O‘zbekiston | 16:36 / 12.08.2021
10623
2 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda transport vaziri va hokim o‘rinbosari jarimaga tortildi

Tadbirkorlar murojaatlariga vaqtida javob bermagan Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri va Qonliko‘l tumani hokimi o‘rinbosari sud qaroriga asosan ma'muriy javobgarlikka tortildi.

Biznes-ombudsmanning xabar berishicha, Nukus shahri va Qonliko‘l tumanida faoliyat yurituvchi 2 tadbirkor tomonidan yo‘llangan murojaatlarga qonunchilikda belgilangan muddatda javob bermagan mansabdor shaxslar sud qaroriga asosan jarimaga tortilgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, Nukus shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi “Avtotrans XXX” MChJ (nomi o‘zgartirilgan) tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Transport vazirligiga murojaat yuborilgan, ammo murojaat belgilangan muddatda ko‘rilmagan.

Xuddi shunday holatga Qonliko‘l tumanida faoliyat ko‘rsatuvchi “Green World” MChJ ham uchragan. Jamiyatning yer maydonini qaytarib berish yuzasidan murojaati Qonliko‘l tuman hokimligiga yuborilgan.

Qonunchilikka muvofiq, tadbirkorlarning arizalari davlat organiga kelib tushgan kundan e'tiboran 15 kun ichida, qo‘shimcha o‘rganish talab etilganda esa bir oygacha bo‘lgan muddatda ko‘rib chiqiladi. Belgilangan muddatni buzish Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga muvofiq mansabdor shaxsga nisbatan jarima solish uchun asos bo‘ladi.

“Bizning amaliyotimizda davlat organlari tomonidan tadbirkorlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish muddatlarini buzish holatlari aniqlanadi.

Ikki holat yuzasidan Biznes-ombudsman tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri va Qonliko‘l tumani hokimining o‘rinbosariga nisbatan ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnomalar rasmiylashtirildi. Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Nukus shahar va Qonliko‘l tumani sudlarining qarorlari bilan yuqoridagi mansabdor shaxslarga nisbatan ma'muriy jarima jazo chorasi qo‘llandi”, — deyiladi Biznes-ombudsman xabarida.

Biznes-ombudsmanning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 43-moddasiga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi transport vaziri va Qonliko‘l tuman hokimi o‘rinbosari BHMning 1 barobari miqdorida jarimaga tortilgan.

 

Mavzuga oid