Jamiyat | 19:57 / 18.08.2021
2449
2 daqiqa o‘qiladi

Kosonda o‘qituvchilar saylov uchastkasini bezatishga jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi munosabat bildirdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Koson tumanidagi Pedagogika kollejida va tumandagi boshqa maktablarda joylashgan saylov uchastkalarini bezatishga o‘qituvchilar jalb qilingani haqida xabarlar tarqaldi. Tuman hokimligi axborot xizmati xabar bo‘yicha munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, ijtimoiy tarmoqlar orqali Koson tumanidagi Pedagogika kollejida yangi o‘quv yili boshlanishi arafasida o‘qituvchilar saylov uchastkasini bezatishga jalb qilingani haqida xabarlar tarqatilgan. Xabarda ismi sir tutilishini istagan o‘qituvchi tuman hokimining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan o‘qituvchilarni maktablarda tashkil etilgan saylov uchastkalarini bezashga jalb etish bo‘yicha og‘zaki topshiriq berganlikda ayblagan.

Koson hokimligi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, tumandagi Pedagogika kolleji o‘qituvchilari ayni kunlarda ta'tilga chiqarilgan. Kollejda hech qanday saylov uchastkasi tashkil etilmagan. Ayni kunlarda bu yerda qurilish-ta'mirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

«Ismi oshkor etilmagan murojaatchi, hokimning yoshlar ishlari bo‘yicha o‘rinbosarini og‘zaki topshirig‘i bilan plakatlar osish, taklifnoma, anketa chiqarish va tarqatish o‘qituvchilarga yuklanganini aytadi. Ammo uning bu vaji ham haqiqat emas. Qolaversa, saylov bilan bog‘liq jarayonlarni tashkillashtirish tuman hokimining yoshlar bo‘yicha o‘rinbosari vazifasiga kirmaydi. Ijtimoiy tarmoq faollaridan tekshirilmagan va o‘rganilmagan yolg‘on hamda mish-mishlarga asoslangan xabarlarni tarqatmasliklarini so‘raymiz», deyiladi munosabatda.

Mavzuga oid