O‘zbekiston | 20:50 / 12.07.2021
3714
3 daqiqa o‘qiladi

Reklama to‘g‘risidagi qonun loyihasini manfaatdor tashkilotlar bilan kelishishda qonun talabi buzilmagani bildirildi

Iste'molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi Kun.uz’da e'lon qilingan, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasi Biznes-ombudsman va O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilmagani haqidagi xabar yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, “Reklama to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasi 2019 yil iyun oyidan boshlab mutasaddi vazirlik va idoralar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sud va Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan hamda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilgan.

Ta'kidlash joizki, 2021 yil 20 aprelda qabul qilingan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi yangi tahrirdagi Qonunga asosan, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga bevosita yoki bilvosita ta'sir ko‘rsatuvchi masalalarga doir loyihalar Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishishi belgilangan.

Ya'ni, ushbu qonun qabul qilingunga qadar tadbirkorlik faoliyatiga aloqador loyihalarni Biznes-ombudsman bilan majburiy tartibda kelishish talabi amaldagi qonunchilikda bo‘lmagan. Shu sababli loyihani kelishish davridagi qonunchilik talabiga muvofiq, tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga aloqadorligi nuqtai nazardan qonun loyihasi Bosh prokuratura hamda Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.

Shu bilan birga, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini kelishish bo‘yicha reglamentlar talablariga ko‘ra, qonun loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazish, manfaatdor vazirlik va idoralar bilan kelishgan holda Adliya vazirligiga kiritish, ushbu vazirlikning ijobiy xulosasi olinganda Vazirlar Mahkamasiga kiritish bosqichlarilaridan o‘tkaziladi (loyihani ishlab chiquvchi vakolatli organ tomonidan). Shundan so‘ng, qonun loyihasi Vazirlar Mahkamasi apparatida kelishish bosqichlaridan o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritiladi.

“Reklama to‘g‘risida”gi qonun yangi tahririning matni Vazirlar Mahkamasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi bilan kelishilgan holda 2021 yil 24 fevralda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan va bugungi kunda muhokama qilinmoqda, deyiladi agentlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Reklama to‘g‘risida»gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ko‘rib chiqilmoqda. Mazkur qonun loyihasi tadbirkorlarga o‘z mahsulotlari va xizmatlarini realizatsiya qilishda jiddiy muammolarga olib kelishi mumkinligi va reklama sohasidagi huquqbuzarliklar uchun moliyaviy sanksiyalar joriy etilayotgani esa huquq tizimimiz uchun nonsens ekani haqida yozgandik.

Mavzuga oid