Haiti prezidentini o‘ldirganlikda gumon qilinayotganlar AQSh armiyasida harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan - Pentagon
Ma'lumot berilishicha, Pentagon Markaziy va Janubiy Amerika, Karib havzasidagi hamkor mamlakatlarning yuzlab harbiylari uchun muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etadi.
Haiti prezidenti Jovenel Moizni o‘ldirganlikda gumonlanib hibsga olingan kolumbiyaliklar AQSh armiyasida tayyorgarlikdan o‘tgan. Bu haqda Pentagon vakili podpolkovnik Ken Hoffman Fox News telekanaliga bergan intervyusida aytdi.
«Tergov doirasida hibsga olingan kolumbiyaliklarning bir qismi Kolumbiya qurolli kuchlarida xizmat qilgan davrida AQSh harbiy tayyorgarlik va mashg‘ulotlar dasturlarida qatnashgan», — dedi Hoffman.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Pentagon Markaziy va Janubiy Amerika, Karib havzasidagi hamkor mamlakatlarning yuzlab harbiylari uchun muntazam ravishda o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etadi.
Podpolkovnikning qo‘shimcha qilishicha, qotillarning izini topish operatsiyasi davom etmoqda.
12 iyulda AQSh davlat departamenti vakili Ned Prays AQSh Moiz o‘ldirilishi ishi bo‘yicha 3 amerikalik fuqaro ushlanganidan xabardor ekanini, ushbu fuqarolarga konsullik ko‘magi ko‘rsatilishini aytgan. O‘sha kuniyoq CNN telekanali Haiti prezidenti o‘ldirilishi bilan bog‘liq holda qo‘lga olinganlardan bir nechasi AQSh maxsus xizmatlari informatori bo‘lganini ma'lum qilgan.
Jovenel Moiz 7 iyulga o‘tar kechasi o‘z qarorgohida o‘ldirildi. Hujum vaqtida uning rafiqasi Martin Moiz yaralangan. Hozirda u AQShda davolanmoqda.
Moizni o‘ldirishda gumonlanib 23 kishi: besh nafar haitilik va 18 nafar kolumbiyalik qo‘lga olingan.