O‘zbekiston | 15:53 / 10.08.2021
1518
2 daqiqa o‘qiladi

Senat aralashuvi bilan surxondaryolik 71 yoshli onaxonga shaxsni tasdiqlovchi hujjat berildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi 71 yoshli onaxonning fuqarolik pasportini ololmay yurgani haqida xabarlar tarqaldi. Mazkur holat Senat tomonidan nazoratga olinib, onaxonning muammosi hal etilgan. Bu haqda Senat axborot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, 1950 yilda Surxondaryo viloyati, Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Zibayda Mirzayeva 2018 yilda fuqarolik pasportini yangi turdagi biometrik pasportga almashtirish maqsadida tuman ichki ishlar idorasiga hujjat topshirgan. IIB tomonidan ayolga texnik sabablarga ko‘ra fuqarolik pasportini berish rad etilgan. Shundan so‘ng, onaxon shu vaqtga qadar pasport ololmay sarson bo‘lib yurgani ma'lum bo‘lgan.

Qayd etilishicha, ayol masalaga oydinlik kiritish va o‘z pasportini tiklab berishni so‘rab bir necha bor tuman ichki ishlar bo‘limiga og‘zaki murojaat qilgan. Lekin masala shu kunga qadar hal etilmagan.

Mazkur holat Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan nazoratga olinib, qisqa vaqt ichida o‘rganilgan. Natijada masala ijobiy hal etilib, 2021 yil 6 avgust kuni Z.Mirzayeva nomiga Qumqo‘rg‘on tumani IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (ID-karta) rasmiylashtirib berilgan.

Ta'kidlanishicha, bugungi kunda fuqaro Z.Mirzayevaning og‘zaki murojaatlarini o‘z vaqtida hal etish choralarini ko‘rmagan Qumqo‘rg‘on tumani IIB Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasi xodimlariga nisbatan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Mavzuga oid