Sport | 01:18 / 19.07.2021
25836
7 daqiqa o‘qiladi

Suzish federatsiyasi bosh kotibi ishdan olindi. Oldinroq o‘zbekistonlik suzuvchilar g‘irrom yo‘l bilan olimpiadaga chiqqani aytilgandi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyev ishdan olingan. Bu haqda Milliy olimpiya qo‘mitasi rasmiy saytida bayonot paydo bo‘ldi. Unda aytilishicha, G‘aniyev vaqtincha o‘z lavozimidan chetlashtirilgan.

Quyida MOQning bayonoti aynan keltiriladi.

«O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi faoliyati davomida doimo olimpizmning ezgu g‘oyalari va sportdagi halol raqobatni targ‘ib qilib kelgan. Barcha milliy federatsiyalarni hamisha anti-doping va boshqa qoidalarga qat'iy rioya etishga, xalqaro musobaqalarni o‘tkazishda o‘rnatilgan tartiblarga bo‘ysunishga va ularni hurmat qilishga chaqirgan.

Turizm va sport vazirligining taqvim rejasidan o‘rin olgan, Xalqaro suzish federatsiyasi (FINA) shafeligida o‘tkazilgan suzish bo‘yicha lisenzion O‘zbekiston ochiq chempionatida yuz bergan vaziyat katta muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. MOQ ushbu holatga o‘z pozitsiyasini quyidagicha bayon etadi:

O‘zbekiston suzish federatsiyasining xabar berishicha, musobaqa yakunlanganidan keyin 2021 yilning 21 aprel sanasida unda ishtirok etgan hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema turnir davomida nohaqlikka yo‘l qo‘yilgani, mahalliy sportchilarning vaqtlari noto‘g‘ri ko‘rsatilgani haqidagi videomurojaatini YouTube ijtimoiy tarmog‘iga joylaydi.

Qayd etish joiz, lisenzion O‘zbekiston ochiq chempionatlariga MOQ rahbariyati doimiy tashrif buyurib turgan, tezkor shtab vakili Mirsardor Alimov ham musobaqani muntazam kuzatib borgan. Musobaqadan so‘ng shu yerning o‘zida kichik yig‘ilish tashkil etib, tayyorgarlik jarayonini yanada kuchaytirish, mashg‘ulotlar sifatini oshirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Turnir yakunlangach, O‘zbekiston suzish federatsiyasi musobaqalar protokolini MOQga taqdim qilgan va unda 5 nafar atletimizning Tokio-2020 normativini bajargani ko‘rsatib o‘tilgan. Taqdim etilgan protokollarda belgilangan qoidalarning buzilishi, shu jumladan, keyinchalik hindistonlik suzuvchi tomonidan qayd etilgan voqea haqida ma'lum qilinmagan. Shuningdek, biror xorijiy delegatsiya tomonidan, jumladan, Hindiston jamoasi tomonidan mazkur lisenzion turnir bo‘yicha shikoyat tushmagan.

O‘zbekiston suzish federatsiyasining ma'lumotiga ko‘ra, FINA ushbu turnirlarda qayd etilgan natijalarni tan olmadi. O‘zbekiston suzish federatsiyasi bosh kotibi Alisher G‘aniyevning so‘zlariga ko‘ra, FINA bu bo‘yicha Toshkentga rasmiy xat jo‘natmagan. Biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi bir necha bor FINAga taqdim etilgan ma'lumotlarga aniqlik kiritish uchun xabar yo‘llagan va hatto bu masala bo‘yicha Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilgan. Yakunda esa xalqaro tashkilot yo‘llagan «Universal Place» asosida faqatgina 2 nafar hamyurtimiz – Xurshidjon Tursunov va Natalya Kritinina Tokio-2020 o‘yinlariga yo‘llanma olishdi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi, shuningdek, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi rasmiy ravishda ushbu holat hech qanday sport tamoyillariga mos kelmasligini va olimpizm qadriyatlariga mutlaqo zid ekanligini ma'lum qiladi. O‘z o‘rnida, boshqa federatsiyalar va sport tashkilotlaridan ham belgilangan qoidalarga qat'iy rioya qilishni so‘raydi.

Shundan kelib chiqqan holda O‘zbekiston suzish federatsiyasi Prezidiumidan quyidagilarni talab qiladi:

  • Yuqoridagi vaziyatni ko‘rib chiqish, o‘rganish hamda unga huquqiy baho berish uchun Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi va O‘zbekiston suzish federatsiyasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh tuzish;
  • Xalqaro suzish federatsiyasidan (FINA) lisenzion musobaqada qayd etilgan natijalarning nima sababdan bekor qilingani haqidagi materiallarni taqdim qilishini so‘rash;
  • Federatsiya bosh kotibi Alisher G‘aniyevni vaqtincha o‘z lavozimidan chetlatilishini», deyiladi bayonotda.

Nima bo‘lgandi o‘zi?

2021 yil 21 aprel kuni hindistonlik sportchi Likit Selvarash Prema yutubda video e'lon qildi. Unda o‘zbekistonlik sportchilar g‘irromlik yo‘li bilan olimpiadaga yo‘llanma olgani ma'lum qilingan. Premaning fikricha, mahalliy tashkilotchilar o‘zbekistonlik sportchilarning natijalarini sun'iy yaxshilab qo‘yish orqali ularga yo‘llanmani taqdim etishgan. «Masalan, Aleysey Tarasenkoning 100 metrga erkin usulda suzish bo‘yicha natijasi 48,55 soniya deb ko‘rsatildi, biroq uning asl natijasi 51 soniya edi», degan Prema va bunga isbot sifatida video ham ko‘rsatgan.

Hindistonlik sportchining aytishicha, natijalar asosan final bosqichi bo‘lmagan ertalabki bahslarda o‘zgartirilgan. «Vaholanki, sportchi eng yaxshi ko‘rsatkichini final bahslarida qayd etadi», degan hindistonlik suzuvchi. Likit Selvarash Prema tashkilotchilarning e'tiborini tortish uchun o‘ziga xos sobataj uyushtiradi. U 200 metrga brass usulida suzish bahslarida startga chiqmaydi va shu tariqa tashkilotchilar e'tiborini tortishga urinadi.

Biroq sportchining aytishicha, bu isyon teskari effekt berib, unga bosim qilish boshlanadi. Sportchiga ko‘ra, vaziyat shunchalikka boradiki, tashkilotchilar Prema startga chiqmagani uning yaxshi eshitmasligi va start signalini anglamagani bilan bog‘liqligi haqida tibbiy ma'lumotnoma olishga harakat qilishadi. Bu borada surishtiruv o‘tkazish bo‘yicha so‘rovga javoban tashkilotchilar hindistonlik sportchi qolganlarning natijasiga «qora hasad» qilyapti deb aytishadi. Likit Selvarash Prema esa buni o‘ziga nisbatan irqchilik qilinishi deb qabul qiladi.

Bu holat bo‘yicha hech qanday aniq ma'lumot mavjud emas, biroq O‘zbekiston suzish federatsiyasi xalqaro suzish federatsiyasidan izoh so‘ragani, Lozannadagi sport arbitraj sudi esa O‘zbekiston tomonining arzini rad etgani aniq. Premaning arzidan keyin boshlangan surishtiruvdan keyin 3 nafar o‘zbekistonlik sportchining natijalari bekor qilinadi.

O‘zbekiston chempionatida olimpiada yo‘llanmasi o‘ynalishi mumkinmi?

Olimpiada bahslari yo‘llanmasi ichki chempionat bahslarida o‘ynalmaydi. U yerda sportchi har qancha yaxshi natija ko‘rsatmasin barchasini xalqaro musobaqada ham takrorlashi kerak. Pandemiya boshlangach, xalqaro musobaqalar ham kamayib ketdi va mamlakatlarga ichki chempionatni xalqaro turnirga aylantirib yo‘llanmalarni o‘ynash imkoni berildi. Shu sabab O‘zbekiston chempionati ham xorijlik sportchilar jalb qilinib xalqaro ochiq lisenzion turnirga aylantirildi. Prema aynan mana shu ochiq chempionatda ishtirok etgan.

Mavzuga oid