Iqlim o‘zgarishi va insoniyat. Global isish natijasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlar
Iqlim o‘zgarishi - keng tarqalayotgan, jadal va tezlashib borayotgan jarayondir. G‘arbda yashovchilar uchun ham sayyoraning isish xavfi endi faqat chekka hududlarga ta'sir qiladigan muammo emas. Dunyoning deyarli barcha qismida istiqomat qilayotgan insonlar iqlim o‘zgarishi natijasida yuzaga kelayotgan hodisalarni o‘z tanalarida his qilishmoqda.
Hukumatlararo ekspertlar guruhi Yer ilgari hisob-kitob qilinganidan ko‘ra tezroq isib borayotganini ma'lum qilishmoqda. Dunyo bo‘yicha o‘rtacha harorat 1,1 darajaga ko‘tarilgan. Bu esa 2040 yilga borib o‘rtacha harorat 1,5 darajaga oshishini bildiradi.
Issiq to‘lqinlar, kuchli shamollar, qurg‘oqchilik, suv toshqinlari va yong‘inlar yanada ko‘proq sodir bo‘la boshladi, muzliklar erishi yanada kuchaydi. Ayniqsa, joriy yilda bu jarayon judayam tezlashganini kuzatishimiz mumkin.
O‘rmon yong‘inlari
Fransiya janubi, Ispaniya va Italiyaning Sardiniya orolida keng miqyosdagi o‘rmon yong‘inlari natijasida minglab gektar maydonlardagi o‘rmon va qishloq xo‘jalik yerlariga ziyon yetdi.
13 iyul kuni Kaliforniya shimolida boshlangan va Diksi nomini olgan keng ko‘lamli yong‘inlar natijasida 200 ming gektardan ziyod maydonlar zararlandi.
Shimoliy Makedoniya hukumati yirik o‘rmon yong‘inlari sababli bir oyga inqirozli vaziyat rejimini joriy etdi.
Anomal issiq tufayli Turkiya g‘arbi va janubida ham dahshatli yong‘inlar yuz berishi natijasida sayyohlik tadbirlari, ekskursiyalar butunlay to‘xtatildi. Qishloq xo‘jalik maydonlari, fermalar yong‘in ichida qolib, chorva mollari nobud bo‘ldi.
Gretsiyada ham bir necha kundan buyon kuchli o‘rmon yong‘inlari davom etmoqda. Ofat bir haftadan ortiq vaqt mobaynida havo harorati 40 darajadan yuqori bo‘lishi oqibatida sodir bo‘lgan. Ayrim hududlarda havo harorati 47 darajagacha ko‘tarilgan.
Rossiya sharqidagi Yoqutiston Respublikasida o‘rmon yong‘inlari, rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, 6 mln gektar hududni qamrab olgan — bu Belgiya hududidan ikki barobar katta.
Jazoirdagi kuchli yong‘inlar oqibatida halok bo‘lganlar uchun mamlakatda 3 kunlik motam e'lon qilindi.
Suv toshqinlari
Tabiiy ofatlarning yana bir dahshatlisi suv toshqinlaridir. Afg‘oniston sharqida joylashgan Nuriston viloyatida yuz bergan toshqinlarda kamida 150 kishi halok bo‘ldi.
Xitoyning Jyengjou shahrida kuchli yomg‘ir yog‘ishi natijasida suv toshqinlari sodir bo‘ldi va bir qancha insonlarning hayotiga nuqta qo‘yildi.
Hindistonning Goa va Maharashtra shtatlarida ro‘y bergan keng ko‘lamli suv toshqinlaridan keyin minglab binolar vayron bo‘ldi.
Belgiyada 14–16 iyul kunlari yuz bergan toshqinlar 10 mlrd yevrodan ko‘proq zarar yetkazgan.
G‘arbiy Germaniyada minglab odamlar suv toshqinlari sabab uylarini tark etdi, 100 mingdan ortiq kishi elektr ta'minotisiz qoldi.
Anomal issiq
3–7 iyun kunlari Toshkentda uch asrning maksimum harorati kuzatilgani qayd etilgandi. Poytaxtda 5, 7 va 8 iyul kunlari yana rekord darajadagi issiq harorat takrorlandi.
Fransiyaning ijtimoiy masalalar va sog‘liqni saqlash vaziri Anes Byuzen yozda kuzatilgan anomal issiqlik 1,5 ming kishining o‘limiga sabab bo‘lganini ma'lum qildi.
Kanadaning Britan Kolumbiyasi provinsiyasida anomal issiq havo sababli deyarli 500 kishi vafot etgan. Provinsiyada havo harorati rekord ko‘rsatkich — 49,6 darajaga yetgan. Bungacha Kanadada harorat 45 darajadan oshmagan.
Yaponiyada sakkiz mingdan ortiq odam kasalxonalarga yotqizilgan. Bunga jazirama tufayli issiqlik urishi sabab sifatida ko‘rsatilgan.
Bu hodisalarning har biridan iqlim o‘zgarishi insoniyatga qanchalik xavf tug‘dira boshlaganini ko‘rishimiz mumkin.
Mutaxassislar asrlar davomida dengiz sathining ko‘tarilishini bashorat qilmoqdalar, ilgari «asr toshqini» deb hisoblangan narsa 80 yil ichida har yili sodir bo‘ladigan hodisaga aylanishi mumkin.
«Cloud to Street» kompaniyasi mutaxassislari tomonidan olib borilgan tadqiqotlarga ko‘ra, XXI asr boshidan buyon suv toshqinidan jabr ko‘rgan odamlar soni 24 foizga ortgan. Bu ko‘rsatkich olimlarning prognozidan 10 barobar ko‘p.
Olimlarning hisob-kitobicha, 2000 yildan 2018 yilgacha toshqinlar sayyoramizning 2,23 mln kvadrat kilometrlik hududiga zarar keltirgan, toshqinlardan 290 millionga yaqin kishi jabr ko‘rgan.
Suv toshqinlarining qariyb 90 foizi Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga, ayniqsa Hind, Ganga-Braxmaputra va Mekong daryolari mintaqasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Bundan tashqari, sun'iy yo‘ldosh ma'lumotlari Lotin Amerikasining janubiy qismi, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlarida ham suv toshqinlari ko‘payganini ko‘rsatadi.
Iqlim va demografik o‘zgarishlar tufayli 2030 yilga borib suv toshqinlari yana 25ta mamlakatda yuz bera boshlashi prognoz qilinmoqda.
Greenpeace Australia Pacific tadqiqotlar bo‘limi boshlig‘i Nikola Kazulening ta'kidlashicha, global isish oqibatida Tinch okeanidagi ayrim orol davlatlar yo‘q bo‘lib ketishi mumkin. «Dunyo okeani sathining ko‘tarilishi Kiribati, Vanuatu va Sulaymon orollarini yashash uchun yaroqsiz holga keltiradi», deydi mutaxassis.
Ma'lumot berilishicha, 1900 yildan buyon dunyo okeani sathi 20 santimetrga ko‘tarilgan.
Iqlim o‘zgarishining asosiy sababi nimada?
Mutaxassislar iqlim o‘zgarishining asosiy omili issiqxona effekti ekanligini ta'kidlashadi. Quyoshdan kelgan issiqlikning Yer sathida jamlanib, dimlanib qolishi issiqxona effekti deyiladi. Ya'ni quyoshdan kelgan nurni Yer ham o‘z navbatida atmosfera orqali koinotga qaytaradi. Ushbu nurlarning bir qismi koinotga chiqib ketish o‘rniga odamlardan chiqarilgan turli gazlarga yutiladi. Uning koinotga qaytib chiqib ketmasligi oqibatida Yer yuzi me'yoridan ortiq qiziydi va iqlimga ta'sir ko‘rsatadigan issiqxona qatlami hosil bo‘ladi.
Natijada sutka mobaynida eng yuqori va eng past harorat orasida kam farq bo‘ladi. Ya'ni odamlar va tabiat tunda ham kunduzgi kabi issiq va dim havo ta'sirida qoladi. Bunday sutkalik issiqlik esa keskin isish hodisasini keltirib chiqaradi.
Issiqxona effektini hosil qiluvchi asosiy gaz bu – karbonat angidrid. U atmosferaga ham tabiiy, ham sun'iy yo‘l bilan qo‘shiladi. Metan, azot oksidi kabi boshqa iflos gazlar havoga inson omili tufayli chiqarilib, bular bir butun issiqxona effekti darajasini belgilaydi.
Issiqxona effektini hosil qiluvchi gaz konsentratsiyalarining ortishi, sayyorada tabiiy issiqlik balansini buzadi va antropogen issiqxona effektini keltirib chiqaradi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, 2100 yilga borib issiqxona effekti oqibatida global yalpi ichki mahsulot 20 foizdan ortiqqa pasayishi mumkin.
Shuningdek, hozirgi kunda asosiy muammolar sifatida antropogen omillar ta'siri va qurg‘oqchilik natijasida uglerod gazini yutuvchi o‘rmon maydonlari keskin qisqarib ketishi, ozon qatlamining yemirilishi, yovvoyi tabiat maydonlarining qisqarib borayotganini ham keltirib o‘tish mumkin.
Iqlim o‘zgarishi O‘zbekistonda ham qator salbiy oqibatlarga olib kelyapti:
- Harorat ko‘tarilishi natijasida suvning bug‘lanish koeffitsiyenti oshishi hududlarda suv resurslari kamayishiga, tanqisligiga ta'sir etmoqda;
- Ekologik tanglik oqibatida yil davomida umuman yog‘ingarchilik bo‘lmagan kunlar soni ko‘paymoqda;
- Tuproqning namligi kamayishi hisobiga takroriy qurg‘oqchilik xavfi ortmoqda va hosildorlik ko‘rsatkichlari tushib ketmoqda;
- Orol dengiziga quyiladigan suv hajmining kamayishi daryo deltasining cho‘lga aylanishi va qurigan dengiz tubida yangi cho‘l maydonlari paydo bo‘lishini tezlashtiryapti;
- Atmosfera havosida katta maydonlarda changlanish ortmoqda;
- Isish va sovish kabi anomal hodisalarning o‘zgarishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va mevalarning nobud bo‘lishiga olib kelmoqda.
Mutaxassislar iqlim o‘zgarishining oldini olish uchun bir qancha tavsiyalar berishgan:
- qazib olinadigan yoqilg‘idan foydalanishni kamaytirish va qayta tiklanadigan energiya manbalariga o‘tish;
- energiya samaradorligini oshirish va sohalarni energiya tejovchi texnologiyalar bilan modernizatsiya qilish;
- tabiatda yashillikni ko‘paytirish, o‘rmon yong‘inlarining oldini olish, daraxtzorlarni ko‘paytirish;
- ekologik toza qishloq xo‘jaligiga o‘tish;
- tuproq tarkibidagi organik moddalarni saqlab qolish (chunki ularning yo‘qolishi to‘g‘ridan to‘g‘ri issiqxona effektiga ta'sir qiladi);
- ekologik tejamkor transport turlariga o‘tish.
Xulosa
Iqlim ko‘rsatkichlarining yil sayin tobora yomonlashib borayotganini insoniyat Yerdan shafqatsizlarcha foydalanishni davom ettirayotgani bilan bog‘lash mumkin. Ko‘pchilik davlatlar tomonidan bu jarayon xavfsizlikka qarshi eng katta tahdid sifatida ko‘rilmoqda. Dunyo bo‘ylab sodir bo‘lgan ayanchli hodisalar ekologik xavfsizlikni ta'minlashning qo‘shimcha mexanizmlarini ishlab chiqishga yetarli darajada kuchli turtki berishi kerak. Yo‘qsa keyinchalik juda kech bo‘lishi mumkin.
Doston Ahrorov
Mavzuga oid
01:00 / 09.11.2024
Iqlimshunoslar badavlat insonlarni shaxsiy samolyotlaridan «taksi sifatida» foydalanmaslikka chaqirdi
19:23 / 28.10.2024
Dunyoda issiqxona gazlari 2023 yilda yangi maksimumga chiqqani ma’lum qilindi
14:54 / 26.10.2024
Issiqxona gazlarini okeanga “qamab qo‘yish” usuli topildi
10:50 / 21.10.2024