Turkiyalik kinoijodkorlar Amir Temur haqida serial suratga olishmoqchi - prodyuserlar bilan suhbat
Sohibqiron Amir Temur hayoti to‘g‘risida turkiyalik kinoijodkorlar serial suratga olish niyatini bildirishdi. Ijodkorlar O‘zbekiston kinematografiya agentligida bu borada muzokara ham o‘tkazishdi.
Ma'lum qilinishicha, Turkiyaning «Altınkesıt» kinokompaniyasi buyuk sarkarda hayoti va faoliyati haqida ko‘p seriyali filmni suratga olishni rejalashtirgan. Ushbu serial «Muhtasham yuz yil» seriali darajasida, butun jahon ahli uchun mo‘ljallangan, keng qamrovli bo‘ladi.
Turkiyalik prodyuserlar Amir Temur yashagan joylarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish asnosida Samarqandda Kun.uz muxbirining bo‘lajak loyiha haqidagi savollariga javob berishdi.
Kino sohasida 30 yildan beri faoliyat ko‘rsatib kelayotgan, bir qancha filmlar, seriallar, hujjatli filmlarni tasvirga olgan «Altınkesıt» shirkati rahbari va prodyuseri Mustafo Gunesh «Serialda Amir Temur davri asos qilinadimi yoki Temuriylar davri ham qamrab olinadimi?» degan savolga javoban shunday dedi:
— Afandim Temurning o‘zi buyuk bir shaxsiyat bo‘lgani bois filmda undan oldingi undan keyingi degan davrlarga to‘xtalmaymiz. Temurning har bir bosgan qadami buyuk hajmdagi hikoyalardan iborat. Temurning ota-onasi, bolaligi, taxtga o‘tirgan davrini olmoqchimiz, bu bilan bog‘liq tayyorgarliklarimiz mavjud.
— Serialda «Muhtasham yuz yil» serialida o‘ynagan aktyorlar o‘ynaydi, deyilmoqda...
— Yo‘q. Albatta, u serialda o‘ynagan ismlarni jalb qilishimiz mumkin, ammo u komandani batamom serialda o‘ynatamiz, degan gap yo‘q. Ular boshqa shirkat, bizlar esa boshqa shirkatmiz.
— Serialda o‘zbek aktyorlari ham ishtirok etadimi?
— Albatta, bu filmda asosan o‘zbek aktyorlari o‘ynaydi, Turkiyadan ham jalb qilinadi. Masalan, Yildirim Boyazid davri bilan bog‘liq sahnalarda Turkiyadagi aktyorlar o‘ynaydi. Ammo, rollarga asosan, o‘zbek aktyorlari jalb qilinadi hamda bosh qahramon ham o‘zbek aktyorlari orasidan tanlanadi.
— Serial qayerlarda suratga olinadi?
— Ayni paytda bir qancha taklif va tavsiyalar mavjud. Turkiyada kino olish texnologiyasi juda ilg‘or. Shu tufayli Turkiyada olinsa, yana ham yaxshi bo‘ladi, degan fikrimiz bor. O‘zbekistonda serial olish jarayoni bo‘lmaydi, degan gap ham yo‘q. Albatta, O‘zbekistonda ham olinishi mumkin. Bu yerda film pavilonlari qurilsa, bu yerda ham olinishi mumkin. Serial qayerda suratga olinishi borasida oxirgi to‘xtamga kelganimiz yo‘q.
— Tarixiy serial olish ozmuncha mablag‘ talab qilmaydi. Tarixiy sahnalarni jonlantirishga ham katta pul kerak. Serialni moliyalashtirishni qanday rejalashtiryapsiz?
— Bu katta loyiha, buyuk shaxsiyat haqidagi ushbu loyiha bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilamiz. Moliyaviy xarajatlarning yarmini Turkiya, yarmini esa O‘zbekiston davlati yoki biror bir tadbirkor homiylik qiladimi, hozircha ma'lum emas. Ammo har ikki tomon ham qo‘lidan kelgan nima bo‘lsa amalga oshiradi.
Men bu fursatdan foydalanib, Turizm vazirligiga minnatdorchiligimni bildiraman. Bizga juda ko‘p e'tibor qaratishdi, salomat bo‘lsinlar. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi kinematografiya agentligi rahbariyatiga kattadan katta rahmatlarimni aytib qolaman, ular ham bizga juda yaxshi munosabatda bo‘lishdi. Xalq ham biz bilan juda samimiy munosabatda bo‘lishmoqda. Turli yozuvchilar bilan ko‘rishdik. Ular ham bizga xayrixohlar. Xalq bizlar bilan juda ham yaqin munosabatda bo‘lishyapti. O‘zimni haqiqatan ham Turkiyadagi kabi his qilyapman. Go‘yoki bugun oqshom bo‘lganda uyga ketadigandek his qilyapman. Bu tufayli bu yerdagi qardoshlarimizdan juda ham minnatdormiz. Alloh ulardan rozi bo‘lsin.
«Altınkesıt» kompaniyasi prodyuseri Mustafa Pekchay ham bo‘lajak serial borasidagi fikrlarini bildirib o‘tdi. Jumladan, bu serial tarixiy voqealar asosida bo‘lishi, uning asosida «Mendirman Jaloliddin» serialidagi kabi badiiy to‘qima hikoyalar bo‘lmasligiga urg‘u berdi.
— Bu serial tamoman tarixiy manbalar, tarixiy haqiqatlar asosida suratga olinadi. Foyda olish uchun uydirilgan hikoyalarga tayanib qilinmaydi. Dastavval tarixiy hodisalarning to‘g‘riligiga rioya qilib, keyin hikoya va roman shakliga o‘tib ketilmaydi. Chunki Amir Temurning hayoti shundoq ham kattagina tarixiy hikoya bo‘lgani bois uning hayotini ekranda butunlay aks ettirganimizda shundoq ham qo‘shimcha bir narsa qilishga hojat qolmaydi. Tarixiy haqiqatlar bilan butun dunyoga Amir Temurni tanitamiz.
— Ijodiy jamoa ayni paytda nima bilan mashg‘ul?
— Shu onda bu serial oddiy va kichik loyiha emas. Bir jahon imperatori haqida serial suratga olinadi. Shunga ko‘ra, ayni paytda bu ishning zaminini hozirlamoqdamiz. Bu film olinadigan joylar bilan bog‘liq: u Turkiyada olinadimi yoxud O‘zbekistonda, kabi masalalari ustida mulohazalar yuritilmoqda. Turkiyada tasvirga olsak, tayyor platolar bor, O‘zbekistonda olsak bizga bu yerda bir joy ko‘rsatilishi lozim va qaytadan bu yerda pavilonlar qurishimiz kerak bo‘ladi. Ayni bosqichda bu ishning poydevorini hozirlash bilan bandmiz. Aktyorlar masalasi, bosh qahramonlarni aniqlash ishlari ketmoqda. Bu ishda qanday yo‘l olishimiz bilan bog‘liq masalalar yuzasidan ham yuqori martabali kishilar bilan, ham bu ishning ustalari bilan, shuningdek, yozuvchilar, adabiyotchilar bilan uchrashuvlar olib bormoqdamiz. Ya'ni har guldan to‘g‘ri asalni to‘plagan asalarilar kabi to‘g‘ri ssenariy tayyorlashga urinmoqdamiz.
Bugun biz ertalabdan beri O‘zbekistonning muhim joylarida bo‘ldik. Samarqandda shaharning muhim joylarini, tarixiy shaxsiyatlarini ziyorat qildik, duolar qildik.
Suratga olinishi rejalashtirilgan serial uchun ham kashf faoliyatlarimizni amalga oshirmoqdamiz. Hozir esa Amir Temurning ona vatani Shahrisabzga qarab ketyapmiz. U yerda ham kashflarimizni davom ettiramiz. Umuman, oq ekranlarga bo‘lgan voqealarni, bo‘lishi kerak shaklda aks ettiramiz. Bilinganlarni va to‘g‘rilarni aks ettirish uchun mamlakatingizda shaharlaringizda o‘zimizni ham shuurlantirmoqdamiz.
Yashayotgan, jonli tarixni o‘zida mujassam qilgan shaharlaringizning har burchagini kezib, kashf qilishga urinmoqdamiz va bularni serialning ruhi sifatida jonlantirish uchun amalga oshirmoqdamiz. Ya'ni bizlar ham buni his qilishga urinmoqdamiz. Serial faqatgina shakldan iborat bo‘lib qolmasin, ruhi bo‘lsin. Bu ruhni ham O‘zbekistonlik bolalarga, ham o‘zbek xalqiga ham, Turkiyadagi bolalarga vatanimizdagi millatimizga, Yevropaga hamda dunyoga Amir Temurni haqiqiy ruhi bilan, qalbi bilan aks ettirish uchun, bu hisni o‘zimiz ham yashamoq uchun Temurning qadami tekkan joylarni odimma-odim kezmoqdamiz.
Tarixiy serialni suratga olishda tarixiy voqealarga asoslanadi. Bu haqda Istanbul universiteti doktori, tarixchi olima Zebiniso Kamolova o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
«Ilm-fan va san'at — keng jo‘g‘rofiyaga tarqalgan, ulkan madaniyat maydoniga ega bo‘lgan Turk dunyosini birlashtiruvchi eng muhim sohalardir. Kino san'ati orqali amalga oshirilgan hamkorliklar keng ko‘lamli munosabatlarga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi va hamjihatlikni mustahkamlaydi.
Turkiyaning rivojlangan kino san'ati va sanoati dunyoda o‘ziga xos o‘ringa egadir. Tarix va tamaddun beshigi bo‘lgan O‘zbekiston esa o‘zining muvaffaqiyatli o‘tmishi, buyuk ajdodlari bilan ekranlarga rang va bezak beruvchi syujyetlarga to‘ladir. Bu ikki jihatni birlashtirganimizda dunyo miqyosida eng muhtasham kino asarlar yaratiladi.
Turk dunyosida katta shov-shuvlarga sabab bo‘lgan «Mendirman Jaloliddin» tarixiy seriali Turkiya-O‘zbekiston hamkorligida yaratilgan muhim boshlang‘ich qadam bo‘ldi. Bunday hamkorlikda ilmiy va ommabop tasmalarni olish va ekran yuziga olib chiqishga arziydigan bir qancha mavzular mavjud.
Turkiston tarixida o‘z nomi bilan eng qudratli davlatga asos solgan, hamisha muzaffar va askariy daho bo‘lgan Amir Temur bugungi kungacha mintaqadagi davlatchilik tarixida, siyosiy-ijtimoiy va madaniy sohalarda katta ta'sirga ega. Ammo kino olamida unga nisbatan tarixda tutgan mavqeyiga munosib rag‘bat ko‘rsatilmagan. Amir Temur xarakterini ochib beruvchi ilmiy va adabiy meros, me'moriy yodgorliklar qanchalar ko‘p bo‘lishiga qaramasdan, uning shaxsiyati haligacha kino sohasida munosib talqin qilinmadi.
Bugungi O‘zbekiston Respublikasi Amir Temur qurgan davlatning markazi hisoblanadi. O‘zbek xalqining milliy o‘zligi ularning ajdodlari, xususan, Amir Temur shaxsi va merosi asosida shakllantirilmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. O‘zbekiston tarixida Amir Temur va uning davri o‘zbeklarning milliy madaniy g‘ururi hisoblanadi. Shunga asoslanib, Amir Temur haqida filmlar, seriallar olinishi kechiktirib bo‘lmaydigan muhim masaladir.
Amir Temur shaxsiyatini professional kino tasmasida ranglantirish O‘zbekiston davlati va xalqi uchun ahamiyatga molik ishdir. Bu esa milliy tuyg‘ularni mustahkamlash, tarixni o‘rganish va yosh nasllarning tarixga bo‘lgan qiziqishini orttirishga xizmat qiladi.
Turk kino sohasi vakillarining ushbu masalaga qo‘l urishi bir jihatdan Turkiya va O‘zbekiston orasidagi do‘stona rishtalarni bog‘lasa, boshqa bir jihatdan ikki tomonlama qardoshlik munosabatlarini mustahkamlash uchun ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi. Ayni paytda o‘zbek va turk aktyorlari bilan birgalikda film suratga olinishi esa ikki xalq o‘rtasidagi hayajonni va samimiyatni kuchaytiradi», – dedi Z.Kamolova.
«Altınkesıt» shirkati shunday maqsadlarni asos qilgan holda Amir Temur haqida «Sohibqiron» (hozircha taxminiy nom) serialini olishni rejalashtirib, muvaffaqiyatli natijalarni ko‘zlamoqda.
Shuhrat Shokirjonov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024