O‘zbekiston | 19:01 / 15.08.2021
68596
3 daqiqa o‘qiladi

Mirziyoyev Putin bilan Afg‘onistondagi vaziyatni muhokama qildi

Shavkat Mirziyoyev Vladimir Putin bilan Afg‘onistondagi vaziyat bo‘yicha telefon orqali muloqot qildi, unda daxldor vazirlik va idoralar o‘rtasida aloqalarni faollashtirish, doimiy o‘zaro kontaktda bo‘lib turish bo‘yicha kelishib olindi.

15 avgust kuni O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqot qildi.

«Suhbatda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Davlat rahbarlari Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat bo‘yicha fikr almashdilar.

Mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash borasida ikki mamlakatning tegishli idoralari o‘rtasida yaqin aloqalar va hamkorlikni davom ettirish yuzasidan kelishuvga erishildi», deyiladi prezident matbuot xizmati xabarida.

15 avgust kuni toliblar Afg‘onistonning barcha hududlarini egallab, poytaxt Kobulni qurshovga oldi. Tomonlar tinch aholi o‘rtasidagi qurbonlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, hokimiyatni tinch yo‘l bilan o‘tkazishga qaror qilishgan.

So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, prezident Ashraf G‘ani, uning milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Hamidulla Muhib hamda prezident administratsiyasi rahbari Fazl Mahmud Fazli Tojikistonga yo‘l olgan, bu yerdan ular uchinchi mamlakatga uchib ketishni rejalashtirgan.

15 avgustga o‘tar kechasi Afg‘oniston shimolidagi Mozori Sharif toliblar qo‘liga o‘tgach, ushbu shahar mudofaasida qatnashgan harbiylar, Amudaryo bo‘yiga kelib, Hayraton va Termiz shaharlarini bog‘lovchi ko‘prik orqali O‘zbekistonga chekinmoqchi bo‘ldi. Dastlabki 84 kishidan iborat bo‘lgan guruh O‘zbekiston hududiga qabul qilingan, keyingi guruhlar ortga qaytarilgan.

Tashqi ishlar vaziri rasmiy vakili Yusuf Kabuljanovning ma'lum qilishicha, O‘zbekiston hukumati Afg‘onistondan O‘zbekistonga o‘tgan qochqinlar masalasida amaldagi hukumat va «Tolibon» harakati bilan muzokaralar o‘tkazmoqda.

Kabuljanov Afg‘onistondagi vaziyatga qaramay O‘zbekistonning Kobuldagi elchixonasi va Mozori Sharifdagi konsulligi faoliyatini davom ettirayotgani, xodimlar hali evakuatsiya qilinmaganini bildirgan.

Mavzuga oid