O‘zbekiston | 20:30 / 03.07.2021
22180
3 daqiqa o‘qiladi

“OAV ishiga aralashib, u noto‘g‘ri, bu to‘g‘ri deyish davlatning ishi emas” - Tanzila Norboyeva

“Jurnalistlar faoliyatiga aralashishga, sizlarga ko‘rsatma, yo‘nalish berishga hech kimning haqqi yo‘q”, – dedi Senat raisi jurnalistlar bilan uchrashuvda. Tanzila Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, ommaviy axborot vositalari sohasiga doir yangi hujjat ustida ishlar boshlangan.

Bugun, 3 iyul kuni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva OAV vakillari bilan uchrashdi. Unda yuqori palataning ommaviy axborot vositalari bilan hamkorligi, parlamentning ochiqligi masalalari muhokama qilindi.

Jurnalistlarni 27 iyun kungi kasb bayrami bilan tabriklagan Senat raisi OAV faoliyatining erkinligi borasida ham to‘xtalib o‘tdi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

“Sizlar bilan hamkorligimiz kundan kunga yaxshilanib boryapti. Ayni paytda faoliyat yuritayotgan binomizga (Prezident Administratsiyasi — tahr.) hammangizni ham har doim taklif qila olmaymiz, koronavirus tufayli ham imkoniyatlarimiz cheklanib qoldi. Lekin Oliy Majlis Senati uchun alohida bino – Tashqi ishlar vazirligining sobiq binosi to‘la ta'mirlab berilayotganidan xabaringiz bor. Mustaqilligimizning 30 yillik bayramidan keyin nasib qilsa, ko‘chib o‘tamiz. Men bu bino bizga ajratilganidayoq OAV bilan uchrashuvlar uchun alohida zallar bo‘lishi zarurligiga e'tibor qaratdim. O‘ylaymanki, yangi binomizda yanada samarali ishlaymiz.

Men faoliyatimning boshidan Senatdagi ish jarayoni ochiqligiga e'tibor qaratganman. Yalpi majlislarimizda bemalol qatnashasizlar, nafaqat OAV vakillari, balki istagan kishi internet orqali kuzatib borishi mumkin.

OAV faoliyati haqida so‘z ketganda, hozir biz bir hujjat loyihasi ustida ish boshladik. Jurnalistlar faoliyatiga aralashishga, sizlarga ko‘rsatma, yo‘nalish berishga hech kimning haqqi yo‘q. Men har doim davlatning vazifasi birinchi navbatda shart-sharoit yaratib berish, qo‘llab-quvvatlash deyman. Lekin OAV ishiga aralashib, ularga bunaqa yoz, unaqa yoz, u noto‘g‘ri, bu to‘g‘ri deyish davlatning ishi emas. Chunki so‘z erkinligi, oshkoralik – hayotimizda tanlab olgan asosiy tamoyillarimizdan biri”, – dedi Senat raisi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda prezident Shavkat Mirziyoyev matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan soha xodimlariga yo‘llagan tabrigida jurnalistlarga to‘sqinlik uchun jazoni kuchaytirishni taklif qilgandi.

“Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga davlat organlari va tashkilotlarining mansabdor shaxslari tomonidan OAV ijodiy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, senzura o‘rnatish, ularning faoliyatiga noqonuniy aralashish, tahririyat xodimlariga bosim va tazyiq o‘tkazish, materiallar va zarur texnik vositalarni ulardan g‘ayriqonuniy ravishda olib qo‘yish harakatlari sodir etilgani uchun javobgarlikni nazarda tutadigan moddalarni kuchaytirish lozim”, – degandi davlat rahbari.

Mavzuga oid