O‘zbekiston | 15:43 / 01.07.2021
10585
3 daqiqa o‘qiladi

Yil boshidan buyon YTHlarda 770 kishi halok bo‘ldi

O‘zbekistonda 2021 yilning besh oyida 2960ta YTH qayd etilgan, bu avariyalar oqibatida 2365 kishi jarohatlangan, 770 kishi vafot etgan.

Foto: IIV YHXBB axborot xizmati

30 iyun kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi hamda Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda IIV YHXB mutasaddilari, mas'ul vazirlik va idoralar vakillari ishtirokida avtotransport vositalarini boshqarishda yo‘llarda belgilangan tezlikka rioya etilishining radarlar, shuningdek, statsionar va ko‘chma maxsus texnika vositalaridan foydalangan holda nazorati bo‘yicha o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

IIV YHXB boshliq o‘rinbosari Erali Bozorov YPXning nopok xodimlari, kadrlar masalasi va radarlarning qanday ishlashi borasida ma'lumot berib o‘tdi.

«Bizning xodimlar orasida ham nopok xodimlar bor. Buni tan olamiz. Bu borada o‘zimiz ham ish olib boryapmiz. Xodimlarning ish faoliyatini nazorat qilish uchun bodikamera joriy qilingan. Qo‘ldagi planshetlar ham onlayn nazorat qilish bazasiga ulangan.

5 oy ichida 978ta holat aniqlab, intizomiy jazoga tortdik. Bundan tashqari, YPX xodimlarini to‘liq attestatsiyadan o‘tkazib, 200dan ortig‘ini lavozimidan ozod qildik. Lekin bu bilan yo‘l-transport hodisalarining oldi olinmayapti.

5 oy davomida 2960ta yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi. YTHlarda 770 nafar fuqaro halok bo‘ldi. Bu 770ta oila degani. Shuncha oila boquvchisiz qoldi degani. YTHlarning 31 foizi tezlikni oshirish natijasida kelib chiqqan.

Oldinlari YTHlarni yashirar edik, OAVga bermas edik. Buni tan olamiz. Lekin keyingi 4 yilda statistik ma'lumotlar, YTHlar, fotoradarlar haqida ma'lumot beryapmiz. Hech qaysini yashirganimiz yo‘q.

Bugungi kunda asosiy maqsadimiz inson omilini cheklash. Bugungi kunda 271ta fotoradar moslamamiz bor. Hammasi onlayn tarzda markazga bog‘langan. Inspektor fotoradarni qo‘riqlab turadi, xolos. Chunki shunday holatlar bo‘ldi. Fotoradar moslamasi qo‘yib ketilganidan so‘ng bezorilar tomonidan davlat mulkiga ziyon yetkazish holatlari kuzatildi. Shu sababli uning oldiga xodim qo‘yganmiz, u protokol qilmaydi», dedi Erali Bozorov.

Avvalroq XDP deputatlari tomonidan o‘rganish olib borilib, radarlarga tushayotgan yuz minglab yurtdoshlarimiz asossiz ravishda jarima to‘lab yurgan bo‘lishi mumkinligi haqida ma'lumot berilgan edi.

Mavzuga oid