Jahon | 17:39 / 19.08.2021
91614
14 daqiqa o‘qiladi

G‘ani qaytmoqchi, Panjsherda qarshilik harakati kuch to‘plamoqda, mamlakatda namoyishlar. Afg‘oniston bo‘yicha so‘nggi xabarlar

Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani videomurojaat qilib, mamlakatga qaytmoqchiligini aytdi. Shuningdek, o‘zi Afg‘onistondan 169 mln dollar olib chiqib ketgani haqidagi xabarlar yolg‘on ekanini aytdi.

O‘z videomurojaatini G‘ani BAAdan turib yo‘llagan, ushbu mamlakat hukumati unga «insonparvarlik nuqtayi nazaridan» boshpana berilgani haqida ma'lum qilgandi.

Feysbukdagi sahifasiga joylashtirgan videomurojaatida G‘ani u mamlakatdan katta miqdordagi pulni olib chiqib ketgani haqidagi xabarlar asossizligini ta'kidlagan. Avvalroq Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Muhammad Zohir Agbar Dushanbeda o‘tkazilgan matbuot anjumanida G‘anining qochishini «davlat va millatga xiyonat» deb atab, u davlat g‘aznasidan 169 million dollar o‘g‘irlagani haqida gapirgandi.

«Meni o‘zim bilan pul olib ketganlikda ayblashmoqda. Lekin bu gaplar yolg‘on, men ustimdagi ko‘ylak, salla va poyabzal bilan mamlakatdan ketdim, bitta sumkada bir nechta kitob olib ketoldim, xolos.

Hozir men maslahatlashuv o‘tkazmoqdaman va afg‘onlar uchun adolat tiklanishi bo‘yicha sa'y-harakatlarni davom ettirish maqsadida mamlakatga qaytmoqchiman», degan u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, uni mamlakatdan chiqib ketishga majburlashgan. «Agar men qolganimda, bemisl qon to‘kilishiga guvoh bo‘lardim», deya qo‘shimcha qilgan u.

«Qonuniy prezident v.b» Amrulla Solih qarshilik qilishda davom etadi

Xalqaro hamjamiyat «Tolibon»ni legitim hukumat sifatida tan olish masalasini ko‘rib chiqayotgan vaqtda, Afg‘onistonning birinchi vitse-prezidenti Amrulla Solih toliblar hokimiyatini tan olmasligini bildirib, o‘zini Afg‘onistonning «qonuniy vaqtincha prezidenti» deb e'lon qilgan.

U Afg‘oniston Konstitutsiyasiga muvofiq, prezident iste'foga chiqqan, qochqinlikka ketgan, vafot etgan yoki davlatni boshqarishga layoqatsiz bo‘lib qolgan holatlarda uning vazifasini bajarish vaqtincha vitse-prezident zimmasiga o‘tishini eslatmoqda.

France24 xabariga ko‘ra, seshanba kuni unga sodiq kuchlar shimoldagi Panjsher viloyati tumanlarini egallashgan va bu hudud uning tayanchiga aylangan. Solih ushbu viloyatda mustahkam o‘rnashib olmoqda va dunyo yetakchilarini uni qo‘llab-quvvatlashga chaqirmoqda.

Afg‘onistonning Tojikistondagi elchisi Zohir Agbar chorshanba kuni Panjsher toliblarga qarshilik harakati o‘chog‘iga aylanganini ma'lum qildi. «Faqat vitse-prezident Amrilla Solih rahbarligidagi Panjsher qarshilik ko‘rsatmoqda», degan u.

Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov esa chorshanba kuni Rossiya televideniyesi efirida Solihni Panjsherdan tashqarida hech kim qo‘llamayotgani haqida gapirdi. «Kobulda hech kim vitse-prezident Solih taraf bo‘lmadi. Uning millati tojik, shu tufayli u Panjsherga kelgan, bu tojiklar anklavi», degan u.

Solih bir necha kun oldin «Tolibon»ga taslim bo‘lmaslikka va Ahmad Shoh Mas'ud xotirasiga xiyonat qilmaslikka va'da bergandi.

Ahmad Shohning o‘g‘li Solihni qo‘llamoqda

Milliy qahramon, 1990-yillarda «Tolibon»ga qarshi kurashgan Shimoliy alyans rahbari, 2001 yil sentyabrda «Al-Qoida» tomonidan o‘ldirilgan Ahmad Shoh Mas'udning o‘g‘li Ahmad Mas'ud ham ayni vaqtda toliblarga taslim bo‘lmagan yagona viloyat - Panjsherda. 

Bu hududga «qo‘mondonlari taslim bo‘lganidan g‘azablangan» Afg‘oniston armiyasi va xavfsizlik xizmatining maxsus kuchlari harbiylari Ahmad Mas'ud armiyasiga kelib qo‘shilgan.

Kichik Mas'ud axboriy ustunlikka ega bo‘lish maqsadida atrofdagilardan o‘zining harakatlari to‘g‘risida habar tarqatmaslikni so‘ragan. O‘z navbatida, toliblar ham o‘z nazoratida bo‘lmagan va qarshilik harakati markaziga aylangan ushbu hududdan xabar chiqishini istamayapti.

Ria Novosti agentligi manbasiga ko‘ra, Panjsher hududiga Afg‘onistondagi o‘zbeklar yetakchisi marshal Abdulrashid Do‘stum rahbarligidagi o‘n ming qo‘shin ham yo‘l olgan. Shuningdek, general Pir Muhammad Xoksor ham shu yerga kelgan.

Panjsher tabiiy xususiyatlariga ko‘ra haqiqiy qal'adir / AFP
Panjsher vodiysi Afg‘onistonning toliblar qo‘liga o‘tmagan yagona hududi bo‘lib turibdi / Ahmad SAHEL ARMAN AFP

Manbalar ma'lumotiga ko‘ra, Mas'ud AQSh va Fransiya vakillari bilan aloqa o‘rnatib, o‘z qo‘shinlari qurol, o‘q-dori va harbiy texnikalar bilan ta'minlanishiga erishish uchun harakat qilmoqda. Agar G‘arb tomonidan Panjsherga e'tibor qaratilmasa, u Rossiyaga yuzlanishi mumkin.

Bayden: agar zarurat tug‘ilsa, harbiylar 31 avgustdan keyin ham Kobulda qolishi mumkin

AQSh prezidenti Jo Bayden Kobul qulashidan keyin ilk bor ABC telekanaliga intervyu berdi, u harbiylarni Afg‘onistondan olib chiqish bo‘yicha qarori to‘g‘ri bo‘lgan deb hisoblagani haqida aytgan.

Shu intervyuning kanal saytida e'lon qilingan qismlarida Bayden amerikalik harbiylar Afg‘onistonda 31 avgust - harbiylarning olib chiqilishi uchun belgilangan so‘nggi muddatdan keyin ham qolishi mumkinligini istisno qilmagan.

Bu agar oy oxirida ham Afg‘onistondan ketishni istagan AQSh fuqarolari qoladigan bo‘lsa, ro‘y beradi. «Barchani olib ketmaguncha biz chiqmaymiz», degan Bayden.

Bayden bu muddatni qanday yo‘l bilan uzaytirmoqchiligiga aniqlik kiritmagan.

Toliblar hozirda aeroportga yo‘l olayotgan xorijliklarga to‘sqinlik qilishmayapti, ammo shaharning barcha qismini, shu jumladan aeroportga kirishni ham nazorat qilishmoqda.

U Afg‘onistondan evakuatsiya jarayonida yuzaga kelgan tartibsizlik bo‘yicha savolga javob qaytargan. «Bu vaziyatdan xaos yuzaga kelmagan holda chiqib ketish imkonsiz edi... Men bilmayman, boshqa yana qanaqa bo‘lishi mumkin edi», deya tan oldi u.

U AQSh razvedkasi Afg‘onistondagi hokimiyat yil oxirigacha qulashi mumkinligini taxmin qilganini, biroq bu borada aniq fikr bo‘lmaganini aytdi.

Afg‘on armiyasi va hukumat tor-mor etilgach, AQSh o‘z rejalarini o‘zgartirish yoki o‘zgartirmaslik masalasini hal etishi kerak edi. Baydenning aytishicha, harbiylarni olib chiqib ketishni davom ettirishga muqobil variant - harbiylar sonini oshirish edi.

Afg‘onistonda 10-15 ming amerikalik qolmoqda. Bundan tashqari AQSh amerikaliklar bilan hamkorlik qilib kelgan 50-65 ming afg‘onni evakuatsiya qilmoqchi. Avvalroq Pentagon AQSh 5 mingga yaqin kishini olib chiqishga ulgurganini ma'lum qilgandi.

Erdo‘g‘an: Turkiya toliblar boshqaruvi davrida ham Kobul aeroportida qolmoqchi

Turkiya hamon Kobul aeroporti muhofazasini o‘z zimmasiga olishga tayyor. Bu borada Jo Bayden va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasidagi muzokaralar amerikalik harbiylar olib chiqilishidan oldinroq boshlangan.

Aeroport – muhim obekt, xalqaro missiyalar va xorijiy diplomatlarning kelgusi faoliyati shunga bog‘liq.

Payshanba kuni Erdo‘g‘an toliblarning hokimiyatga kelishi Turkiyaning maqsadlariga ta'sir ko‘rsatmasligi, faqat yangi reallikni hisobga olgan holda rejada kichik o‘zgarishlar bo‘lishi haqida gapirdi.

«Biz afg‘on xalqining tinchligini saqlash, bu mamlakatda yashayotgan turk fuqarolarining farovonligini ta'minlash, shuningdek, o‘z davlatimiz manfaatlarini himoya qilish uchun har qanday turdagi hamkorlikka tayyormiz. Bu mamlakatda hokimiyat tepasida kim bo‘lishidan qat'i nazar, Turkiya yaxshi kunda ham, yomon kunda ham qardosh Afg‘onistonni qo‘llab-quvvatlaydi.

Ular [«Tolibon» yetakchilari] hamisha Turkiya bilan munosabatlarni ehtiyotkorlik bilan olib borishgan», degan turklar yetakchisi.

Pokiston Afg‘oniston bilan chegaralarni yana yopdi

Pokiston toliblar Kobulga kirishi arafasida Afg‘oniston bilan chegaraning o‘z tomonidagi qismini yopgan. Ammo bir necha kun o‘tib chegara savdo uchun ochilgan, shuningdek, yo‘lovchilarning harakati cheklangan tarzda amalga oshirilmoqda.

Torxam chegara o‘tish punkti o‘n yillar davomida afg‘onlar Pokistonga o‘tishida asosiy yo‘nalish bo‘lib kelgan. Odatda chegarani bir kunda 6-7 ming kishi kesib o‘tardi. Bugungi kunda esa bir necha o‘n kishigina bunga muvaffaq bo‘lmoqda – toliblar Torxamni nazoratga olishgan.

Toliblar qochqinlar mamlakatni tark etishiga qo‘ymayapti. Pokistonga faqat savdogarlar va ruxsatnomaga ega bo‘lganlargina o‘tishi mumkin.

Pokiston bir necha oy oldin chegarada to‘siqlar tiklashni boshlagandi. Barcha chegara o‘tish punktlari ayni vaqtda qattiq qo‘riqlanmoqda va hukumat ruxsatisiz Pokistonga kirish amalda ilojsiz.

Pokiston xavfsizlik kuchlari jangarilar tinch aholi vakillari qiyofasida chegaradan o‘tib mamlakat hududiga kirib kelishini istashmasligini ma'lum qilgan.

Toliblar vakili: Afg‘onistonda demokratiya bo‘lmasligi aniq

Reuters agentligi jurnalistiga toliblarning yuqori martabali amaldorlaridan biri Vohidullo Hoshimiyning ma'lum qilishicha, harakat mamlakatda hokimiyatni qo‘lga olganidan keyin Afg‘onistonni kengash boshqaradi, ammo oliy rahbariyat toliblar yetakchisi Haybatulla Oxunzodaning qo‘lida to‘planadi.

Hoshimiy hali boshqaruv masalalarida ko‘p narsa hali qilinmagani, ammo hozirdan Afg‘oniston demokratik mamlakat bo‘lmasligini aniq aytish mumkinligini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, yangi hokimiyat tuzilmasi 1996-2001 yillarda mamlakatda hukmronlik qilgan islom amirligiga o‘xshash bo‘ladi. O‘shanda harakat rahbari Mulla Umar bo‘lgan, lekin ko‘p o‘tmay kundalik masalalarni hal qilishni kengashga topshirib, o‘zi faqat global masalalarda qaror qabul qiladigan bo‘lgandi.

Katta ehtimol bilan kengashga Oxunzoda rahbarlik qiladi, prezident rolini esa uning o‘rinbosarlaridan biri bajaradi.

«Ammo hech qanday demokratik tizim bo‘lmaydi, chunki bizning mamlakatda uning hech qanday poydevori yo‘q. Shu tufayli biz bu masalani muhokama ham qilmaymiz, Afg‘onistonda qanday siyosiy tizim joriy etilishi ham o‘z-o‘zidan tushunarli, bu shariat qonunlari, tamom vassalom», deya qayd etgan toliblar vakili.

1996-2001 yillarda Afg‘oniston islom amirligi hukmronligi davrida mamlakatda shariat qonunlariga amal qilgan. Ayollarning pozitsiyasi eng qiyin bo‘lgan. Qizlar maktabga borishiga ruxsat etilmagan, voyaga yetgan ayollar esa paranjisiz va erkaklar hamrohligisiz uydan chiqishi mumkin emasdi. Qoidabuzarlar qattiq jazolangan.

Hoshimiy afg‘on ayollarining ta'lim olish va ishlash borasidagi huquqi masalasi islom ulamolari kengashi tomonidan hal etilishini aytib o‘tgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ulamolar ayollar uchun qanday shakldagi liboslar majburiy bo‘lishini ham belgilaydi.

Afg‘onlar Mustaqillik kunida norozilik namoyishlariga chiqishdi

Payshanba kuni Afg‘onistonning qator shaharlarida mamlakat mustaqilligining 102-yilligi munosabati bilan namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Aksiya ishtirokchilari mamlakat bayroqlarini ko‘tarib ko‘chalardan o‘tishdi, toliblar ayni vaqtda barcha hududlarda o‘zlarining oq rangli bayroqlarini o‘rnatmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘chalardagi holat aks etgan videolar tarqalgan. Ulardan birida Kobuldagi odamlar «bizning bayrog‘imiz, bizning birligimiz» deya hayqirishgan.

Boshqa bir shaharda – Asadobodda qurbonlar berilgan bo‘lishi mumkin. Bu haqda voqea guvohlari ijtimoiy tarmoqlarda yozishgan, ammo bu ma'lumot matbuot tomonidan hozircha tekshirilmagan.

Chorshanba kuni ham Jalolobod shahrida «Tolibon» bayrog‘ini yechib olishga uringan namoyishchilar o‘qqa tutilgan va kamida uch kishi halok bo‘lgandi.

G‘arb toliblarga moliyaviy oqimni to‘xtatib qo‘yadi
Toliblar tez orada moliyaviy qiyinchiliklarga to‘qnash keladi, G‘arb mamlakat valuta zaxiralaridan foydalanishni to‘sib qo‘ymoqda.

Mamlakat iqtisodiyoti xorijiy yordamlarga juda bog‘liq, bu YaIMning 43 foizini tashkil etadi.

Afg‘on valuta zaxiralarining katta qismi Amerika va Yevropa banklarida saqlanadi, AQSh shu haftada bu zaxiralarni muzlatib qo‘ydi.

Xalqaro valuta jamg‘armasi ham Afg‘onistonga yordam to‘xtatilishini ma'lum qilgan. Boshqa yirik donorlar ham pul oqimlarini to‘xtatish niyatida.

Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, moliyaviy bosim – G‘arb qo‘lida qolgan juda jiddiy richag, ammo toliblar Xitoyning yordamiga umid qilishi ham mumkin.

Yaqinda Xitoy uyg‘urlarni qo‘llab-quvvatlamaslik evaziga toliblarga yirik investitsiyalar va'da qilgani haqida xabarlar berilgandi, ammo hali hech qanday kelishuv tuzilmagan.

Mavzuga oid