Jahon | 10:55 / 19.07.2021
11324
2 daqiqa o‘qiladi

Tixanovskaya Belarus prezidenti lavozimiga nomzodini qo‘ymasligini aytdi

Belarus muxolifati yetakchisi Svetlana Tixanovskaya prezident lavozimiga yana nomzodini qo‘yishni rejalashtirmayapti. U bu haqda AQShga safari vaqtida ma'lum qildi.

Foto: Arturas Morozovas / Getty Images

Tixanovskaya 18 iyulda Vashingtonga keldi. Avvalroq u AQSh prezidenti Jo Bayden va davlat kotibi Entoni Blinken bilan uchrashishni istayotganini ma'lum qilgandi. Biroq ta'kidlanishicha, Bayden va Blinkenning ish jadvallarida yaqin kunlarga Tixanovskaya bilan uchrashuv belgilanmagan.

Belaruslik muxolifatchi Vashingtonda vatandoshlar bilan uchrashgan. U suhbat davomida prezident saylovlarida ishtirok etishni rejalashtirmayotganini ma'lum qilgan. Uning ta'kidlashicha, mamlakatga birinchi navbatda uni tiklashga qodir “yaxshi boshqaruvchi” kerak va Belarusda bunday “professional menejyerlar” yetarlicha bor. Uning o‘zi esa “odamlarni rag‘batlantiruvchi ma'naviy avtoritet” bo‘lishi mumkinligini aytgan.

“Men saylovlarda ishtirok etishga tayyormasman”, deb aytgan Tixanovskaya.

Belaruslik muxolifatchi vatandoshlar bilan suhbatda AQSh hukumatini “so‘zlardan harakatlarga o‘tishga” chaqirishini aytgan.

“Men belaruslarga nisbatan jinoyat sodir etganlarni xalqaro tergov va adolatli sud qilish, mamlakatimizni yo‘q qilayotganlarga qarshi sanksiyalar zarurligi haqida gapiraman”, deb ta'kidlab o‘tgan Tixanovskaya.

2020 yil avgustda Belarusda o‘tgan prezident saylovlarida amaldagi prezident Aleksandr Lukashenkoga asosiy raqib bo‘lgan Tixanovskaya 2021 yilda saylovlarning qayta o‘tkazilishiga chaqirgan. Lukashenko mamlakatda boshqa prezidentlar ham bo‘lishini aytgan va belaruslarni “sabr qilishga” chaqirgan. U AQShdagi prezident saylovlari qayta o‘tkazilsa, u ham Belarusda bunday qilishga tayyorligini ta'kidlab o‘tgan.

Mavzuga oid