O‘zbekiston | 20:11 / 13.07.2021
17224
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan IIB aholini qator tumanlardagi dam olish maskanlariga vaqtincha bormaslikka chaqirdi

Namangan viloyat ichki ishlar boshqarmasi aholini viloyatning ayrim tumanlaridagi dam olish maskanlariga vaqtincha bormay turishga chaqirdi. Bu tumanlar qatorida kuchli do‘l yog‘gan va sel yopirilgan Kosonsoydan tashqari Yangiqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlari ham keltirib o‘tilgan.

Foto: Namangan viloyat IIB matbuot xizmati

«Hurmatli hamyurtlar! Kosonsoy tumanida yuzaga kelgan kuchli yog‘ingarchilik natijasida tumanning tog‘li hududiga sel kelgani va buning oqibatida bir necha fuqarolar jabr ko‘rganini ma'lum qilamiz. Shu boisdan Namangan viloyati IIB barcha fuqarolar va harakat ishtirokchilariga zarur ish bo‘lmagan taqdirda Kosonsoy, Yangiqo‘rg‘on, Chust va Pop tumanlaridagi dam olish maskanlariga vaqtincha bormaslikni tavsiya etadi. 

Tabiiy hodisalarga befarq qaramay, o‘zingiz va yaqinlaringiz salomatligi uchun uyda qoling!» deyiladi Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmati ogohlantirishida.

Bugun, 13 iyul kuni Qirg‘izistonning Jalolobod viloyati hududida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida sel oqimlari hosil bo‘lgan. Ushbu sel oqimlari soat 13:35 atrofida Namangan viloyatining Kosonsoy tumani, «Obod» MFY hududidan o‘tuvchi Kosonsoy soyidan oqib kelgan.

Hodisa oqibatida 8 kishi halok bo‘lgan va 6 nafar fuqaro jarohat olgan.

Hozirda hududda FVV qutqaruvchilari tomonidan qidiruv-qutqaruv ishlari amalga oshirilmoqda.

Mavzuga oid