Iqtisodiyot | 14:30 / 08.07.2021
11236
2 daqiqa o‘qiladi

«Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilmagani ma'lum bo‘ldi

Jamoatchilik tomonidan keskin e'tirozlarga sabab bo‘layotgan «Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga mas'ul bo‘lgan tashkilotlar: Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi bilan tegishli tartibda kelishilmagan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur qonun loyihasi tadbirkorlarga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini realizatsiya qilishda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligi va reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilayotgani esa huquq tizimimiz uchun nonsens ekani haqida yozgandik.

Shuningdek, «Reklama to‘g‘risida»gi yangi qonun loyihasi: tadbirkorlarning bo‘yniga arqon, oyog‘iga kishanmi?» nomli maqola e'lon qilindi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga mas'ul bo‘lgan Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi mazkur maqolalarga munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, mazkur qonun loyihasi ishlab chiqilishi jarayonida, loyiha tashabbuskori tomonidan Biznes-ombudsman bilan tegishli tartibda kelishilmagan.

2021 yil 20 aprelda qabul qilingan «Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida»gi yangi tahrirdagi qonunga asosan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta'sir ko‘rsatuvchi masalalarga doir loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga mazkur qonun loyihasi bo‘yicha Biznes-ombudsmanning xulosasi talab etilsa, taqdim qilingan loyiha tadbirkorlik faoliyatiga ta'siri nuqtayi nazaridan ko‘rib chiqilib, qisqa muddatlarda xulosa berilishi ta'minlanishi ma'lum qilinmoqda.

Savdo-sanoat palatasida esa qonun loyihasi bo‘yicha oxirgi tahrir mavjud emas. 2019 yildan keyin SSPga bu loyiha taqdim etilmagan. Shuningdek, hech qaysi tadbirkor shu kunga qadar mazkur qonun loyihasi bo‘yicha SSPga murojaat ham yo‘llamagan. Ayni vaqtda Savdo- sanoat palatasida faqatgina Tashqi reklama bo‘yicha qonun loyihasi doirasidagi hujjatlargina mavjud. 

Mavzuga oid