SSV xususiy klinikalarda davolashdagi xatoliklar sabab bemorlarni og‘ir ahvolda Zangiotaga olib borishga to‘g‘ri kelayotganini ma'lum qildi
Sog‘liqni saqlash vazirligi koronavirusni davolashga ruxsat olgan ayrim xususiy tibbiyot muassasalarida ishlar to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilmagani oqibatida bemorlarning ahvoli og‘irlashib, o‘lim holatlari ro‘y berayotganiga yana bir bor e'tibor qaratdi.
«Joriy yil may oyidan boshlab koronavirusni davolash bo‘yicha ixtiyoriy shartnoma imzolagan xususiy shifoxonalarga ushbu kasallikni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan edi.
Biroq COVID-19 infeksiyasini davolashda qatnashayotgan ba'zi xususiy tibbiyot muassasalari shartnomada ko‘rsatilgan talablarga to‘la amal qilmayapti. U yerdagi bemorlarning barchasi ham belgilangan ko‘rsatmalar asosida davolanayotgani yo‘q.
Jumladan, bemorlarning kasallik tarixlari tahlil qilinganda, ayrim nodavlat klinikalarda kasallarga keragidan ortiq dori-darmonlar, tegishli ko‘rsatma mavjud bo‘lmasa-da, bir vaqtning o‘zida ikki va undan ortiq antibiotik va gormonlar buyurilayotgani ma'lum bo‘lmoqda.
Ayrim xususiy klinikalarda esa bemorlarga davolash standartlariga zid ravishda me'yordan ortiq darajada infuzion suyuqliklar quyilayotgani aniqlanmoqda.
Shuningdek, yetarli bilim va saviyaga ega bo‘lmagan, sanitariya-epidemiologiya qoidalariga hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan standartlarga rioya qilinmagan bunday shifoxonalarda muolaja olayotgan ko‘plab bemorlar og‘ir asoratlar bilan ixtisoslashgan davlat tibbiyot muassasalariga o‘tkazilmoqda. Bu esa tig‘iz ish tartibida faoliyat yuritayotgan davlat tibbiyot muassasalaridagi shifokorlar ishini yanada qiyinlashtirmoqda», deyiladi SSV xabarida.
Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov bu masalada fikr bildirib, COVID-19 infeksiyasiga chalingan bemorni kasallikning dastlabki bosqichida turli infuzion suyuqliklar bilan davolash, bir vaqtning o‘zida bir necha antibiotik va gormonlarni qo‘llash xastalikning tez suratda og‘ir shaklga o‘tib ketishiga sabab bo‘lishini aytib o‘tgan.
«Afsuski, bugun uy sharoitida, qolaversa, ba'zi xususiy tibbiyot muassasalarida bemorlarni davolashda aynan ana shu xatoliklarga yo‘l qo‘yilmoqda.
Buning natijasida joriy yil iyun-iyul oyida birgina Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga Toshkent va Sirdaryo viloyatlari hamda poytaxtimizdagi 20dan ziyod xususiy tibbiyot klinikasida davolangan koronavirusga chalingan 31 nafar bemor og‘ir ahvolda olib kelingan.
Bugunga kelib, ushbu bemorlarning 7 nafari shifokorlarimizning sa'y-harakatlari sabab kasallikdan butunlay sog‘aygan bo‘lsa, qolgan bemorlar jonlantirish bo‘limida davo muolajalarini olmoqda. Eng yomoni, ushbu bemorlar orasida o‘lim holatlari ham qayd etilmoqda. Bu esa achinarli holatdir.
Joriy yil 21 iyul kuni Yakkasaroy tumanida yashovchi 1989 yilda tug‘ilgan fuqaro U.Sh. Zangiota 1-yuqumli kasalliklar shifoxonasiga o‘ta og‘ir ahvolda olib kelingan. Bungacha bu bemor uy sharoitida, so‘ng poytaxtimizdagi xususiy klinikalarning birida antibakterial, puls terapiya, virusga qarshi antikoagulyant davo choralarini olgan. Bemorning umumiy ahvolida o‘zgarish bo‘lmagach, bizga murojaat qilgan.
Bemorda koronavirus infeksiyasining og‘ir darajada kechishi, ikki tomonlama pnevmoniya, o‘pka shishi, ORDS sindromi kabi belgilar aniqlangan. Afsuski, kerakli tekshiruv va davo muolajalariga qaramasdan, bu bemor shu yil 29 iyul kuni vafot etgan.
Shu o‘rinda xususiy tibbiyot klinikalarida faoliyat olib borayotgan shifokorlardan koronavirusga chalingan bemorlarni davolashda belgilangan ko‘rsatmalarga amal qilishlarini, dori vositalarini o‘rnatilgan qoidalarga muvofiq tayinlashlarini so‘rab qolaman», degan u.
Ma'lumot uchun, bugungacha Toshkent shahrida 25ta, viloyatlarda 6ta xususiy shifoxonaga COVID-19ga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha ruxsat berilgan. Avvalroq SSV koronavirus bemorlarini davolashdagi kamchiliklar tufayli Toshkent shahridagi ASIA SHINE HOSPITAL xususiy shifoxonasi bilan Toshkent shahar sog‘liqni saqlash boshqarmasi o‘rtasida koronavirusga chalingan bemorlarni davolash bo‘yicha 2021 yil 19 iyulda imzolangan shartnoma bir tomonlama bekor qilingani haqida ma'lum qilgandi.
«Vazirlik, yuqoridagilardan kelib chiqqan holda mulkchilik shaklidan qat'i nazar COVID-19 infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni davolashda belgilangan diagnostika va davolash standartlariga amal qilish lozimligini yana bir bor eslatib, ushbu davolash muassasalarda nazorat ishlari muntazam olib borilishini ma'lum qiladi», deyiladi vazirlik xabarida.
Mavzuga oid
14:19 / 07.02.2023
Neyroxirurgiya markaziga yangi direktor tayinlandi
13:50 / 19.01.2022
«Kelayotgan bemorlarning 90-95 foizida o‘pka zararlanishi kuzatilmayapti» - Zangiota shifoxonasi direktori
21:40 / 16.11.2021
Zangiotadagi COVID markazida 112 yoshli bemor tuzaldi
18:07 / 15.10.2021