O‘zbekiston | 11:46 / 16.07.2021
3943
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 1000 dollar evaziga fuqaroning ish joyini o‘zgartirib bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Navoiy viloyatida 1000 AQSh dollari evaziga tanishlari orqali fuqarolardan birining ish joyini o‘zgartirib bermoqchi bo‘lgan ayol ushlangan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 12 iyul kuni fuqaro X.Z. Navoiy viloyati IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. U, o‘z arizasida, Navoiy konchilik kasb-hunar kollejida ishlovchi M.P. uning yaqin tanishi P.R.ning ishini Zarafshondagi Navoiy kon metallurgiya kombinatidan Navoiy shahri «GMZ-1»ga ko‘chirib berish va unga toifa olib berish evaziga 1000 dollar talab qilib kelayotganligini bildirib, unga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur ariza yuzasidan, Navoiy viloyati IIB JQB Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida, M.P. Navoiy shahar Uchquduq ko‘chasida arizachi X.Z.dan 1000 dollar va R.P.ning fuqarolik pasporti hamda diplomi nusxalarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Navoiy viloyati IIB JQB xodimlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid