Kobul aeroportida xaos: minglab odamlar uchib ketishni istamoqda, ammo reys yo‘q
15 avgust kuni «Tolibon» kuchlari poytaxtga kirgach, kobulliklar mamlakatni tark etishga shoshildi. Toliblar tinch aholining xavfsizligi kafolatlanishiga va'da berayotgan bo‘lsa-da, minglab afg‘onlar shahardan uchib ketish uchun aeroportga yopirilgan, bu holat 16 avgust kuni ham saqlanib qolmoqda.
Yuzlab kishilardan iborat olomon Kobul aeroportining uchish maydoniga yorib kirgan, AFP agentligi xabariga ko‘ra, amerikalik harbiylar ogohlantiruvchi o‘qlar uza boshlagan.
BFM telekanali guvohlarning videoyozuvlarini e'lon qilgan, unda yuzlab kishilar to‘siqlarni buzib o‘tib, samolyotlar traplariga chiqib olishga urinayotgani aks etgan, bu fonda o‘q ovozlari eshitiladi.
Aeroport ma'muriyati voqea joyiga kelmagan - ayni vaqtda barcha tijoriy reyslar bekor qilingan.
Kobul aeroportida bir necha kishi halok bo‘ldi
Wall Street Journal nashri xabar berishicha, Kobul aeroportining yo‘lovchilar terminalidagi otishma oqibatida uch kishi halok bo‘lgan. Al Arabiya esa qurbonlar soni besh nafarligini aytmoqda.
Minglab afg‘onistonliklar mamlakatni tark etish umidida aeroportga oqib kelishda davom etmoqda.
Nashrning yozishicha, guvohlar qonga belangan jasadlar terminal polida yotgani haqida xabar berishgan. Amerikalik harbiylar hozircha holat yuzasidan izoh bermadi.
Avvalroq, olomon aeroportning uchish maydoniga yorib kirgach, amerikalik harbiy xizmatchilar ogohlantiruvchi o‘qlar uzishgani ma'lum qilingandi.
Tijoriy reyslar vaqtinchalik to‘xtatilgan
Yakshanba kuni NATO xavfsizlik nuqtayi nazaridan xalqaro aviakompaniyalarga Kobul aeroportidan yo‘lovchi reyslar amalga oshirish vaqtincha taqiqlanganini ma'lum qilgandi.
Hozirda aeroportdan faqat harbiy samolyotlar uchishiga ruxsat berilmoqda.
Britaniyaning British Airways aviakompaniyasi Afg‘oniston ustidan uchishni vaqtincha to‘xtatganini ma'lum qilgan. Irlandiyaning KLM kompaniyasi rahbariyati ham shunday ko‘rsatma bergan, Bangkok va Singapur yo‘nalishida uchuvchi yo‘lovchilar Afg‘onistonni aylanib o‘tish zarurati tufayli parvoz vaqti uzayishidan ogohlantirilmoqda.
Bugun Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi ham shunday qarorga keldi - samolyotlar Afg‘oniston hududini aylanib uchadi.
Qayd etish kerakki, bu mamlakatning yangi hukumati uchun navbatdagi yoqimsiz holat - Afg‘oniston Islom amirligi havo hududidagi parvozlar uchun keladigan tushumning katta qismidan mahrum bo‘lishi mumkin.
Kobul aeroportidagi xaos
Yaqin kunlar davomida G‘arb mamlakatlari fuqarolari va diplomatlari evakuatsiyasi uchun platsdarm vazifasini o‘tovchi Kobuldagi aeroportda ro‘y berayotgan hodisa guvohlaridan biri BBC bilan suhbatlashdi.
«Uchishlar zalida aeroportga kelgan amaldorlar va deputatlar uchun maxfiy ravishda uchish talonlari to‘g‘rilab berilgani haqida mish-mish tarqalgach, bu yerda haqiqiy tartibsizliklar boshlandi.
Men uch nafar sobiq deputat, bir necha vazir o‘rinbosarlari va boshqa taniqli shaxslar navbatda turganini ko‘rdim. Ular oldindan bron qilishmagan. Biz sakkiz soat davomida kutib turdik, keyin aeroport xodimlari keta boshladi...
Tarqalgan mish-mishlar tufayli vaziyat xaosga aylanib ketdi.
Yo‘lovchilarning bir qismi aeroportni tark etdi, qolganlar samolyotlarga chiqarish hududi tomon yo‘l oldi. Pasport nazorati xonalarida hech kim yo‘q edi, o‘tkazish turniketlari esa sinib yotgandi.
Bagajni tekshiradiganlar ham joyida emas, biz osongina chiqish eshiklari tomon bordik, geyt va samolyotlar turadigan hudud o‘rtasidagi shishali eshiklar sindirib tashlangandi. Odamlar aeroportdagi so‘nggi samolyot tomon chopishdi (biz chiqishimiz kerak bo‘lgan avvalgi samolyot allaqachon amaldorlarni olib uchib ketgandi).
Yana bir reys bor edi, odamlar unga chiqish uchun haqiqiy harakat qilishardi, tiqilinch yuzaga keldi.
Biz ortga qaytdik va yo‘lda ko‘plab odamlar uchish-qo‘nish yo‘lagi yaqinidagi samolyot qanotlari ostida o‘zlariga ham joy tegishidan umid qilib o‘tirishganiga guvoh bo‘ldik. Odamlar shokda edi - hamma bir samolyotdan boshqasiga qarab chopar, nima qilishni bilishmasdi.
Biz tashqariga chiqib, mashinaga o‘tirdik, bu yerda qurollangan qo‘riqchilar turardi. Odamlar umidsizlikka tushgan; kimdir aeroport ichkarisiga yugurar, kimdir u yerdan chopib chiqardi. Aeroport qo‘riqchilari odamlarni tarqatish uchun havoga o‘q uzishni boshladi. Bir necha daqiqa o‘tib aeroportga olib boruvchi yo‘lda eshiklari ochiq qoldirilgan bir necha politsiya avtomobillarini ko‘rdim. Har tomondan o‘q ovozlari kelib turar, havoda vertolyotlar uchardi».
AQSh Davlat departamenti Kobuldagi elchixona xodimlarini aeroport hududiga evakuatsiya qilish jarayoni yakuniga yetgani haqida ma'lum qilgan. Pentagon vakili AQSh yaqin vaqtlar ichida Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlashga jalb etilgan harbiylar sonini 6 mingga oshirishi haqida ma'lumot bergan.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, AQShning o‘nlab harbiy transport samolyotlari amerikalik diplomatlar, NATO xodimlari va G‘arbga toliblarga qarshi kurashda yordam bergan afg‘onlarni evakuatsiya qilish uchun yo‘naltirilgan.
Bundan tashqari, ushbu amaliyotga Britaniyaning 10ta, Kanadaning 4ta samolyoti ham jalb etilgan. Yaqin soatlarda Germaniya va Ispaniya samolyotlari ham kelishi kutilmoqda.
Mavzuga oid
21:44 / 09.11.2024
Afg‘onistonda IIV, Mudofaa vazirligi va razvedka qurol-yarog‘ berish huquqidan mahrum etildi
18:05 / 06.11.2024
Afg‘onistonda ko‘knori yetishtirish hajmi yana oshmoqda - BMT
14:12 / 06.11.2024
O‘zbekiston va YeI afg‘on masalasi bo‘yicha o‘zaro maslahatlashuvni davom ettiradi
22:45 / 02.11.2024