O‘zbekiston | 11:36 / 09.08.2021
32843
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident matbuot kotibi «Qalampir» jurnalisti bilan bog‘liq voqea yuzasidan bayonot berdi

Prezident matbuot xizmati rahbari Sherzod Asadov jurnalistga nisbatan qilingan bu harakat prezidentning shaxsan o‘zi kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid sifatida qabul qilinishini aytib o‘tdi.

«Yaqinda yurtimiz jamoatchiligi, ayniqsa jurnalistlar hamjamiyati orasida katta rezonans keltirib chiqargan bir voqea haqida bir necha so‘z aytmoqchiman. Gap, barchangizga ma'lum bo‘lganidek, Qalampir.uz jurnalistiga qarshi uyushtirilgan tazyiq haqida ketmoqda. 

Inson sha'niga, qadr-qimmatiga putur yetkazish, uni obro‘sizlantirish, tuhmatdan iborat feyklarni tarqatishda ifodalangan ushbu jirkanch holatni hech narsa bilan oqlab bo‘lmaydi. Ayniqsa, bunday xatti-harakatlar prezidentimiz «Qo‘rqmanglar, ortingizda men turibman!» deb aytgan jurnalistlarga nisbatan sodir etilayotgani jiddiy tashvishga soladi.

Men yana bir bor ishontirib aytamanki, jurnalistlar va ularning professional faoliyati qonun himoyasida, prezident matbuot kotibi sifatida mening va Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining doimiy e'tiborimizda. Jurnalistga tazyiq ko‘rsatish holatlarini, ayniqsa bunday xunuk urinishlarni hurmatli prezidentimiz shaxsan o‘zlari kafolatlayotgan so‘z erkinligiga tahdid sifatida qabul qilamiz.

Shu munosabat bilan huquq-tartibot organlarini tez fursatda ushbu holatni sinchkovlik bilan o‘rganishga, aybdorlarga qonuniy chora ko‘rishga chaqiraman.

Shunday axborotlarni tarqatuvchilarga aytar gapim – bizning huquq-tartibot organlari imkoniyatlarini sinamanglar!» dedi Sherzod Asadov bu masalaga alohida to‘xtalib.

Eslatib o‘tamiz, 7 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda Qalampir.uz nashri bosh muharriri o‘rinbosari Feruza Najmiddinovani obro‘sizlantiruvchi mediamaterial tarqatildi. Shu kuni ijtimoiy tarmoqlar jurnalistga dalda beruvchi murojaatlar bilan to‘lib-toshdi. Uni hamkasblari va davlat organlaridan tashqari, prezident Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva ham qo‘llab-quvvatladi.

Mavzuga oid