O‘zbekiston | 11:37 / 02.08.2021
4252
2 daqiqa o‘qiladi

Surxondaryoda voyaga yetmagan fuqaro va IIB xodimlariga tan jarohati yetkazgan bezorilar guruhiga jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Surxondaryo viloyati Uzun tumanida voyaga yetmagan fuqaro va ikki nafar IIB xodimini urib, ularga tan jarohati yetkazgan bezorilar guruhiga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 31 iyul kuni soat 22:30larda Sariosiyo tumanida yashovchi A.Odiljon, Sh.Daler, B.Shahzod, N.Asqar va R.Shahboz Uzun tumani O‘zbekiston ko‘chasida joylashgan chorraha yonida tumanning Navro‘z mahallasida yashovchi voyaga yetmagan R.Sunnatulloni hech bir sababsiz urib do‘pposlagan.

Shu payt yaqin o‘rtada jamoat tartibini saqlash uchun xizmatga jalb qilingan Uzun tuman IIB xodimlari ularni bir necha bor ogohlantirgan. Yigitlar ogohlantirishga qaramasdan, o‘zlarining bezorilik xatti-harakatlarini davom ettirgan. Ular jamoat tartibini saqlashga va janjalni bartaraf etishga uringan tuman IIBning 2 nafar xodimi S.M. hamda S.Q.ga faol qarshilik ko‘rsatib, ularga qasddan tan jarohati yetkazgan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizasi xulosasiga ko‘ra, IIB xodimi S.M.ning sog‘ligi buzilishiga sababchi bo‘lgan yengil tan jarohati, yana bir IIB xodimi S.Q. hamda voyaga yetmagan R.Sunnatullo yengil tan jarohatlari olgani aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan A.Odiljon, Sh.Daler, B.Shahzod, N.Asqar va R.Shahboz va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid