Jamiyat | 16:22 / 05.07.2021
31036
8 daqiqa o‘qiladi

Baxmalning olis qishlog‘ida ham qo‘lga tushmas o‘g‘rilar paydo bo‘lgani aytilmoqda

Baxmal tumani Udamali qishlog‘ida aholining chorvasi yo‘qolmoqda. Ayniqsa, so‘nggi oylarda bu kabi holatlarning ortgani va yo‘qolgan mollarning topilmayotgani aholini tashvishga solmoqda.

Kun.uz holatni o‘rganish maqsadida Jizzax viloyatining Baxmal tumani “G‘allakon” MFYda bo‘ldi.

Qishloq ahlining katta qismi chorvachilik bilan shug‘ullanadi. Hudud asosan qir-adirliklardan iborat bo‘lgani uchun aholining o‘z tomorqasini devor bilan o‘rab olishi odatga aylanmagan. Mol-hol ochiq hovlida, qirlarda bog‘lab qo‘yiladi.

Nargiza Suyunova bir necha oy avval tumandagi mol bozordan ikkita ho‘kizni 13 million so‘mga sotib olishganini aytmoqda. U o‘sha ho‘kizlarni ham hovlisidagi mollariga qo‘shib boqib kelgan. 26 may kuni kechga yaqin mollarini hovlisining etagiga bog‘lab qo‘ygan.

“Ertalab turib qarasak, ikki-uchta molimiz bo‘shalib o‘tlab yuribdi. Bitta ho‘kizimiz joyida yo‘q ekan. Bo‘shalib ketganmi, degan o‘yda qo‘ni-qo‘shnilarnikini so‘radik, mahallamizni to‘liq aylanib chiqdik. Topilmagach, mahalla profilaktika noziriga ma'lum qildik. Mana, shuncha kun o‘tdi hamki, topilgani yo‘q. Mol yo‘qolishi qishlog‘imizda birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q”, – deydi Suyunova.

Hududda ayniqsa, mol-holi yo‘qolishidan ko‘p aziyat chekayotganlar orasida Ahmadqul Suyunov ham bor.

Ahmadqul akaning ko‘zi yaxshi ko‘rmaydi, jismoniy imkoniyati ham cheklangan. Uning aytishicha, qo‘rasidan bir emas, bir necha martalab qo‘y-echkilari o‘g‘irlab ketilgan. O‘ttizdan ortiq tovuqlari ham kechasi katakdan olib ketilganini aytyapti. Bu holatdan zada bo‘lgach, kechasi qo‘ra boshida ayoli va voyaga yetmagan o‘g‘li qorovullik qilib chiqayotgan ekan.

“Nogiron va kambag‘al holimda molimga ko‘z tikadigan, xudodan qo‘rqmaydiganlar ham bor ekan”, – deydi Ahmadqul aka.

Ahmadqul akaning aytishicha, erta bahor ikkita, may oyida yana ikkita qo‘yini qo‘radan o‘g‘irlab ketishgan. Bu holat muttasil takrorlanavergach, oilaning, ayoli va bolalari tushkunlikka tushib qolganini aytmoqda. Qo‘li kaltaligi sababli bir necha yildan buyon uyini ham ta'mirlay olmayotganini bildirdi.

Donaboy Shayzoqov ham haqiqatda qishloqda so‘nggi ikki-uch yilda, ayniqsa yil boshidan buyon chorva mollarining o‘g‘irlanishi ko‘payganini aytib o‘tdi. U shu yilning 4 may kuni cho‘pondan qaytgach, qo‘ylarini qo‘yxonaga qamashgani, ertalab esa ikkita qo‘zisi yo‘qolganini bilib qolishgani haqida so‘zlab berdi.

Donaboy aka ham qo‘shnilarning hovlisi va mahalla hududini ko‘zdan kechirgan. “Qo‘ylar topilmagach, ichki ishlar bo‘limiga ariza yozib berdik. Lekin bir oydan ortiq vaqt o‘tyaptiki, biror yangilik bo‘lmadi. Bir marta IIB xodimlari kelib uyimizni ko‘zdan kechirib ketishdi”, – deydi Donaboy Shayzoqov.

Udamaliliklar so‘nggi oylarda bu kabi holatlardan zada bo‘lgani, ammo biror marta mol-qo‘yi topilmaganini ma'lum qilgach, vaziyat bo‘yicha hududning profilaktika inspektori, kapitan Mustafo Yoriyev bilan suhbatlashdik.

Kapitan Yoriyev mazkur mahallada ish boshlaganiga bir yil bo‘lgani va bu vaqt davomida o‘g‘irlik holati bo‘yicha uch marta unga murojaat qilinganini ma'lum qildi. 2020 yil oktyabr oyida mahallada bir fuqaroning 14 ta moli o‘g‘irlangani va 12 kun deganda o‘g‘rilar topilganini aytdi. Ayni vaqtda o‘sha o‘g‘rilar jazosini o‘tayotgan ekan.

“Joriy yilning 27 may kuni Tohir Suyunov (Nargiza Suyunovaning turmush o‘rtog‘i) menga telefon qilib, ho‘kizi yo‘qolganini aytdi. Tuman ichki ishlar bo‘limini vaziyat bo‘yicha xabardor qilganmiz. Hozirgi vaqtda Tohir Suyunovning ho‘kizi va Donaboy Shayzoqovning ikkita qo‘yi yo‘qolgani bo‘yicha surishtiruv ishlari olib borilmoqda. Tuman IIB tezkor qidiruv guruhi xodimlari ham yordam berishyapti, bu ishni ochamiz degan umiddaman”, – dedi Yoriyev.

Ammo bizga qo‘ramda bir emas, bir necha marta qo‘y-echkilarim o‘g‘irlandi, deya intervyu bergan Ahmadqul Suyunov chorvasi yo‘qolgani haqida Yoriyevga xabar bermagan ekan. “Mana, sizlarga aytibdi, endi borib uning vaziyati bilan ham qiziqamiz”, – dedi kapitan.

Harqalay, mazkur uch holatning ikkitasi IIBga ma'lum va hozircha o‘g‘rilar topilgani yo‘q. Umuman, tumanda o‘tgan vaqt davomida necha marta chorva o‘g‘irligi bilan bog‘liq holat qayd etilgani va nechtasi topilgani haqida Baxmal tuman IIB jinoyat qidiruv bo‘limi boshlig‘i bizga ma'lumot taqdim eta olmadi. Shu sababli biz tumanda o‘g‘irlikning bu turi va unga qarshi qay darajada kurashilayotgani haqidagi ma'lumotga ega bo‘lolmadik.

Darvoqe, Tohir Suyunovga Baxmal tuman IIBdan xat kelibdi. Unda yozilishicha, uchta mahalla hududi surishtirilgan. Suyunovning moli o‘zi bo‘shalib ketgani sababli jinoyat alomatlari yo‘qligi ma'lum qilingan. Hududda mollar bo‘shalib ketib, qayoqlardadir o‘tlab yurish holati ko‘p kuzatilishi aytilgan. (Demak, yo‘qolgan mol egasi chorvasining o‘zi qaytib kelishini kutib yashashga majbur).

Bunday olib qaraganda, IIB qonun doirasida javob bergan. Izlagan, topolmagan. Ammo “yo‘qolib qolish holati” birinchi marta kuzatilmayapti-da. Bir oyda uch marta.

Yodingizda bo‘lsa, 2020 yilning yanvarida “Mirishkorda “ko‘rinmas odam!” – Pomuq qishlog‘idan kelgan murojaat izidan” sarlavhali surishtiruvimiz e'lon qilingan. O‘sha holatda ham Pomuq qishlog‘ida muttasil o‘g‘irlik takrorlanavergach, aholining o‘zi tungi navbatchilik tashkil qilgandi. Qizig‘i, maqola chop etilganining ertasi kuni jinoyatchilar topilgandi.

Maqolani tayyorlash jarayonida ma'lum bo‘ldiki, profilaktika inspektori Yoriyev Ahmadqul akaning ham qo‘ylari yo‘qolgani bo‘yicha uyiga borib ariza olibdi. Ammo hozircha Udamalidan xushxabar yo‘q, yo‘qolgan mol-qo‘ylar topilmayapti. Tuman IIBdan Ahmadqul akaning qo‘ylari qo‘radan sakrab chiqib, qayerdadir o‘tlab yuribdi, degan javob kelmasligiga umid qilamiz. Shuningdek, Donaboy Shayzoqovning ham qo‘ylari molxonasidan yo‘qolgani aytilgandi.

Kun.uz vaziyatni kuzatishda davom etadi.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid