Jahon | 21:56 / 12.07.2021
21732
7 daqiqa o‘qiladi

Haiti: prezidentning qotilligini buyurtma qilishda gumonlanib bir kishi qo‘lga olindi

Haiti hukumati yakshanba kuni kelib chiqishiga ko‘ra haitilik bo‘lgan AQShning 63 yoshli fuqarosi Kristian Emmanyuel Sanonni hibsga oldi. U Karib dengizidagi orol davlat prezidenti Jovenel Moizni o‘ldirish uchun qotillarni yollashda gumonlanmoqda.

Foto: EPA

Bir necha vazirlar ishtirokidagi matbuot anjumanida mamlakat politsiyasi boshlig‘i Leon Sharlning ma'lum qilishicha, iyun oyi boshida Sanon «siyosiy maqsad»da - davlat to‘ntarishi amalga oshirish va prezident bo‘lish uchun kolumbiyalik olti tansoqchi hamrohligida xususiy samolyotida Haitiga uchgan.

Sharlning so‘zlariga ko‘ra, ushbu fitnada yana ikki tashkilotchi bor, ammo ularning nomi keltirilmagan.

Sanonning uyi tintuv qilinganida qurol va o‘q-dori topilgan. Hozircha bu borada Sanonning o‘zi nima deyayotgani ma'lum emas.

Internetda qidiruv orqali Floridada yashovchi shifokor Kristian Emmanyuel Sanonni topish mumkin, ammo gap aynan u haqida ketayotgani ma'lum emas.

Jovenel Moiz 7 iyulga o‘tar kechasi Haiti poytaxti Port-o-Prens shahri tashqarisidagi uyida o‘ldirib ketildi. Prezidentning rafiqasi og‘ir tan jarohatlari bilan Mayamidagi klinikaga olib borilgan.

Prezident qarorgohiga hujum 26 nafar kolumbiyalik tomonidan amalga oshirilgan, ularning bir qismi - Kolumbiya armiyasining sobiq harbiy xizmatchilari, shuningdek, guruhda ikki amerikalik bo‘lgan - ular kelib chiqishiga ko‘ra haitilik.

Ayni vaqtga kelib guruhning 20 a'zosi, shu jumladan AQSh fuqarolari hibsga olingan, uch kishi xavfsizlik xizmati xodimlari bilan otishma chog‘ida o‘ldirilgan, yana besh kishi qidiruvda.

Internetda Moizning tanasining rentgent tasvirlari tarqalgan. Marhum prezidentning tanasi o‘qlardan ilma-teshik bo‘lgan, boshidan otilgan, ko‘plab suyaklari singan.

Uning rafiqasi hikoya qilishicha, barchasi juda tez ro‘y bergan: uyga bostirib kirganlar prezident biror so‘z aytishga ulgurmasidan uni o‘qqa tutishgan.

Siyosiy chigallik
AQSh Haiti hukumatining infratuzilma obektlarini qo‘riqlash uchun harbiy yuborish to‘g‘risidagi so‘rovini rad etdi, ammo orolga Davlat departamenti, FQB va Milliy xavfsizlik xizmati kengashidan vakillar yo‘l olgan - ular vaziyatni baholashadi va hozirda o‘zini mamlakatning qonuniy rahbari deb e'lon qilgan uch siyosatchi bilan muzokaralar o‘tkazishadi.

Haiti konstitutsiyasiga ko‘ra, prezident vafot etsa, layoqatini yo‘qotsa yoki iste'foga chiqsa, uning majburiyatlari Oliy sud raisiga o‘tadi - ammo sud raisi biroz avval koronavirusdan vafot etgandi.

Keyingi navbatda - bosh vazir. Moiz 2018 yildan buyon olti bosh vazirni almashtirgan, o‘limidan bir kun oldin esa yettinchi marta bosh vazir tayinlagan - ammo Ariel Anri qasamyod qabul qilib, vazifasiga kirishishga ulgurmadi, shu tufayli undan oldingi bosh vazir Klod Jozef uning vakolatlarini tan olmayapti.

Shu bilan bir vaqtda, Haiti senati raisi Jozef Lamber ham o‘zini vaqtinchalik prezident deb e'lon qilgan - parlamentdagilar Vashington aynan uni qo‘llab-quvvatlayotganini aytishmoqda.

BMT kuzga belgilangan saylovlarga qadar hokimiyat Klod Jozefda qolishi kerakligini ma'lum qilgan.

Haitidagi ijtimoiy tarmoqlarda esa Jozefning boshqaruviga qarshi namoyishlarga chiqish bo‘yicha chaqiriqlar tarqalmoqda.

Yirik kriminal avtoritet, Barbeko laqabli Jimmi Cherize shanba kuni Moizning o‘limida «sassiq burjuaziya»ni aybladi va uning odamlari hokimiyat egallab olinishiga yo‘l qo‘maslik uchun ko‘chalarga chiqishini ma'lum qildi. U aynan kimni qo‘llab-quvvatlashiga aniqlik kiritilmagan.

Haiti - G‘arbiy yarim shardagi eng qashshoq mamlakat, korrupsiya, banditizm va ko‘chalardagi mayda jinoyatchilikdan aziyat chekadi. Bir necha yildan buyon mamlakatda siyosiy namoyishlar tinmaydi.

Taxminlar va bahonalar

Leon Sharl tomonidan matbuot anjumanida bayon qilingan versiyaga ko‘ra, Sanon avvaliga siyosiy uslublar bilan harakat qilishni ko‘zlagan va o‘zi bilan shaxsiy xavfsizligi uchun olti nafar qurollangan kolumbiyaliklarni olib kelgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qotillik fikri keyinroq tug‘ilgan, buning uchun yana 22 kishi yollangan.

Miami Herald gazetasi Leon Sharlga tayanib bergan ma'lumotga ko‘ra, yollanma guruh kelib chiqishiga ko‘ra Venesueladan bo‘lgan Antonio Intriagoga tegishli, ofisi Mayamida joylashgan CTU Security nomli qo‘riqlash firmasi orqali tuzilgan.

Jurnalistlar Intriago bilan hozircha bog‘lana olishmagan. Internetga ko‘rsatilgan raqamga qo‘ng‘iroq qilinganda avtomat shunday javob qaytaradi: «Toni Intriago uchun xabar qoldiring. Jyek Bauer uchun - keyingi mavsumni kuting».

Agent Jyek Bauer - Amerikaning «24 soat» nomli serialining bosh qahramoni, CTU (Counter-terrorist Unit) - esa u ishlaydigan maxsus xizmat (o‘ylab topilgan) nomi.

Avvalroq Intriago o‘zining feysbukdagi sahifasida himoya kiyimida va katta vintovka ko‘targan holda turgan jangchi suratini joylashtirgandi. Instagramdagi uning firmasiga aloqador sanalgan sahifada esa taktik tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashayotgan qurolli odamlar tasvirlari bor.

Tergovga yaqin manbalar OAVga ma'lumot berishicha, hibsga olingan kolumbiyaliklar ularni Haitida qo‘riqchi sifatida ishlash, jumladan prezidentni qo‘riqlash uchun yollashganini aytishgan.

Ularning so‘zlariga ko‘ra, go‘yoki ular Moizni o‘ldirish emas, uni hibsga olish maqsadida bo‘lishgan, villaga kirishgach esa uni jonsiz holatda topishgan.

Kelib chiqishiga ko‘ra haitilik bo‘lgan Amerika fuqarolari Jyeyms Solaj va Jozef Vinsent faqat tarjimonlik qilishganini aytishgan (Haiti - fransuz tilida so‘zlashuvchi mamlakat).

Ayni vaqtda ko‘plab savollar ochiq qolmoqda, ulardan biri - yollanma guruh qanday qilib qattiq qo‘riqlanuvchi qarorgoh hududiga kira olgan. Bu haftada qarorgoh qo‘riqchilari so‘roq qilinadi.

Mavzuga oid