Konsullik ro‘yxatida turish, vatandoshlarimiz duch kelayotgan muammolar – Istanbuldagi bosh konsul bilan suhbat
UzbekLife O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi bosh konsuli Amirsaid Agzamxo‘jayev bilan intervyu tashkil etdi.
Suhbatimiz konsullik ro‘yxatida turish, vatandoshlarimiz duch kelayotgan muammolar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
- Bugun O‘zbekistondan o‘qishga, ishlashga yoki yashashga keladiganlarning ko‘pchiligi Istanbul shahriga to‘g‘ri keladi. Istanbuldagi vatandoshlarimizdan konsulxona qanchalik xabardor?
- Darhaqiqat, O‘zbekistondan Turkiyaga kelayotgan fuqarolarning aksariyati Istanbulda qoladi. Avvalo, hozirgi kunda O‘zbekistondan faqatgina Istanbulga aviaqatnovlar mavjud. Oxirgi 3-4 yilda ko‘ryapmizki, konsulxonaga murojaatlar ham ko‘paymoqda. 2018 yilda bir kunda konsulxonaga 150 nafar fuqaro murojaat qilgan bo‘lsa, hozirgi kunda ularning soni 500 nafarga yetgan.
Asosiy murojaatlardan biri Go‘ch idorasi (migratsiya idorasi) hujjatlarini tasdiqlash, shuningdek, fuqarolik pasporti yo‘qotilgani haqidagi murojaatlar ham ko‘payib bormoqda. Shu bilan birga, uzoq vaqt davomida Istanbulda bo‘lgani bois fuqarolik pasportining muddati o‘tganida sertifikat olish masalalarida ham murojaatlar ko‘p. Xususan, xorijga chiqish pasportini olish masalasi bo‘yicha ham murojaatlar soni ortgan.
- Shu kunlarda Istanbulda katta tekshiruv ketmoqda. Ya'ni yashash yoki ishlash ruxsatnomasi bo‘lmagan xorij fuqarolari aniqlanib, ular deport qilinyapti. Xo‘sh, mana shunday vaziyatga tushib, maxsus lagerga yuborilgan O‘zbekiston fuqarosini konsulxona aralashuvi bilan olib chiqish mumkinmi?
- Haqiqatan ham bugun Turkiyada tozalash operatsiyalari juda faol olib borilmoqda. Xorijiy fuqarolarning qo‘lga olinishi sababi ham hujjatlarning joyida emasligi. Turkiyaning 68-54 sonli qonuniga ko‘ra chet el fuqarosi politsiya tomonidan ushlanganda unga to‘ldirish uchun maxsus so‘rovnoma beriladi. Unda qonunbuzarlik qilingani haqidagi ma'lumotni konsulxonaga berish yoki bermaslik so‘raladi. Agar fuqaro o‘zi istagan holda holati haqida konsulxonaga xabar berilishini istasa, Turkiya tomon bizga uning ma'lumotlarini beradi. Agar fuqaro istamasa bizga u ma'lumot yetib kelmaydi. Demak, fuqaroning hujjati bo‘lmasa idora qarori bilan, agar biror jinoyatga aralashgan bo‘lsa, sud qarori bilan deport qilinadi. Qo‘lga olingan fuqaroning pasporti yo‘qolgan bo‘lsa yoki muddati tugagan bo‘lsa, albatta, konsulxona bilan aloqaga chiqishadi va biz tezkor shaklda ularga hujjat qilib berishga harakat qilamiz. Chunki biz ham fuqarolarimiz migratsiya markazlarida uzoq qolishini istamaymiz. Bu masalalar bo‘yicha yaqinda Istanbul migratsiya agentligi vakillari bilan uchrashdik. Fuqarolarimiz bo‘yicha barcha ma'lumotlarni oldik. Istanbul shahridagi Tuzla deportatsiya markaziga (hujjatsiz yoki biror jinoyatga aralashgani sabab qo‘lga olingan fuqarolarni ushlab turish va deportatsiya qilish markazi) diplomatlarimiz borib, holat bilan tanishdi.
- Go‘ch idorasi yoki turk politsiyasi tomonidan olib ketilgan o‘zbekistonliklar yoki shu yerda ishlayotgan vatandoshlarimizni migratsiya bo‘limlaridan olib chiqishda ishtirok etilgan jarayonlar ham bormi?
- Qo‘lga olingan vaziyatda bizga xabar yetib kelsa, konsulxona ham bu jarayonga kirishadi. Ba'zi holatlarda advokatlarimiz orqali jarayonlarga aralashishga harakat qilamiz. Masalan, o‘tgan yil dekabr oyida bir hamyurtimizni politsiya turli tashkilotlarga aloqador bo‘lgani uchun qo‘lga olgan edi. Bosh konsulxona bevosita o‘sha jarayonga kirishib, fuqaromizni olib chiqishga erishdik. Bir oy oldin ikki ayol kishi hujjatlari bo‘lishiga qaramasdan Chanaqqal'ada qo‘lga olindi. Konsulxona aralashuvi bilan ularni ham qo‘yib yuborishdi va hozir mehnat faoliyatini olib borishmoqda. Ya'ni agar fuqaromiz Turkiyada qo‘lga olinganda kerak bo‘lgan hujjatlari bo‘lsa, konsulxona ularga tezkor yordam berish imkoni bor. Lekin hujjatsiz qo‘lga olingan fuqarolarimizga yordam berish biroz qiyin bo‘ladi. Lekin shunga qaramay, ba'zi holatlarda migratsiya agentligiga murojaat qilib 10 kun ichida mamlakatdan chiqib ketishi to‘g‘risida ma'lumotnoma olib bergan holatlarimiz ham bo‘lgan. Ya'ni fuqaro migratsiya markazidan qo‘yib yuboriladi va fuqaromiz belgilangan muddatda Turkiyani tark etadi.
- Konsullik ro‘yxatida turish degan jarayonga ko‘zimiz tushdi. Ko‘pchilik ijtimoiy tarmoqlarda avval ro‘yxatga oladi, keyin biror muammo bo‘lsa, o‘sha muammoda sen ham aybdor bo‘lasan, degan fikrlarga ham duch keldik. O‘zi aslida konsullik ro‘yxatida turish nima? U bizga nima beradi?
- Konsullik ro‘yxatiga O‘zbekistondan 6 oydan ko‘p bo‘lgan vaqtga chiqib ketgan fuqarolar qabul qilinadi.
Ro‘yxatda turgan fuqaro Turkiyada pasportini yo‘qotgan taqdirda konsulxona tomonidan yangi pasport olish imkoniyati bor. Xuddi shunday boshqa hujjatlar masalasida ham imkoniyatlar kengroq.
- Elchixonalarda ham va konsulliklarda ham xorijga chiqish pasportini berish jarayonlari ketmoqda. Bu jarayon Istanbuldagi konsulxonada qanday amalga oshirilmoqda?
- Albatta, konsulxonada ham ushbu harakat faol ketmoqda. Bugungi kungacha 200 ga yaqin murojaatni ishlab chiqdik. 150 nafarga yaqin fuqaromizga bu yil hisobidan pasport berildi.
- Deylik, men talaba emasman, rasman ishlamayman, lekin bu yerda yashash uchun vaqtinchalik ruxsatnomam bor. Bu yerga kelib, xorijga chiqish pasportini olishim mumkinmi?
- Yashash ruxsatnomangizni olayotganda nima sabab ko‘rsatgansiz?
- Deylik, sayyoh!
- Sayyoh bo‘lsangiz konsullik ro‘yxatiga olinmaysiz. Chunki turizm bo‘yicha yashash konsullik ro‘yxatiga olishga asos emas. Turizm asosida yashayotgan bo‘lsangiz, xorijga chiqish pasportini ololmaysiz.
- Konsullik va tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan hamkorlikda Turkiyada qiyin ahvolga tushgan vatandoshlarimizni O‘zbekistonga qaytarish ishlari amalga oshirildi. Ularni ortga qaytarish ishlari qaysi kategoriyalar va qaysi mablag‘lar asosida amalga oshirilyapti?
- Chindan ham may oyida 10 dan ortiq fuqaroning O‘zbekistonga qaytishiga yordam berdik. Mablag‘ga keladigan bo‘lsak, ba'zilarini vazirliklar bilan, tashkilotlar bilan, jamoatchilik bilan jo‘natgan kunlarimiz ham bo‘ldi.
- Xorijiy davlatda O‘zbekiston fuqarosi biror muammoga uchrab qolsa, elchixonaga yoki konsulxonaga kelishdan bosh tortadi. Ya'ni bir qo‘rquv bor, bir to‘siq borga o‘xshaydi. Bu to‘siq nimadan paydo bo‘lgan deb o‘ylaysiz?
- Bu qo‘rquv xorijga chiqmasdan oldin bu jarayonga hozir bo‘lmaganidan paydo bo‘ladi. Bunaqa holatga tushganda birinchi boradigan joy konsulxona bo‘lishi kerak. Balki uning muammosi bir kunda hal etilmas, kerakli vazirliklar bilan birgalikda uning muammosini hal etamiz. Fuqarolarimiz ish ham so‘rab keldi, faollarimiz tomonidan ularga ish ham topib berdik.
- Xorijdagi vatandoshlarimizni juda ko‘p qiziqtirgan masalalardan biri yaqinda qabul qilingan O‘zbekiston hukumatining tegishli qarori bo‘ldi. Ya'ni xorijda qiyin vaziyatga tushib qolgan fuqarolarimizga qarz berib turish masalasi...
- Bu jarayon Vazirlar Mahkamasining 201-sonli qarori bilan belgilangan. Konsulxonaga qaror bo‘yicha murojaatlar bo‘ldi. Lekin bu qarorga bog‘liq bir nizom bor. Ana shu nizom doirasida bizning birinchi qiladigan ishimiz yaqin qarindoshlari bilan bog‘lanishimiz kerak. Shunday hollarda aksariyat fuqarolarimiz o‘z murojaatidan voz kechgan holatlar kuzatildi.
To‘liq videoni UzbekLife’ning YouTube’dagi kanalida tomosha qiling.
UzbekLife’ning Turkiyadagi muxbiri
Isfandiyor Burgutboyev suhbatlashdi.
Mavzuga oid
16:43 / 06.11.2024
Erdo‘g‘an turkiyzabon davlatlarni umumiy alifboga o‘tishga chaqirdi
18:09 / 05.11.2024
Turkiya Qirg‘izistonning tashqi qarzidan kechdi
09:50 / 04.11.2024
Turkiya TIV rahbari: Ukraina yaxlitligi tinchlikning shartidir
10:30 / 02.11.2024