Jahon | 21:53 / 08.07.2021
42945
8 daqiqa o‘qiladi

Haiti – prezidenti o‘ldirilgan mamlakat. Jovenel Moizni nega otishdi?

7 iyulga o‘tar kechasi noma'lum shaxslar Haiti prezidenti Jovenel Moizning qattiq qo‘riqlanadigan qarorgohiga bostirib kirib, davlat rahbarini otib tashlashdi va uning rafiqasini og‘ir jarohatlashdi. Haiti hukumati qotillik ortida xorijlik yollanma kuchlar turganini aytmoqda, hozirda ularni qidirish ishlari davom etmoqda.

Foto: Reuters

Voqea joyida olingan videoda ko‘rish mumkinki, chorshanbaga o‘tar kechasi qarorgohda haqiqiy jang kechgan. Uy devorlari o‘qlardan ilma-teshik bo‘lib ketgan.

Qotillikdan bir necha soat vaqt o‘tib qarorgohda hujumda ishtirok etganlarning to‘rt nafari xavfsizlik kuchlari bilan otishma vaqtida o‘ldirildi, yana ikki kishi qo‘lga olindi. Politsiya hujumga aloqador bo‘lgan yana bir necha kishi poytaxt Port-o-Prensda yashiringanini taxmin qilmoqda.

Jinoyatchilar haqida faqat ular professionallar kabi harakatlangani, yaxshi qurollangani, bir-biri bilan ingliz va ispan tillarida gaplashgani (Haiti - fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat) va xorijliklar kabi ko‘rinishda bo‘lgani aytilgan. Hukumat ularni yollanma jangchilar deb atamoqda.

Qotillikni buyurtma qilganlar va ularning motivlari haqida hozircha batafsil ma'lumotlar yo‘q. Ammo ro‘y bergan voqeat u qadar ajablanarli holat bo‘lmadi.

Sky News telekanali jurnalisti Styuart Ramsey haitilik tanishlari bilan bu borada suhbatlashgan. Ular bir ovozdan barchasi shunga qarab kelgani va eng asosiy voqealar hali oldinda ekani haqida gapirishgan.

«Bu bo‘rondan oldingi sukunat», degan ulardan biri mamlakatdagi vaziyat haqida.

Huquqiy bahslar va ikki prezident
«Bular oddiy banditlar bo‘lishi ham mumkin edi, ammo odatda ularning ishi bunday yaxshi tashkillashtirilmaydi. Bular siyosatchilar bo‘lishi ham mumkin, lekin buni aniq aytib bo‘lmaydi», degan Ramseyning boshqa bir suhbatdoshi.

Haiti uchun davlat to‘ntarishlari - odatiy holat, ammo bunday hollarda fitnachilar tezda teleekranlarda ko‘rinish berib, bayonot bilan chiqishadi. Bu safar esa bunday bo‘lmadi.

Hujum qiluvchilar qarorgoh hududiga qanday qilib kirib olishgani hozirgacha noma'lum

Shu yilning fevral oyida ham davlat to‘ntarishiga urinish ro‘y bergani xabar qilingandi. O‘shanda 23 kishi, shu jumladan, Haiti oliy sudi raisi va yuqori martabali politsiya boshlig‘i hibs qilingandi. Ular bu isyon bo‘lmagani, balki konstitutsion tartib o‘rnatishga qaratilgan harakat ekanini bildirishgan — ularning fikricha, Moizning vakolat muddati 2021 yil 7 fevralida yakuniga yetishi kerak edi.

Muxolifat Moizning besh yillik prezidentlik muddati tugagan deb da'vo qiladi va muddatni 2016 yil 7 fevraldan — Moiz mamlakatni prezident vazifasini bajaruvchi sifatida boshqarishni boshlaganidan hisoblaydi. Moizning o‘zi ushbu muddatni u rasmiy ravishda qasamyod qabul qilgan kun — 2017 yil 7 fevraldan deb hisoblab kelardi. 

Shu tufayli prezident lavozimini faqat bir yildan keyin — 2022 yilning 7 fevralida tark etishini aytib keladi. Muxolifatchilar uni diktatura o‘rnatishga urinishda ayblashgan.

Muxolifat Oliy sudning iste'fodagi a'zosi Jozef Jan-Luini vaqtincha prezident, Moizning keyingi davrdagi boshqaruvini konstitutsiyaga zid deb e'lon qiladi.

Qashshoqlik, korrupsiya va tartibsizliklar
So‘nggi vaqtlarda iqtisodiy qiyinchiliklar, korrupsiya va jinoyatchilik ko‘lami ortishi tufayli Moizning reytingi keskin pasayadi. U prezidentlikka saylangan 2017 yilgi saylovlarda ham davomat juda past bo‘lgan.

2018 yilda Haitida korrupsiya mojarosi boshlangan, natijada Moizga impichment uyushtirilib, uning iste'fosi talab qilingan namoyishlari bo‘lib o‘tgan va 2019 yilga belgilangan parlament saylovlari to‘xtatilgan.

Mamlakat deyarli parlamensiz qoladi, prezident mamlakatni o‘z dekretlari bilan boshqara boshlaydi.

Moizga avval ham suiqasd qilingan. 2018 yil oktyabrida unga qarata o‘t ochishgan, uning o‘zi tirik qolib, uch qo‘riqchisi halok bo‘lgan.

Shu yilning fevral va mart oylarida Haitida Moizning konstitutsiyaga tuzatishlar kiritish bo‘yicha takliflariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tgan. U bosh vazirlik lavozimi va parlamentning yuqori palatasini tugatishni, shuningdek, prezidentning vakolat muddatini to‘rt yildan besh yilga uzaytirib, ketma-ket ikki bor saylanishga ruxsat berishni taklif qilgandi (hozirda ikki muddatga ruxsat bor, ammo o‘rtada tanaffus bo‘lishi kerak). Pandemiya sababli konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha referendum o‘tkazilmay qoldi.

Namoyishchilar ko‘chalarda avtomobillar g‘ildiraklarini yoqib, barrikadalar o‘rnatishgan, politsiya ularga qarshi rezina o‘qlar qo‘llagandi.

Hujum qilganlar uch politsiyachini garovga olishgan, ammo Port-o-Prensedagi amaliyot chog‘ida ular ozod qilindi

Haitining 10,6 millionlik aholisidan 60 foizi kuniga ikki dollardan kamroqqa kun kechirmoqda. Mamlakatda ko‘p yillardan buyon siyosiy beqarorlik hukm suradi. 1986 yilda diktator Jan-Klod Dyuval rejimi ag‘darilganidan beri mamlakatda bir necha bor harbiy to‘ntarishlar va tartibsizliklar yuz bergan. 2004 yildan 2019 yilgacha BMT tinchlikparvar kuchlari mamlakatda saqlab turilgan. 2010 yilda sodir bo‘lgan kuchli zilzila oqibatida 222 ming kishi (mamlakat aholisining 2 foizi) qurbon bo‘lgan, ko‘plab hududlar vayronaga aylangan va bu mamlakatning shusiz ham og‘ir iqtisodiy ahvolini yanada yomonlashtirgan.

Bir necha oy muqaddam bu mamlakatda bo‘lgan Styuart Ramsey mamlakat poytaxti 2010 yilgi halokatli zilziladan keyin tiklanmagani, shahar hamon jang maydonidan keyingi holatni eslatishiga guvoh bo‘lgan.

Hatto prezidentlik saroyi tiklanmagan va shu tufayli Moiz rasmiy qarorgohda emas, Port-o-Prens yaqinidagi o‘z uyida yashab kelgan.

«Banda», «odam o‘g‘irlash» va «korrupsiya» so‘zlari haitiliklar so‘z lug‘atidagi odatiy so‘zlarga aylangan.

Moiz hokimiyatdagi so‘nggi yilini mamlakatni demokratik saylovlarga tayyorlashga bag‘ishlashiga ishontirgandi. Muxoliflari esa uni mas'uliyatsiz va layoqatsiz rahbar deb atab, 2022 yildan keyin ham hokimiyatda qolishni ko‘zlayotganiga shubha qilishmagan.

Turli ko‘lamdagi norozilik aksiyalari odatda politsiya bilan to‘qnashuvlar bilan yakunlanadi, so‘nggi uch yilda mamlakatning turli shaharlarida deyarli har kuni tartibsizliklar ro‘y berib keladi. 2020 yil fevralida poytaxt ko‘chalarida barrikadalar paydo bo‘lgan, politsiyachilar esa mehnat sharoitlarini yaxshilashni talab qilgan holda armiya shtabiga hujum qilishgan.

Siyosatchilar, sudyalar, huquq faollari va diniy guruhlar Moizga qarshi birlashishgan. Mamlakat qurolli kuchlari esa oxirigacha uning tomonida qolishgan.

AQSh, BMT va Amerika davlatlari tashkiloti doimiy ravishda imkon qadar tezroq saylov o‘tkazish zarurligini eslatib kelgan bo‘lishsa-da, amalda Moizni qo‘llagan va buning uchun haitiliklar ularni tanqid qilib kelishgan.

Moiz so‘nggi marta ikki hafta oldin Port-o-Prensda o‘z tarafdorlari mitingida ommaga ko‘rinish bergandi.

Fevral-mart voqealaridan keyin ko‘chalardagi tartibsizliklar shiddati biroz pasaygan. Bunga qisman Covid-19 pandemiyasi ham sabab edi.

«Jamoatchilikning ommaviy namoyishlarga chaqiriqlarga reaksiyasi sezilarli darajada susaygani shuni ko‘rsatadiki, Haiti xalqi adoqsiz lokdaunlar va hokimiyat mashmashalaridan charchagan», deydi AQSh davlat departamenti vakili.

Ehtimol shu sabab Moizning ko‘rinmas dushmanlarini qat'iy harakat qilishga undagan.

Mavzuga oid