Bojxona qoidalari: bojxona ekspertizasi nima?
Ba'zida bojxona nazorat postlaridan buyumlar, mollar va turli ashyolarni olib o‘tishda bojxona ekspertizasi tayinlanadi. Buni tashqi iqtisodiy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub'yektlari yaxshi anglashadi.
Davlat bojxona qo‘mitasi bilan hamkorlikda tayyorlanayotgan turkum ko‘rsatuvlarning navbatdagi sonida shu haqda so‘z boradi. Qo‘mita eksperti Muhayyo Husanova bojxona ekspertizasi haqida so‘zlab beradi.
Bojxona ekspertizasini o‘tkazish uchun asosiy me'yoriy-huquqiy hujjat Bojxona kodeksi hisoblanadi. Bojxona kodeksining 208-217 moddalarida bojxona ekspertizasi to‘g‘risida, bojxona ekspertizasini o‘tkazish tartibi belgilab berilgan. Unga ko‘ra:
Bojxona ekspertizasi shunday protsessual harakatki, unda maxsus malakali ekspert tovarlarni identifikatsiya qilish uchun fan, texnika, san'at yoki hunarmandchilik sohasidagi maxsus bilimlar asosida tadqiqotlar o‘tkazadi va xulosa beradi.
Bojxona ekspertizasining asosiy vazifasi nima?
Bojxona ekspertizasining asosiy vazifasi import qilinayotgan mahsulotlarning TIF TNga xos xalqaro kod raqamlarini to‘g‘ri belgilanganligini ilmiy asosda tadqiq qilishdan iborat. Xalqaro iqtisodiy munosabatlarda va bojxona amaliyotida import qilinadigan barcha tovarlarning to‘g‘ri TIF TN kod raqamlarini aniqlash , bojxona to‘lovlarini to‘g‘ri undirish uchun ham muhim hisoblanadi.
Nima uchun bojxona ekspertizasi o‘tkaziladi?
Bojxona ekspertizasida tovarlarni tahlil qilish, ularning kimyoviy tarkibi, tuzilishi, organoleptik, fizik-kimyoviy va boshqa ko‘rsatkichlari hamda tovarlarning ishlab chiqarish jarayonlariga oid ma'lumotlar to‘planadi. Tovarlarni to‘g‘ri nomlash, iqtisodiy munosabatlarda ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qator munozarali holatlarning oldini olish va iste'molchilarning manfaatlarini himoya qilish imkoniyatini beradi.
Bojxona ekspertizasi qanday hollarda amalga oshiriladi?
- Bojxona nazoratini amalga oshirilayotganda tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvini o‘tkazish jarayonida;
- O‘zbekiston Respublikasi TIF TNga binoan tovarning tasniflanishi bo‘yicha dastlabki qaror qabul qilishda;
- Bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik buzilishining tasdiqlangan faktlari bo‘lganda bojxona ekspertizasi amalga oshiriladi.
Ekspertiza o‘tkazish tartibi haqida
Tovarlar ekspertizasi namunaning to‘g‘ri olinishidan boshlanadi.
Bojxona ekspertizasini o‘tkazish uchun tovarlardan namuna va sinamalar Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 17 martdagi 145-son qarori asosida olinadi va bojxona ekspertiza laboratoriyasiga taqdim qilinadi. Masalan:
yengil sanoat va to‘qimachilik mahsulotlarini oladigan bo‘lsak, 3 nusxada namuna va sinamalar olinib, identifikatsiya qilish uchun bojxona ekspertiza laboratoriyasiga yuboriladi. Ekspertlar tomonidan bunday namunalar avval organoleptik ko‘rsatkichlariga ko‘ra, keyin tarkibi IK apparati orqali tekshiriladi. Tarkibida aralash moddalar borligi aniqlansa, kimyoviy usullar yordamida analizlar qilinib, mikroskop orqali tekshirilib, identifikatsiya qilinadi va natijasi bo‘yicha ekspert xulosasi tayyorlanadi. Mabodo, tovarlar o‘lchami yirik gabaritli bo‘lsa, ekspertlar joylarga chiqib tovarlar identifikatsiyasini amalga oshiradi.
Bojxona ekspertizasini o‘tkazish uchun nimalar asos bo‘la oladi?
- Bojxona organlari mansabdor shaxslarining bojxona ekspertizasini o‘tkazish to‘g‘risidagi yozma murojaati;
- Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudya qarori, sud ajrimi bojxona ekspertizasini amalga oshirish uchun asos bo‘la oladi.
Bojxona ekspertizasi kimlar tomonidan amalga oshiriladi?
Bojxona ekspertizasi bojxona ekspertlari tomonidan bojxona rasmiylashtiruvi jarayonida ma'lum bir bojxona maqsadlarida o‘tkaziladi. Ekspert – xulosa berish uchun bojxona organlarining mansabdor shaxsi, ilm-fan, texnika, san'at yoki hunarmandchilik sohasida maxsus bilimga ega, belgilangan tartibda ekspert sifatida tayinlangan boshqa tashkilotning xodimi bo‘lishi ham mumkin.
Bojxona ekspertlari sifatida asosan kimyo, kimyo-texnologiya, fizika, biologiya, tovarshunos, farmatsevtika, sanitariya-epidemiologiya yoki bojxona ishi mutaxassisligiga ega bo‘lgan, yuklatilgan vazifalarni bajara oladigan mutaxassislar tayinlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Markaziy bojxona ekspertiza laboratoriyasi 1993 yil 5 iyun kuni Bojxona laboratoriyalari uchun qo‘llanma talablari asosida tashkil etilgan. Hozirgi kunda Markaziy bojxona laboratoriyasi eng so‘nggi zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, xalqaro ISO-17025 standarti bo‘yicha akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Markaziy bojxona laboratoriyasi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilgach, bojxona ekspertlari tomonidan berilgan xulosalar nafaqat O‘zbekistonda, balki xalqaro miqyosda tan olinishiga erishiladi.
Mavzuga oid
08:59 / 08.02.2024
O‘zbekistonda tezkor tadbirda olingan farmatsevtika mahsulotlari ekspertizadan o‘tkazildi
10:21 / 12.09.2023
1 noyabrdan ijobiy ekologik ekspertiza xulosasi bo‘lmagan obektlarga nisbatan moliya operatsiyalarini to‘xtatib turish boshlanadi
13:16 / 09.08.2023
Fuqarolar NHHning korrupsiyaga qarshi ekspertizasida ishtirok etishi mumkin
19:41 / 04.07.2023