Senat va Bosh prokuratura bug‘doyi tortib olingan urganchlik ayol murojaatiga munosabat bildirdi
Urganch tumanida bug‘doyi hokimlik va kuch tuzilmalari tomonidan tortib olingan xonadon bekasi Gulxumor Nazarova Senat raisi Tanzila Norboyeva hamda Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevga murojaat qilib, yordam so‘ragan edi. Senat va Bosh prokuratura ushbu murojaat yuzasidan rasman munosabat bildirdi.
«Ta'kidlanishicha, 2021 yil 19 iyun kuni Urganch tumanida IIB xodimlari va boshqa idoralarning vakillari hokimning topshirig‘iga ko‘ra, fuqaroning omborida saqlanayotgan 30 tonna bug‘doyni majburan tortib olgani, fuqaroning mulkiga tajovuz qilishgani, huquqni muhofaza qiluvchi organlar fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish o‘rniga uni xo‘rlashgani, soatlab asossiz ushlab turishgani va bosim o‘tkazishgani aytilgan.
Bu borada Urganch tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv olib borilayotgani ma'lum qilingan. Biroq oradan shuncha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, amalda hech qanday o‘zgarish bo‘lmayotgani, bo‘lgan bosimlardan so‘ng fuqaroning turmush o‘rtog‘i I.R. insult bo‘lib qolgani bildirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan o‘rganish natijalari bo‘yicha ma'lumotlarni keng ommaga e'lon qilishni so‘ragan.
Shuningdek, fuqaroning huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga tegishli tartibda murojaat qilindi. O‘z navbatida, qo‘mita qonunbuzilishi holatining har qanday ko‘rinishiga murosasiz ekanligini bildiradi», deyiladi Senat axborot xizmati tomonidan e'lon qilingan munosabatda.
Bosh prokuratura ham fuqaroning murojaatiga munosabat bildirib, Kun.uz saytida e'lon qilingan maqolada ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan o‘rganish ishlari boshlanganligini ma'lum qilgan.
Mavzuga oid
18:40 / 09.11.2024
MIBning Andijon va Farg‘ona viloyatlari boshqarmasi rahbarlari o‘zgardi
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
23:51 / 27.10.2024
Bosh prokuratura OAV vakillarini tasdiqlanmagan axborot tarqatishdan ogohlantirdi
15:55 / 24.10.2024