Jahon | 16:25 / 09.07.2021
22391
5 daqiqa o‘qiladi

«Bizning vazifamiz Afg‘onistonda davlat qurish emasdi» - Bayden harbiylarning olib ketilishi haqida

AQSh prezidenti Jo Bayden yana bir bor amerikalik harbiylarning Afg‘onistondan olib chiqilishi bo‘yicha qarorini himoya qildi.

Foto: Reuters

So‘nggi kunlarda «Tolibon» katta muvaffaqiyatlarga erishib, yangidan yangi pozitsiyalarni egallayotgan va afg‘on harbiylarini qurollarni tashlab, qochishga majburlayotgan bir mahalda AQSh prezidenti Jo Bayden amerikalik harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha qilgan qarorini yana bir oqladi.

Bayden Amerikaning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyasi 31 avgust kuni yakunlanishini ma'lum qildi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, harbiylar ushbu mamlakatga bostirib kirishdan oldin qo‘yilgan vazifani to‘liq bajarishgan: 2001 yil 11 sentyabrida Nyu-Yorkdagi teraktlarni amalga oshirgan «Al-Qoida» terrorchi guruhi yakson qilingan va shu kabi boshqa hujumlar ro‘y berishining oldin olingan.

Oq uy rahbari amerikalik harbiylarning missiyasi yakunlangan deyish to‘g‘ri bo‘lmasligini qayd etgan, shu bilan birgalikda «Afg‘oniston kelajagini hal qilish — afg‘on xalqining huquqi va mas'uliyati» ekanini qayd etgan. «Biz bu vazifalarni bajardik, shuning uchun u yerga borgandik. Bizning Afg‘onistondagi vazifamiz davlat qurish emasdi. O‘z kelajagini aniqlash va o‘z mamlakatini qanday boshqarish bo‘yicha qaror chiqarish faqat afg‘on xalqining huquqi va mas'uliyatidir», degan u.

Bayden AQSh qo‘shinlarini olib chiqish jarayoni «xavfsiz va tartibli» borayotganini ta'kidlagan.

AQSh qurolli kuchlarini olib chiqib ketishni 2021 yil 29 aprelida boshlagan va jarayon 2021 yil 11 sentyabrgacha yakunlanishi rejalashtirilgan edi. Keyinchalik bu jarayon kutilganidan tezroq ketayotgani va shuning uchun avgust oyida tugashi mumkinligi ma'lum bo‘ldi.

Bayden harbiylarni olib chiqish jarayonining tez borishi missiya AQSh harbiylari uchun iloji boricha xavfsizroq bajarilishiga imkon beradigan zaruratligini qayd etgan.

So‘nggi jamoatchilik so‘rovlari ham AQSh aholisining ko‘pchilik qismi Afg‘onistondan harbiylarni qaytarish tarafdori ekanini ko‘rsatmoqda. Bu urush AQSh ishtirokidagi eng uzoq vaqt davom etgan harbiy ziddiyat sifatida tarixga kirdi: Amerika armiyasi bu mamlakatda so‘nggi 20 yil davomida bo‘lib keldi.

Shu bilan birga, Bayden G‘arb harbiylari ketishidan keyin «Tolibon»ning g‘alabasi muqarrar ekani haqidagi gaplarga qo‘shilmaydi va toliblarning jami harbiy kuchlari 75 ming atrofida ekani, Afg‘oniston hukumat xavfsizlik kuchlari safida esa 300 ming jangchi borligini ta'kidlaydi.

Lekin OAV ma'lumotlariga ko‘ra, Afg‘oniston armiyasi harbiylari soni faqat qog‘ozlarda ko‘p - amalda esa ularning bir qismi «arvoh-askarlar» - qo‘mondonlar aslida yo‘q askarlar uchun maosh yozishadi. Qolaversa, so‘nggi haftalarda minglab askarlar «Tolibon»ga taslim bo‘ldi yoki qurollarni tashlab qochib ketdi. Muntazam qo‘shinlar faqat poytaxt va uning atrofidagi hududlarda qolmoqda.

Rossiyada «Tolibon» terrorchi tashkilot sifatida qaralsa-da, payshanba kuni Moskvada Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov hamda «Toliblarning Dohadagi siyosiy ofisi» vakillari o‘rtasida muzokaralar o‘tkazildi. Rossiya TIV ma'lumotiga ko‘ra, toliblar Markaziy Osiyo davlatlari chegaralariga hujum qilmaslikka va'da bergan va Afg‘onistondagi diplomatik missiyalar xavfsizligini kafolatlagan.

«Rossiya tomoni Afg‘oniston shimoliy tumanlarida keskinlikning oshishi yuzasidan xavotir bildirdi va uning mamlakat chegaralaridan tashqariga chiqishiga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. «Tolibon» esa Markaziy Osiyo davlatlari chegaralarini buzmaslikka va'da berdi hamda Afg‘oniston hududidagi diplomatik va konsullik missiyalari xavfsizligini kafolatladi», deyiladi xabarda.

«Tolibon» IShID tomonidan keladigan xavfga qarshi kurashga va «mamlakat hududida narkotiklar ishlab chiqarishni tag-tubi bilan yo‘q qilishga» qat'iy kirishishga so‘z bergani qo‘shimcha qilingan.

Mavzuga oid