Afg‘onistonda toliblar boshqaruvidagi birinchi kun. Asosiy ma'lumotlar
Minglab odamlar mamlakatdan qochishga urinishda davom etmoqda. «Tolibon» tinch hayot va'da qilmoqda. Rossiya toliblar bilan aloqa o‘rnatmoqda.
Minglab odamlar Kobul aeroportidan evakuatsiya reyslari orqali uchib ketishga harakat qilmoqda. Amerikalik harbiylar tomonidan qo‘riqlanayotgan aeroport — ayni vaqtda Afg‘onistonni tark etish uchun yagona yo‘l. 16 avgustga o‘tar kechasi bu aeroport tijoriy reyslarni amalga oshirishni to‘xtatdi — bu esa odamlar orasida vahima uyg‘otdi, yuzlab kishilar uchish-qo‘nish yo‘lagiga chopib chiqishdi va ayrimlar yerda turgan samolyotlarning fyuzelyaj qismiga chiqib olishgan. Amerika harbiylari parvozlarga xalal berayotgan olomonni tarqatish uchun havoga ogohlantiruvchi o‘qlar uzdi. Tiqilinch va samolyotdan qulash holatlari oqibatida jami yetti kishi halok bo‘ldi, shuningdek, ikki nafar qurollangan shaxs amerikalik harbiylar tomonidan otib o‘ldirilgani xabar qilingan. 16 avgust kuni parvozlar to‘xtatildi. Shundan so‘ng harbiylar aeroportni to‘liq nazorat ostiga olib, samolyotlar xavfsiz qo‘nishi va uchib ketishini ta'minlash uchun to‘plangan odamlarni haydab chiqarish ishlarini boshlagan. Shu kuni Chexiya tomonidan evakuatsiya ishlari uchun yo‘llangan ikki samolyot uchish-qo‘nish yo‘lagida to‘plangan odamlar tufayli qo‘na olmagan, natijada samolyotlar Ozarboyjonga yo‘naltirilgan. Shuningdek, Germaniya harbiy samolyoti shu sabab tufayli O‘zbekistonga qo‘nishga majbur bo‘lgan.
Afg‘onistonni mahalliy harbiylar ham yoppasiga tark etishgan — O‘zbekiston tomoni 14-15 avgust kunlari mamlakat havo hududiga 22 samolyot va 24 vertolyot noqonuniy kirgani, ularning bortida jami 585 kishi bo‘lgani haqida xabar qildi. Shuningdek, 158 nafar afg‘on fuqarolari va qurollangan harbiy xizmatchilari daryo orqali Termiz tumani hududiga qonunga xilof ravishda o‘tishgan.
AQSh Kobul aeroporti xavfsizligini ta'minlash uchun harbiy kontingentni kengaytirmoqchi — ayni vaqtda Afg‘oniston poytaxtida bo‘lib turgan besh ming harbiyga yana ikki ming kishi qo‘shiladi. Ushbu mamlakatdagi Amerika kuchlari qo‘mondoni mamlakatni tark etishni ixtiyor etgan afg‘onlarning evakuatsiyasi bo‘yicha kelishuvga erishish uchun toliblar bilan uchrashishni rejalashtirgan. Shuningdek, AQSh Qurolli kuchlari markaziy qo‘mondonligi qo‘mondoni general Kennet Makkenzi Dohada «Tolibon» vakillari bilan uchrashuv o‘tkazgan. Dunyoning 60dan ortiq davlatlari toliblarni Afg‘onistondan ketmoqchi bo‘lganlarning erkin ketishini ta'minlashga chaqirdi. BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish dunyoning barcha mamlakatlaridan Afg‘onistondan kelgan qochqinlarga boshpana berishni rad etmaslik va kelganlarni ortga qaytarmaslikni so‘radi .
Fransiya prezidenti Emmannuel Makron evakuatsiya jarayonini tashkillashtirishda amerikaliklarga yordam uchun Parijdan ikki harbiy samolyot va maxsus harbiy bo‘linmalar yuborilishini ma'lum qildi. Buyuk Britaniyadan ham yana 200 nafar harbiy xizmatchi keladi.
Chiqish reyslari bo‘yicha dispetcherlik nazorati harbiylarga topshirilgan — shu munosabat bilan Afg‘oniston fuqarolik aviatsiyasi rahbariyati bundan buyon tranzit reyslarga kerakli yordam ko‘rsata olmasligini bildirgan va mamlakat ustidan uchuvchi aviakompaniyalarga o‘z marshrutlarini o‘zgartirishni tavsiya etgan.
G‘arb mamlakatlari Afg‘onistondan minglab kishilarni evakuatsiya qilishni rejalashtirgan. O‘z fuqarolari va diplomatlardan tashqari, ayrim g‘arb mamlakatlari Afg‘onistondan o‘zlari bilan hamkorlik qilib kelgan afg‘onistonliklarni, shuningdek, hayoti xavf ostida qolayotgan boshqalarni — masalan, huquq himoyachilarini ham olib ketmoqchi.
Birgina Germaniya jami 10 ming kishini olib chiqmoqchi — Reuters xabariga ko‘ra, kansler Angela Merkel yopiq yig‘ilish chog‘ida shunday raqamlar haqida gapirgan. Amerikalik urush faxriysi «Al-Jazira» muxbiri bilan suhbatda AQSh bilan hamkorlik qilgani uchun evakuatsiyaga ehtiyoj sezadigan afg‘onistonliklar soni taxminan 44 ming kishini tashkil etishi haqida aytgan. Hozirda G‘arb harbiylariga yordam ko‘rsatgan afg‘onistonliklarga hujum bo‘yicha bir holat ma'lum: toliblar o‘z vaqtida Chexiyadan kelgan harbiy xizmatchilarga tarjimonlik qilgan mahalliy aholi vakilini o‘g‘irlab ketishgan.
«Tolibon» Afg‘onistonda urush yakunlangani haqida e'lon qilgan. Qatardagi siyosiy ofis vakili Muhammad Naym yaqin vaqtlar ichida toliblar mamlakat boshqaruv shaklini belgilab olishlarini ma'lum qilgan va ular Afg‘onistonni izolyatsiya holatiga solish niyatida emasliklarini qayd etgan. Reuters agentligining guruh rahbariyatiga yaqin manbasi «Tolibon» otryadlariga afg‘onlarning kundalik hayotiga aralashmaslik bo‘yicha buyruq berilganini ma'lum qilgan.
Toliblar rahbariyati davlat xizmatchilariga ish joylariga qaytish bo‘yicha rasman taklif bergan, ularning «huquqlari buzilmasligi»ni kafolatlagan — ayollardan ham bir shart bilan ishga chiqish taklif qilingan, ular hijobda bo‘lishlari kerak. Harakatning rasmiy vakili harakat a'zolari Kobul ko‘chalaridagi xavfsizlikni ta'minlashi va sobiq amaldorlarga hujum qilmoqchi bo‘lganlar qo‘lga olinishini ma'lum qilgan. Shuningdek, «Tolibon» fuqarolardan qurollarni musodara qilishga kirishgan, bu endi ko‘chalar xavfsizligi ta'minlanishi va shaxsiy himoya quroliga hojat yo‘qligi bilan izohlangan.
«Al-Jazira» korrespondenti xabar berishicha, Kobul ko‘chalarida kunning asosiy vaqtida xotirjamlik hukm surmoqda. 16 avgust kuni kunning ikkinchi yarmida shaharda yana do‘konlar va restoranlar ochilgan, shahar ko‘chalari yana odamlar bilan gavjumlasha boshlagan — xususan, ayollar ham ko‘chalarga chiqqan va ularning ayrimlari odatiy liboslarda bo‘lishgan. O‘z navbatida, CNN korrespondenti Klarissa Uord shahar ko‘chalaridan tayyorlangan reportajida ko‘chalarga chiqayotgan ayollar soni ancha kamaygani, unga uchragan ayollarning deyarli barchasi odatdagidan ko‘ra yanada konservativroq kiyinganiga e'tibor qaratgan. Uning o‘zi ham reportajda hijob kiygan holda chiqqan.
Rossiya TIV Afg‘onistonning yangi hukumati bilan ishchi kontaktlar o‘rnatilgani haqida ma'lum qildi. Muassasa bayonotida barcha tomonlar zo‘ravonlikdan tiyilishga chaqirilgan va umumiy vaziyat «barqarorlashgani», toliblar mahalliy aholi hamda xorijiy dipmissiyalar xodimlari xavfsizligini kafolatlagani qayd etilgan.
Rossiya prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Zamir Kabulov Rossiyaning Markaziy Osiyodagi ittifoqchilariga nisbatan xavf ko‘rmayotganini bildirib, toliblar bilan kelishish avvalgi «marionetka hukumat» bilan kelishishdan ancha osonroqligini aytib o‘tgan. Kabulov Moskva «Afg‘onistonning yangi hukumati bilan hamkorlik uchun oldindan zamin tayyorlagani» va «bu aktivdan Rossiya Federatsiyasining uzoq muddatli manfaatlari yo‘lida foydalanilishi»ni aytgan. U shuningdek, Afg‘onistondan qochib ketgan Ashraf G‘ani afg‘on xalqi tomonidan sud qilinishi kerakligini aytdi. Dunyoning yirik davlatlaridan yana biri Xitoy ham toliblar rejimi bilan «do‘stona munosabatlar» qurmoqchi. Kobulda ayni paytda faqat Rossiya va Xitoy elchixonalari ishlamoqda. «Tolibon» afg‘on harbiylari o‘rniga Kobuldagi Rossiya elchixonasini qo‘riqlashni boshladi. BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida hozircha Afg‘onistonning yangi hukumatini tan olish masalasi ko‘tarilmagan, kengash bayonoti faqatgina yangi «yagona, inklyuziv va vakolatli» hukumatni tinch muzokaralar yo‘li bilan shakllantirishga chaqiriqdan iborat.
Mavzuga oid
19:21 / 01.11.2024
Oxunzoda va Haqqoniy qarama-qarshiligi: «Tolibon» rahbariyatida nizo avj oldimi?
23:27 / 27.10.2024
OAV: «Tolibon» ayollarga bir-biri bilan gaplashishni taqiqladi
20:59 / 14.10.2024
«Tolibon» OAVda tirik mavjudotlar tasvirini taqiqlashga va’da berdi
19:30 / 14.10.2024