Jahon | 15:10 / 06.07.2021
40039
8 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston va Markaziy Osiyo. AQSh harbiylari chiqib ketishi ortidan yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar

Afg‘onistonda siyosiy vaziyat beqarorlashishi nafaqat mamlakat ichkarisida, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlikka yangi tahdidlar va jiddiy iqtisodiy oqibatlarni yuzaga keltiradi.

Foto: Musadeq Sadeq / AP

Ayni paytda Afg‘onistonda manfaatdor va siyosiy guruhlar o‘rtasidagi hokimiyat uchun kurash kuchaymoqda. Toliblarning harbiy jihatdan ustunligi, AQSh tomonidan ta'minlangan kuch muvozanatini o‘zgartirish uchun aniq imkoniyatlarga egaligi ko‘rinib qoldi. Bu siyosiy vaziyatning beqarorlashishi va harbiy tahdidlar oshishiga sabab bo‘lmoqda.

AQSh qo‘shinlarining rasmiy ravishda chiqib ketishi Markaziy Osiyo va afg‘on xalqlari uchun bir qancha salbiy oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin.

AQSh harbiylarining mamlakatda mavjudligi afg‘on xalqi uchun nega muhim edi?

Birinchidan, Qo‘shma Shtatlarning Afg‘onistondagi 20 yillik faoliyati davomida ta'lim tizimiga katta miqdorda investitsiya kiritildi. Natijada aholining ma'lum qismiga sifatli ta'lim olish imkoniyati yaratildi. Aynan shunday muqobil yo‘llar orqali jangarilar saflarini yangi a'zolar bilan to‘ldirishni cheklashi mumkin edi. Shu paytgacha bu loyihalarning katta qismi Qo‘shma Shtatlar moliyaviy imkoniyatlari asosida amalga oshirildi.

Ikkinchidan, Amerika umumiy hisobda Afg‘onistonni qayta qurish va mamlakatdagi tinchlikni ta'minlashga oid dasturlarning o‘ziga 143 milliard dollar sarmoya kiritdi. Ajratilgan mablag‘lar infratuzilmani yaxshilash, Afg‘oniston hukumati, afg‘on armiyasi, ichki ishlar vazirligi va davlat milliy xavfsizlik xizmatlarini moliyalashtirish uchun ishlatildi. Harbiy harakatlar juda katta iqtisodiy xarajatlarni talab qilishini hisobga olsak, ayni paytgacha rasmiy afg‘on hukumatining tiklanishi va barqaror holatda saqlanishini aynan Qo‘shma Shtatlar moliyaviy ko‘magi ta'minlab turgandi.

Uchinchidan, bir qator donorlar va Jahon banki kabi yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan so‘nggi 20 yil davomida Afg‘onistonga katta miqdordagi mablag‘lar ajratildi. Tashqi investitsiyalar Afg‘oniston YaIMga sezilarli ta'sir ko‘rsatdi va bu ko‘rsatkich bir necha barobar ortdi.

AQShning mamlakatda mavjudligi ham samarali boshqaruv, sog‘lom siyosiy muhit va barqaror xavfsizlikni ta'minlay olmagan bo‘lsa-da, ko‘plab mamlakatlar va xalqaro tashkilotlar aynan AQSh mavjudligi tufayli Afg‘onistonga sarmoya kiritdi. Ularning rasmiy afg‘on hukumatiga nisbatan ishonchi juda ham past. Qo‘shma Shtatlarning chiqib ketishi bilan boshqa donor mamlakatlar va moliyaviy xalqaro tashkilotlarning ham iqtisodiy ko‘magi o‘z-o‘zidan keskin darajada kamayadi.

To‘rtinchidan, so‘nggi bir yil ichida shakllangan fuqarolik jamiyati faollari va ziyolilarning mamlakatni tark etishga bo‘lgan intilishi kuchaydi. Bunga yuzaga kelgan siyosiy beqarorlikning kundan kunga ortishi sabab bo‘lmoqda. Mamlakatdagi ta'lim ko‘rgan qatlamning chiqib ketishi esa tinchlik jarayonlari tiklanishini yanada qiyinlashtiradi. Shuningdek, afg‘on qishloqlaridagi mahalliy aholi kichik harbiy guruhlarga birikib, «Tolibon»ga qarshi jang qilishni boshladi. Mahalliy aholining Kobuldagi hukumat kuchlariga nisbatan ishonchi kundan kunga yo‘qolib bormoqda.

Markaziy Osiyo davlatlariga ta'siri

Birinchidan, Markaziy Osiyo mamlakatlarining har biri uchun savdo va energetika infratuzilmasini rivojlantirish bilan bog‘liq omillar kelajakdagi taraqqiyot uchun asos hisoblanadi. Afg‘onistonda Markaziy hukumatning zaiflashishi va radikal guruhlar vakillarining hokimiyat tepasiga ko‘tarilishi yangi muammolarni yuzaga keltiradi. Xususan, Turkmaniston uchun Xitoy va Janubiy Osiyo mamlakatlari asosiy savdo sheriklari hisoblanadi. Uning Afg‘oniston hududidan o‘tadigan muhim infratuzilma obektlari xavf ostida yoki qo‘shimcha ravishda kuchli himoyaga muhtoj bo‘lib qoladi.

Shuningdek, O‘zbekiston hukumati tomonida «Asr loyihasi» sifatida talqin qilingan, Markaziy Osiyo mamlakatlari Afg‘oniston va Pokiston orqali dengiz portlariga eng qisqa vaqt ichida chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilayotgan «Mozori Sharif – Kobul – Peshovar» temir yo‘lining xavfsizligi ham katta so‘roq ostida qoladi.

Ikkinchidan, Afg‘oniston shimolidagi 8ta viloyat Markaziy Osiyo davlatlari – Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaradosh. Turli manbalarga ko‘ra, AQSh qo‘shinlari Afg‘onistonga kirgandan beri faqatgina harbiy kampaniyaning o‘ziga, rekonstruksiya dasturlarini hisobga olmaganda, 750 milliarddan 1 trillion dollargacha mablag‘ sarflagan. Ushbu kuchlar, shubhasiz, bir qator ekstremistik guruhlarning kuchayishiga to‘sqinlik qilib keldi. O‘z navbatida, mintaqa mamlakatlari ushbu davr mobaynida harbiy sohaga ajratadigan mablag‘larni sezilarli darajada kamaytirgan. AQShning chiqib ketishi esa qo‘shni mamlakatlarda mudofaa xarajatlari ham oshishiga olib keladi.

Afg‘onistondagi ichki mojaroning chuqurlashishi mamlakatning shimoliy chegaralari ustidan nazoratni susaytirishi taxmin qilingandi va bu o‘z isbotini topmoqda. Tojikiston chegarachilari «Tolibon» harakati bilan janglardan so‘ng chekinishga majbur bo‘lgan 1500ga yaqin  afg‘on harbiy xizmatchilarini respublika hududiga kiritganini ma'lum qildi. O‘zbekiston TIVning 28 iyundagi bayonotiga ko‘ra, 23 iyunda 53 nafar, 26 iyun kuni 3 nafar, 27 iyun kuni esa 44 nafar Afg‘oniston chegara qo‘shinlari va mahalliy qurolli guruh vakillari Sho‘rtepa tumani hududida O‘zbekistonning davlat chegarasini buzib o‘tgan.

Uchinchidan, «Tolibon» mavqeyining mustahkamlanishi va ichki siyosiy inqirozning kuchayishi, shubhasiz, xorijiy investorlar va biznes vakillariga Markaziy Osiyo davlatlariga investitsiya kiritishdan o‘zlarini tiyishga majbur qiladi.

To‘rtinchidan, Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining integratsiya jarayonini mustahkamlash va o‘zaro iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlab o‘tkazilgan uchrashuvlarida Afg‘oniston ham mintaqaning bir qismi sifatida ko‘rila boshlagandi. Xususan, 2020 yilda O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi tashqi savdo aylanmasi 777 mln dollarni tashkil etib, shundan 774,6 mln dollar eksport ulushiga, 2,3 mln dollar esa import hissasiga to‘g‘ri kelgan. Yoki Qozog‘iston uchun Afg‘oniston qishloq xo‘jaligi va neft mahsulotlarining asosiy importchisiga aylangandi. 2019 yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 401 million dollardan oshgan. Ayni paytdagi vaziyat esa savdo-iqtisodiy aloqalarning yomonlashishiga ham sabab bo‘ladi.

Bundan tashqari, dengizga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqish imkoniga ega bo‘lmagan mintaqa davlatlari uchun Markaziy va Janubiy Osiyoni bog‘laydigan savdo yo‘llarini tashkil qilish va Pokiston, Hindiston va Yaqin Sharq bozorlariga to‘g‘ridan to‘g‘ri kirishni amalga oshirish uchun Afg‘oniston hududi o‘ziga xos koridor vazifasini o‘tashi kerak.

Xulosa

AQSh qo‘shinlarining olib chiqilishi nafaqat Afg‘onistonda, balki Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlikka yangi tahdidlar va jiddiy iqtisodiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Ayni vaqtda toliblar mamlakatning 370 tumanidan 100dan ortig‘ini nazorat qilayotgani aytilmoqda. Ba'zi tahlilchilarning ta'kidlashicha, Afg‘oniston hukumati bunday vaziyatda 6 oy ichida ag‘darilishi mumkin.

Rossiya va Xitoy esa Amerika harbiylari yoki razvedka zobitlarining Afg‘oniston bilan chegaradosh davlatlar hududida qolishiga rozi bo‘lmaydi. Balki o‘zlarining geosiyosiy yoki geoiqtisodiy manfaatlari yo‘lida AQSh tomonidan qoldirilgan vakuumni to‘ldirishga intilayotgan tashqi o‘yinchilarga aylanishi mumkin.

Doston Ahrorov

Mavzuga oid