Qarshida sportchining o‘ldirilishi: Zo‘ravonlar uni ko‘p qavatli uy oldida poylab turishgan
Qarshi shahrida viloyatda taniqli sportchi Elbek Rahimovning bir guruh shaxslar tomonidan kaltaklanishi tasvirlangan videotasvir, keyinroq uning murdasi topilgani haqidagi xabar tarqaldi.
Kun.uz muxbirlari voqea yuz bergan joyda bo‘lishdi va voqea guvohlari bilan suhbatlashishdi.
Ma'lum bo‘lishicha, voqea Qarshi shahrining qoq markazida joylashgan «Cho‘lquvar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida sodir bo‘lgan. O‘sha yerdagi ko‘p qavatli uyga tanishinikiga kelgani aytilayotgan Elbek Rahimovni bir guruh yigitlar tashqarida kutib olishgan va kaltaklay boshlashgan.
Elbek ta'qibchilaridan yo‘lga qochib chiqqan, biroq yigitlar unga yetib olib, pichoq yordamida og‘ir tan jarohati yetkazib, davlat raqamlari yechib olingan qora tusli «Chevrolet Gentra» avtomashinasiga majburlab o‘tqazib, noma'lum tomonga olib ketishgan.
Ushbu tasvir do‘konlardan birining peshtoqiga o‘rnatilgan videokamera orqali yozib olingan. O‘sha tasvirlar internetda tarqalgan.
Voqea guvohlaridan biri, o‘sha yerdagi go‘zallik salonida ishlovchi Sh. ismli qiz voqea 17 avgust kuni ertalab soat 9:40lar atrofida sodir bo‘lgani, Elbek Rahimovga qanday tashlanishganini o‘z ko‘zi bilan ko‘rgani, biroq yordam qilishga jazm eta olmagani, 102 raqamiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qilib, ichki ishlar bo‘limiga voqeani xabar qilgani, faqat oradan kamida 20 daqiqa o‘tib ichki ishlar bo‘limi xodimlari yetib kelishganini aytib o‘tdi.
Mash'um voqea kuppa-kunduzi 40 chog‘li odamning ko‘z o‘ngida sodir bo‘lganiga qaramasdan, fuqarolar faqat tomoshabin bo‘lib turishgan.
Shu yerda ishlovchi Hulkar Jalilovaning boshqalarga tayanib aytishicha, zo‘ravonlar mashinani sal nariroqdagi mahallagacha haydab borib, E.Rahimovni mashina salonidan chiqarib, uning yukxonasiga solishgan va yo‘lda davom etishgan.
Eng hayratlanarlisi, janjal «Cho‘lquvar» mahalla fuqarolar yig‘ini binosi joylashgan binoda, mahalla profilaktika inspektori Uchqun Xolliyevning xizmat uyi oldida boshlangan.
«Cho‘lquvar» mahallasi raisining xotin-qizlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mo‘tabar Azizovaning aytishicha, u shu kuni shu soatda mahalla raisi bir mojaroli masalani hal qilish uchun voqea joyiga chiqib ketgan bo‘lgan. M.Azizova ish joyida bo‘lgan. Shovqin-suronni eshitgach, Milliy gvardiya xodimlari o‘rnatgan «shoshilinch chaqiruv» tugmasini bosgan. Milliy gvardiya va ichki ishlar xodimlari 15 daqiqaga qolmasdan voqea joyiga yetib kelgan.
Voqea joyida prokuratura, ichki ishlar va Milliy gvardiya xodimlari operativ surishtiruv va qidiruv ishlarini amalga oshirayotganiga guvoh bo‘ldik.
Qashqadaryo viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, E.Rahimovga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan bir guruh shaxslar sportchini voqea joyidan 85 km naridagi Chiroqchi tumani tibbiyot birlashmasi hududiga tashlab ketishgan.
Oqibatda, Elyor Rahimov ko‘rsatilgan tibbiy yordamlarga qaramasdan shu kuni shifoxonada vafot etgan.
Mazkur jinoyatni fosh etish maqsadida olib borilgan tezkor qidiruv-surishtiruv tadbirlari natijasida shu kunning o‘zida Qarshi shahri va Qarshi tumanida yashovchi jinoyatga aloqador fuqarolar — Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. ushlangan.
Qayd etilishicha, holat yuzasidan Qarshi shahar prokurori tomonidan jami yetti nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «l», «p» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, Sh.T., J.A., O.R., Ya.Ya., Sh.Z. va E.A. gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan hamda himoyachi bilan ta'minlanib, JPKning 221-moddasi tartibida qamoqqa olingan.
19 avgust kuni Qashqadaryo viloyat prokuraturasida mazkur voqea yuzasidan matbuot anjumani o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumotlarni Kun.uz’da kuzating.
Shuhrat Shokirjonov, Kun.uz maxsus muxbiri,
Tasvirchi va montaj ustasi: Jahongir Aliboyev.
Mavzuga oid
18:04 / 06.11.2024
Taxtiqoracha dovonida Cobalt’ni tosh bosib qoldi. Qurbonlar bor
18:06 / 17.10.2024
Qashqadaryoda sudya yordamchisi o‘zini ishdan bo‘shatgan sud raisi ustidan shu sudga da’vo kiritdi
13:07 / 09.07.2024
Qashqadaryoda mast haydovchi YHX inspektorini pichoqlab qochdi. Inspektor vafot etgan
14:03 / 11.06.2024