Jahon | 21:11 / 17.08.2021
44789
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘oniston sobiq birinchi vitse-prezidenti o‘zini prezident deb e'lon qildi va xalqni toliblarga qarshi kurashishga chaqirdi

Afg‘onistonning sobiq ikkinchi vitse-prezidenti Sarvar Donish Kobuldan Istanbulga uchib ketgani aytilmoqda.

Afg‘oniston sobiq birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih xalqni toliblarga qarshi kurashishga chaqirdi, deb xabar bermoqda Interfaks.

«Biz afg‘onlar Afg‘oniston Vetnam emasligini, toliblar esa Vetkong emasligini isbotlashimiz kerak. AQSh/NATOdan farqli o‘laroq, biz ruhimizni tushirmadik va oldinda ulkan imkoniyatlarni ko‘ryapmiz. Qarshilik ko‘rsatishga qo‘shiling», — deb yozdi Solih Twitter’da.

U shuningdek, hozirgi sharoitda o‘zini davlatning qonuniy rahbari sifatida ko‘rayotganini aytdi.

«Afg‘oniston konstitutsiyasiga muvofiq, prezident yo‘qligida, qochib ketganida, iste'foga chiqqanida yoki vafot etganida birinchi vitse-prezident prezident vazifasini bajaruvchi hisoblanadi. Ayni vaqtda men o‘z mamlakatimdaman va qonuniy prezident hisoblanaman», — deya qayd etdi Solih.

Afg‘onistonning sobiq ikkinchi vitse-prezidenti Sarvar Donish Kobuldan Istanbulga uchib ketgani aytilmoqda.

Afg‘oniston sobiq prezidenti Ashraf G‘ani 15 avgust kuni mamlakatni tark etgandi. Uning qayerda ekanligi hozircha aniq emas.

Mavzuga oid