Yarim yillikda ayollarga zo‘ravonlik holatlari keskin oshgan. IIB inspektori himoya orderi tartibi haqida ma'lumot berdi
2021 yilning dastlabki 6 oyida respublika bo‘yicha 20 ming 387ta himoya orderi rasmiylashtirilgan. Bu o‘tgan yilning shu davri bilan solishtirilganda orderning berilishi qariyb 6 barobarga ko‘payganini ko‘rsatadi.
2021 yilning yanvar-iyun oylarida respublika bo‘yicha zo‘ravonlikdan jabrlangan jami 20 ming 387 kishiga himoya orderi rasmiylashtirib berilgan. Ichki ishlar vazirligining Huquqbuzarliklar profilaktikasi Bosh boshqarmasining ma'lum qilishicha, joriy yilning o‘tgan 6 oyida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish holatlari yuzasidan respublika bo‘yicha ichki ishlar organlariga qilingan murojaatlar soni 20 ming 704tani tashkil etgan. Shundan 20 ming 387 kishiga himoya orderi rasmiylashtirib berilgan.
Tahlil qilinsa, himoya orderlarining 14 ming 133 holatda er tomonidan xotiniga, 488 holatda kelin tomonidan qaynonaga, 739 holatda qaynona tomonidan kelinga hamda 5027 holatda boshqalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir bo‘lganda berilganini ko‘rish mumkin. Zo‘ravonlik holatlarining 17 ming 919tasi oilada, 1690tasi ko‘chada, 459tasi jamoat joyida, 283tasi ish joyida va 36tasi ta'lim muassasasida sodir etilgan.
Ma'lumotlar xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va tazyiq o‘tkazish holatlari vodiy viloyatlari va vohada ko‘payganini ko‘rsatmoqda. Farg‘ona viloyatidan – 2 766ta, Qashqadaryo viloyatidan – 2 284ta va Andijon viloyatidan 1 837ta murojaat qayd etilgan.
2020 yilning o‘tgan shu davri bilan taqqoslanganda himoya orderi berilishi qariyb 6 barobarga oshgani ma'lum bo‘ladi. Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi axborot xizmatining ma'lumot berishicha, 2020 yilning dastlabki 7 oyida respublika bo‘yicha jami 3 592 nafar xotin-qizga himoya orderlari rasmiylashtirib berilgan edi.
Himoya orderi nimalardan himoya qiladi?
Qonunga ko‘ra, himoya orderi zo‘ravonlikka uchragan shaxslarni quyidagicha himoyalaydi:
- tazyiq o‘tkazishni va zo‘ravonlik sodir etishni taqiqlaydi;
- taraflar o‘rtasida aloqani taqiqlaydi (ish va ta'lim muassasalarida bilvosita aloqaga yo‘l qo‘yiladi);
- taraflarning bir xonada birga bo‘lishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
- zo‘ravon shaxs zimmasiga majburiyatlar yuklaydi (jabrlanuvchini davolash, moddiy va ma'naviy zararni qoplash kabi);
- zo‘ravon shaxsning qurol saqlash va olib yurish huquqi cheklanadi (xizmat qurolidan tashqari).
Himoya orderi qay tartibda beriladi?
Jabr ko‘rgan ayol yoki bu haqda xabardor bo‘lgan uchinchi shaxs (qo‘shni, qarindosh va boshqalar) yashash hududidagi huquq-tartibot organlariga ariza bilan murojaat qiladi.
Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha profilaktika inspektorlari jabrdiydaning yashash sharoitini o‘rganib chiqadi. Mahalla faollari, hududdagi xotin-qizlar qo‘mitasi mas'ul vakillari ishtirokida vaziyat o‘rganib chiqiladi, qo‘shnilarning fikri ham olinadi. Har bir instansiya xulosasi jamlanib, 24 soat muddatda order berish masalasi hal qilinadi. 30 kunlik muddat uchun beriladigan hujjat uch nusxada bo‘ladi, ya'ni arizachi, zo‘ravonlik sodir qilgan shaxs va profilaktika inspektorida saqlanadi.
Hujjat yuridik kuchga ega bo‘lib, shu 30 kun muddat ichida zo‘ravonlik qilgan shaxs tomonidan jabrlanuvchiga nisbatan yana holat takrorlansa, unga nisbatan jinoyat ishi ochiladi. Xavf-xatar hali ham mavjudligi aniqlansa, himoya orderining muddati yana uzaytirilishi mumkin.
Toshkent shahar Yunusobod tumani IIB Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor Dilnoza Siddiqova himoya orderlari berilishi ko‘paygani bo‘yicha izoh berdi.
«Himoya orderlari joriy qilingach, viloyatlarning chekka hududlaridagi aksariyat aholiga bu order haqida ma'lumotlar yetib bormagan. Boshida himoya orderi zo‘ravonlikka uchragan shaxsning murojaatidan so‘nggina unga berilar edi. Endilikda ichki ishlar tizimining 102 xizmatida oila, turmush doirasida yuz berayotgan hodisalarni qayd etish yo‘lga qo‘yilgan.
Faqat jabrlanuvchining murojaatiga ko‘ra emas, shunday voqeaga guvoh bo‘lgan shaxslar ham bizga xabar berishyapti. Er-xotin, qaynona-kelin, ovsinlar o‘rtasidagi mojaroli holatlar bilan bog‘liq xabarlarning har biri profilaktika inspektorlari tomonidan nazoratga olinadi. Ya'ni biz o‘zimiz ulardan so‘rayapmiz: «Sizning huquqlaringiz poymol qilinyaptimi, ruhiy, iqtisodiy yoki jismoniy zo‘ravonlikdan aziyat chekyapsizmi?» deb va shu order haqida ma'lumot beryapmiz. Chunki uyda o‘tirgan, ijtimoiy turmushda faol bo‘lmagan, huquqlarini mukammal darajada bilmaydigan aksariyat ayollarimiz bu haqida ma'lumotga ega emas.
Himoya orderlari berilishi holatlari soni oshishiga yana bir sabab – takroriy order berish, ya'ni order muddatini cho‘zish holatlari ko‘p kuzatilyapti. Ayrim oilalarda zo‘ravon erkakka nisbatan chora ko‘rilib, order berilgach, bir muddat xotirjam yashashadi. Orderning muddati tugagandan keyin esa yana avvalgi holatdagi tazyiqlar davom eta boshlaydi. Ayol majbur bo‘ladi oilasining tinchligini ta'minlash uchun yana order so‘rashga.
Shuning uchun hozirda himoya orderi muddati tugashiga yaqin har bitta jabrlanuvchi bilan telefon orqali suhbatlashib, vaziyatga oydinlik kiritiladi va agar zo‘ravon o‘zini yomon tutayotgan bo‘lsa order muddati yana cho‘ziladi. Bunda zo‘ravonga nisbatan ikki marta ma'muriy javobgarlik qo‘zg‘atiladi. Undan keyin ham shu hol takrorlansa, u jinoiy javobgarlikka tortiladi. Buni bilgandan keyin erkak ham ayoliga nisbatan odob-axloq normalari doirasida muomala qilishga, uning huquqlarini buzmaslikka harakat qiladi. Ba'zi holatlarda ayolning, oilaning tinchligini ta'minlashning chorasi shu orderlar bo‘lib qoldi», deydi u.
Mavzuga oid
22:24 / 28.08.2024
Zo‘ravonlik qurbonlariga himoya orderini berish soddalashtirildi
19:34 / 01.04.2024
«Qo‘lini tekkizolmaydi, mening himoya orderim bor» - orderga ishonib o‘lib ketgan ayol
19:39 / 30.03.2024
Bekobodlik ayolni himoya orderlari ham himoya qila olmadi – u zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi
20:53 / 30.01.2024