Buxoroda ayollar yo‘lni to‘sdi. Hodisaga viloyat IIB izoh berdi
Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida ayollar yo‘lni to‘sib qo‘ygani tasvirlangan video tarqaldi. Hodisa yuzasidan viloyat IIB munosabat bildirdi.
Munosabatda ma'lum qilinishicha, G‘ijduvon tumani Chorsu mahallasida yashovchi 1978 yilda tug‘ilgan I.M. tumanning Qo‘rg‘on mahallasi hududida Ipoteka bankidan olgan 1 milliard 275 million so‘m kredit mablag‘i hisobiga 90 o‘ringa mo‘ljallangan xususiy bog‘chani 2018 yil 31 dekabrgacha qurib, foydalanishga topshirishi lozim bo‘lgan.
Biroq tadbirkor ayol o‘zboshimchalik bilan 90 o‘rinli muassasa o‘rniga 150 o‘ringa mo‘ljallangan bino qurgan. Bundan tashqari, bankdan qo‘shimcha ravishda 21 foizlik 300 million so‘m kredit mablag‘larini ham olgan.
Hozirgi paytda katta miqdorda qarzi bo‘laturib, har oylik foiz to‘lovlarini to‘lay olmayotgan bo‘lishiga qaramasdan, u yana bankdan katta miqdorda kredit so‘ragan. Bank tomonidan unga ishonchsizlik bildirilgan va kredit ajratilmagan. Shundan so‘ng I.M. tuman hokimligiga kredit mablag‘larining to‘lab berilishi to‘g‘risida noqonuniy talab qo‘ygan. Talabi inobatga olinmagach, joriy yil 15 iyul kuni o‘z tanishlari bilan xalqaro ahamiyatdagi M-37 Samarqand-Buxoro-Turkmanboshi xalqaro avtomobil yo‘lining qatnov qismiga chiqib, yo‘lni to‘sib qo‘ygan.
Qayd etilishicha, ushbu holat yuzasidan I.M. va uning sheriklariga nisbatan G‘ijduvon tumani IIO FMB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilib, to‘plangan hujjatlar ko‘rib chiqish uchun Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudiga yuborilgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha G‘ijduvon tuman sudining 16 iyul kunidagi qarori bilan I.M. va uning 6 nafar sherigi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 183-moddasi (mayda bezorilik) hamda 201-moddasi (yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘cha yurishlari yoki namoyishlar uyushtirish, o‘tkazish tartibini buzish)da nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybli deb topilib, ma'muriy javobgarlikka tortilgan.
Jumladan, huquqbuzarlik tashkilotchisi I.M.ga 11 sutka, uning sherigi X.A.ga 15 sutka, Yo.D. va P.F.ga 10 sutka, S.D. va Q.M.ga 8 sutka ma'muriy qamoq jazosi tayinlangan. Ularning yana bir sherigi A.M.ga esa BHMning 20 barobari miqdorida, ya'ni 4 million 900 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi shaxs banklardan biri kredit bermagani uchun baland binodan o‘zini tashlab, joniga qasd qilishga uringandi. Aniqlanishicha, unda ham to‘lanmay qolgan kredit qarzdorligi bo‘lgani uchun, bank yangitdan qarz berishni xohlamagan.
Mavzuga oid
11:34
Buxoroda 1 mlrd so‘mdan ziyod elektrdan noqonuniy foydalangan tadbirkor aniqlandi
15:04 / 03.11.2024
Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi
20:48 / 09.10.2024
Buxoroning yangi aeroporti soatiga 8 ta samolyotga xizmat ko‘rsatadi
13:45 / 09.10.2024