O‘zbekiston | 00:32 / 30.07.2021
57160
3 daqiqa o‘qiladi

Denovda inspektor yordamchilari o‘ldirib qo‘ygan fuqaroning rafiqasi: “Erimni hayvonlarcha urishgan”

Marhumning xotini internetda videomurojaat bilan chiqmagunga qadar, Bosh prokuratura 18 kun oldin ro‘y bergan fojia haqida sukut saqlab kelgan. Ichki ishlar vazirligi esa hamon jim.

Foto: Facebook / Xalk Nazorati

Surxondaryo viloyati Denov tumanida fuqaro profilaktika inspektorining ikki yordamchisi kaltaklaganidan keyin vafot etdi. Bosh prokuratura va Senat holat bo‘yicha jinoyat ishi ochilib, gumondorlar qamoqqa olinganini xabar qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda, marhum Hasan Xushmatovning xotini ekani aytilayotgan ayol eri vafot etganda qanday holatda bo‘lganini aytib berganini ko‘rish mumkin.

Ayolning aytishicha, avvaliga unga erini ko‘rsatishmagan, uni ko‘rganida esa tanasida ko‘kargan va ezilgan joylar borligiga guvoh bo‘lgan. “Hayvonlarcha urishgan, odam bolasi unday urmaydi”, deydi u.

Bosh prokuraturaga ko‘ra, Denov tumani IIB xodimlari oilaviy janjalni tinchitish uchun Hasan Xushmatovning uyiga borgan. Uni bo‘limga olib ketishda profilaktika inspektorining ikki yordamchisi yo‘lda urib, tan jarohati yetkazishgan. Oqibatda fuqaro tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Xushmatovning xotiniga ko‘ra, voqea avvalida eri va uning o‘rtasida rashk sababli janjal kelib chiqqan, janjal davomida qaynotasi va qayin akasi kelib, ularni tinchlantirishga urinishgan. Shundan so‘ng er ham, ayol ham ishga ketgan. Ayol ishdaligida qayncinglisi unga qo‘ng‘iroq qilib, erini ichki ishlar xodimlari qo‘liga kishan solib olib ketishganini aytgan.

“Men militsiyaxonaga chopdim. Erimni ko‘rsatishmadi. “Nega olib keldilaring, katta janjal bo‘lgani yo‘q-ku?” dedim. Uchastkavoy ruxsat bersa ko‘rasan, deyishdi. Uchastkavoy Meliqul akaga telefon qildim, zor yig‘ladim. U: “Sen aralashma, ishing bo‘lmasin, ering nadzorda turadi”, deb telefonni o‘chirib qo‘ydi.

Men kechgacha IIB binosi oldida o‘tirib, kechki payt uyga ketdim. Ertasi kuni ishdaligimda qaynsinglim telefon qilib, erim kasalxonadaligini aytdi. Qo‘limda bolam bilan uchib yetib bordim. Borsam, erim bir ahvolda...

Hayvonlarcha urgan uni. Tanasining o‘ng tomoni ezilgan, boshi yorilgan, lablari shishgan. Erkaklik joylarigacha yorib tashlagan. Odam ham shunchalik vahshiylik qiladimi? Ikkita bolam bilan qayerga boraman?” – deydi u.

Ayol 29 iyul kuni tarqalgan videosida aybdorlarga “18 kundan beri hech kim chora ko‘rmayotgani”ni aytgan. Rasmiy axborotda esa ikki gumondor Xushvaqtov vafot etganining ertasiga, 12 iyul kuni qamoqqa olingani aytiladi.

Ta'kidlash kerak, Bosh prokuratura va Senat ayolning videomurojaati tarqalganidan keyin holatga munosabat bildirdi, vaholanki voqea bundan 18 kun oldin ro‘y bergan.

Mavzuga oid