Jahon | 22:24 / 05.08.2021
4036
2 daqiqa o‘qiladi

Zoom ma'lumotlar maxfiyligi buzilgani tufayli foydalanuvchilarga 85 mln dollar to‘laydi

Foto: Getty Images

Bloomberg’ning sud qaroriga tayanib yozishicha, Zoom foydalanuvchilar ma'lumotlari maxfiyligini buzganlik haqidagi da'volarini qondirish uchun 85 million dollar to‘laydi.

AQShning Kaliforniya shtati San-Xose federal sudi pandemiya davrida ommalashgan Zoom video-konferens-aloqa xizmati va ushbu platforma foydalanuvchilari o‘rtasidagi da'vo ishini ko‘rib chiqdi.

Foydalanuvchilarning ta'kidlashicha, platforma ular haqidagi ma'lumotlarni to‘plab, Facebook bilan bo‘lishadi. Biroq Zoom mijozlarining shaxsiy ma'lumotlari boshqa kompaniyalarga taqdim etilishi mumkinligi haqida ogohlantirmagan. Shu tariqa sud ishida Zoom iste'molchilar maxfiyligini himoyalash to‘g‘risidagi shtat qonunlarini buzgani tasdig‘ini topdi.

Sud Zoom foydalanuvchilar ma'lumotlarini Facebook’ka qonunga zid tarzda taqdim etgan, shuningdek, foydalanuvchilarning videoaloqalarini hakerlik hujumlaridan himoya qila olmagan va ularni xavfsiz shifrlamagan deb topdi.

Sud tortishuvlari jarayonida kelishuvga erishildi. Unga ko‘ra, Zoom foydalanuvchilarga tovon sifatida qariyb 85 million dollar to‘laydi. Bundan platformaning pulli versiyasidan foydalanuvchilarga 25 dollardan, da'vo guruhiga mansub bo‘lmagan foydalanuvchilarga esa 15 dollargacha to‘lab beriladi. Shuningdek, sud Zoom zimmasiga foydalanuvchilarning maxfiylik amaliyotini yaxshilash majburiyatini ham yukladi.

Mavzuga oid