birinchidan, ikkala taraf ham [rasmiy afg‘on hukumati va “Tolibon”] to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar o‘rnatdi, bu – oxirgi 40 yil ichida birinchi marta. Ular o‘z kun tartibiga ega. Afg‘onistonga tinchlik va barqarorlik olib kelish bo‘yicha xalqaro hamjamiyatning ham faolligi oshgan. To‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni, kelishuvga erishishni “Tolibon” ham xohlayapti.

Bilasizmi, ba'zida odamlar: “Tolibon” harakati? Terroristik tashkilot!” deyishadi. Albatta, ehtimol ularning turli ekstremistik tashkilotlar bilan ba'zi aloqalari bo‘lgandir. Biroq siz menga “Tolibon” oxirgi 40 yil davomida Afg‘onistonning milliy chegaralaridan tashqarida terroristik hujumlar uyushtirganiga birorta ham misol keltira olmaysiz. Na Markaziy Osiyoda, na Yevropada va na boshqa joyda.

“Tolibon” lideri Mulla Barodar bilan Dohada uchrashganimda, bizning jurnalistlar undan so‘rashgandi: “Qo‘shni mamlakatlar bilan aloqalaringizni qanday qurmoqchisiz?” U O‘zbekiston haqida gapirib, shunday javob bergandi: “Biz Afg‘onistondagi hech bir tashkilotga O‘zbekistonga qarshi biror harakat qilishiga hech qachon yo‘l qo‘ymaymiz”.

Markazda – “Tolibon” harakatining Dohadagi siyosiy vakolatxonasi rahbari mulla Barodar Axund, uning ikki yonida O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev va tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov / 28 fevral 2020 yil, Doha, Qatar
Foto: O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

— Afg‘oniston mavzusidagi oxirgi savolim. Siz “Tolibon”ni terroristik tashkilot deb hisoblaysizmi yoki yo‘q?

— Mening shaxsiy fikrimmi?

— Ha.

— Unday deb o‘ylamayman. Agar shunday bo‘lganida, AQSh “Tolibon” bilan muzokara o‘tkazib, ular bilan shartnoma imzolarmidi? Axir AQShning prinsipi aniq: sizlar terroristlar bilan hech qachon to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokara o‘tkazmagansizlar va o‘tkazmaysizlar ham.

***

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil boshida AQShning sobiq ma'muriyati davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonga tashrif buyurgan, tashrif yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida Abdulaziz Komilov AQShning Afg‘onistondagi harakatlariga yuqori baho bergandi. “Barchasini to‘g‘ri qilmoqda”, degandi o‘zbek diplomatiyasi rahbari.

AQShning yangi prezidenti Jo Bayden ma'muriyati esa Afg‘onistondagi harbiylarni 2021 yil 11 sentyabrgacha olib chiqib ketishga qaror qilgan. O‘tgan hafta Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani Vashingtonga tashrif buyurganida ham Bayden bu fikridan qaytmasligini bildirgan.

Vashingtonning bu qaroriga rasmiy Toshkentning munosabati ma'lum emas. Yuqoridagi intervyuda Komilov shu haqdagi savolga: “Bizning mintaqa borasidagi nuqtayi nazarimiz farq qiladi”, deya javob bergan.

Ayni paytda Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi AQShda bo‘lib turibdi. 27 iyundan 4 iyulgacha davom etadigan tashrif davomida o‘zbek diplomatlari Amerikaning yangi hukumati bilan dastlabki yirik muzokaralarni olib bormoqda.

So‘nggi haftalarda esa Afg‘onistonda “Tolibon”ning faolligi oshgan; harakat mamlakat bo‘ylab o‘z nazoratidagi hududlar sonini ko‘paytira bormoqda. O‘zbekiston TIV yuzga yaqin afg‘onistonlik harbiy O‘zbekiston hududiga qochib o‘tgani, so‘ng ular ortiga qaytarilganini ma'lum qilgan.

Mavzuga oid