Jahon | 10:07 / 11.07.2021
16682
2 daqiqa o‘qiladi

Internetda Haiti prezidenti rafiqasining hujumdan keyingi ilk bayonoti paydo bo‘ldi

10 iyulda Haitining marhum prezidenti, 7 iyuldagi hujum oqibatida o‘ldirilgan Jovenel Moizning rafiqasi Martin Moizning Twitter-akkauntida uning hujumdan keyingi ilk bayonoti audioyozuvi paydo bo‘ldi. Martin Moiz hujum vaqtida turmush o‘rtog‘i bilan birga bo‘lgan va og‘ir jarohatlar olgan. Hozirda u Mayamida davolanmoqda. 

“Men tirikman, biroq erimni yo‘qotdim. Yollanma qotillar prezidentni o‘ldirdi, qolganlari esa uning orzu va qarashlarini o‘ldirmoqchi”, deb aytgan Moizning bevasi audioyozuvda.

Martin Moizning ta'kidlashicha, prezidentni haitiliklar turmush darajasini yaxshilashga qaratilgan bir qator loyihalarni amalga oshirish hamda referendum va saylovlar o‘tkazish rejalari uchun o‘ldirishdi.

Bu orada ko‘plab haitiliklar Martin Moizning audiomurojaati haqiqiyligiga shubha bildirishgan.

Haitian Times nashrining xabar berishicha, avval 47 yoshli ayolning ovozini eshitganlar audioyozuvdagi ovoz unga tegishli emasligini ta'kidlashmoqda.

“Yigitlar, nima uchun bunday qilmoqdasiz? Bu Martinning ovozi emas. Siz yolg‘onchilar to‘dasisiz”, deb yozgan Twitter foydalanuvchilaridan biri.

Ta'kidlanishicha, Martin Moizning ijtimoiy tarmoq sahifasi unda audioyozuv paydo bo‘lishi oldidan hakerlar tomonidan buzib kirilgan bo‘lishi mumkin.

Hozircha Haiti hukumati bu xabarlarni inkor etmagan.

Jovenel Moiz 7 iyulga o‘tar kechasi o‘z qarorgohiga uyushtirilgan hujum vaqtida o‘ldirildi. Unga suiqasdda 26 kolumbiyalik va 2 amerikalik qatnashgan.

Haiti senati 10 iyulda mamlakatning vaqtincha prezidenti etib senat spikeri Jozef Lamberni tayinlashga qaror qildi.

Mavzuga oid