Jahon | 12:17 / 06.07.2021
14298
5 daqiqa o‘qiladi

“Kunchiqar yurt” vizasi turlari, muddatlari, uni olish tartibi va zaruriy hujjatlar

UzbekLife jamoasi jahon mamlakatlari vizalari haqidagi maqolalar turkumini davom ettiradi. Mazkur maqolada “Kunchiqar yurt” hisoblanmish – Yaponiya vizasi turlari, muddatlari, uni olish tartibi va zaruriy hujjatlar haqida ma'lumotlar taqdim etiladi.

Yaponiyani hozirgi kunda Osiyodagi ham iqtisodiy, ham ilm-fan rivojlangan mamlakatlardan biri desak xato bo‘lmaydi. BMT taqdim etgan ma'lumotlarga ko‘ra, 2020-2021 yillarda iqtisodi rivojlangan mamlakatlar reytingida, yalpi ichki mahsulotiga ko‘ra, Yaponiya (AQSh va Xitoydan so‘ng) 3 o‘rinni egallagan. Bundan tashqari, yapon xalqining o‘ziga xos yuqori darajadagi tartibliligi va mehnatsevarligi texnologiyalar va ishlab chiqarish sohasida katta yutuqlarga erishishiga sabab bo‘ldi.

Yaponiya vizasini olish uchun da'vogar u yashayotgan yoki unga eng yaqin davlatdagi yapon elchixonasi yoki konsulligiga ariza bilan murojaat qilishi lozim. Ba'zi hollarda, sizda yapon elchixonasi yoki konsulligida rasman akkreditatsiyadan o‘tgan turistik agentlar orqali ham viza uchun ariza topshirish imkoniyati mavjud.

Ariza topshirish uchun zaruriy hujjatlar ro‘yxati sayohat maqsadi, muddati hamda arizachi fuqaroligiga qarab o‘zgarishi mumkin.

Viza olish uchun hujjatlar elchixonaga taqdim qilinganidan so‘ng 5 kun ichida javob beriladi. Albatta, bu muddat nisbiy bo‘lib, taqdim etilgan hujjatlar to‘liqligi va arizachining tashrif maqsadlariga bog‘liq. Agarda topshirilgan hujjatlar va tashrif maqsadiga oid muammolar bo‘lsa, elchixona hujjatlarni Yaponiya Tashqi ishlari vazirligiga taqdim etadi hamda hujjatlarni o‘rganish jarayoni bir oydan ko‘proq davom etishi mumkin. Shu boisdan viza olish uchun siz rejalashtirayotgan sayohat kunidan kamida 30-35 kun oldinroq elchixonaga hujjatlarni taqdim etishingizni maslahat beramiz.

Viza turlari

Yapon vizasi bir martalik va ko‘p martalik kirish imkoniyatini beruvchi vizalarga bo‘linadi. Bir martalik yapon vizasining yaroqlilik muddati u berilgan kundan e'tiboran 3 oy bo‘lib, Yaponiyada 15-30 kungacha bo‘lishga ruxsat beradi. Afsuski, mazkur viza muddatini uzaytirish imkoni mavjud emas. Shu sababdan, vizaning muddati tugashidan avvalroq Mintaqaviy immigratsiya byurosiga murojaat qilinishi maqsadga muvofiq sanaladi.

Ko‘p martalik vizalar asosan tadbirkorlarga beriladi. Ularning amal qilish muddati 1 yildan 5 yilgacha bo‘lib, mazkur vaqt ichida Yaponiyaga istalgancha kirish huquqini beradi.

Yodda tutingki, yapon mahalliy qonunlariga ko‘ra, xorijlik fuqarolar o‘zlari bilan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar olib yurishlari shart!

Viza uchun yig‘imlar mavjud bo‘lib, bir martalik kirish vizasi uchun 3000 iyena, ko‘p martalik viza uchun 6000 iyena to‘lanadi. Darvoqe, agarda fuqaro Yaponiya orqali uchinchi mamlakatga uchayotgan bo‘lsa, tranzit vizasini olishi lozim. Bundan tashqari tranzit vizasi olgan shaxslar Tokio va uning atrofida 72 soatgacha qolish imkonini beradi. Tranzit vizasi uchun elchixona yig‘imi 700 iyenaga teng (taxminan 67000 so‘m). Unutmang! Mazkur yig‘imlar sayohat maqsadi hamda arizachining qaysi mamlakat fuqaroligiga qarab o‘zgarishi yoki umuman to‘lanmasligi mumkin.

Yapon vizasi quyidagi talablarga muvofiq keluvchi shaxslarga taqdim etiladi:

-        Arizachi amaldagi xorijga chiqish pasporti bo‘lishi va o‘z davlatiga qaytib kirishi uchun taqiq qo‘yilmagan bo‘lishi;

-        Taqdim etilgan hujjatlardagi ma'lumotlar to‘liqligi;

-        Viza egasi qochoqlik maqomida bo‘lmasligi zarur.

Yapon vizasi uchun zaruriy hujjatlar:

- viza uchun anketa 2 nusxada Yaponiya elchixonasida beriladi;

- 2 dona 4,5x4,5 hajmdagi biometrik fotosurat (yaqinda tushilgan, surat oq fonda, shaxsning yuzi fotosuratning 80 foizidan kam bo‘lmasligi zarur);

- shaxsning moliyaviy holati to‘g‘risida bank ma'lumotnomasi;

- ish joyidan ma'lumotnoma (shaxs lavozimi hamda uning yillik daromadi ko‘rsatilishi zarur);

- xorijga chiqish pasporti;

- borish-kelish elektron chiptalari nusxasi;

- STIR (agarda sayohat turistik firma orqali amalga oshirilayotgan bo‘lsa);       

Mazkur hujjatlar Yaponiyaning Toshkentdagi elchixonasiga arizachi tomonidan shaxsan taqdim etiladi.

E'tibor bering! agarda yapon vizasi uchun taqdim etgan arizangizga rad javobi berilsa, viza uchun to‘lov olinmaydi.     

Yaponiyaga tashrif buyurish uchun tibbiy sug‘urta olish majburiy emas. Biroq, Yaponiyada shifokor, tibbiy yordam va boshqa xizmatlarni narxi yuqoriligini hisobga olgan holda, ko‘ngilsiz holatlar oldini olish uchun sug‘urta qilishingizni tavsiya etamiz.

Asliddin Annayev

UzbekLife kolumnisti

Mavzuga oid