Jahon | 19:27 / 19.08.2021
44666
9 daqiqa o‘qiladi

«Tolibon»ning hokimiyatga kelishi omillari, berilayotgan va'dalar va Markaziy Osiyo - ekspert bilan intervyu

Siyosatshunosning ta'kidlashicha, BMTning Afg‘oniston masalasi bo‘yicha rezolyutsiyasi qabul qilinishini kutish va shu bo‘yicha ish olib borish ayni paytdagi holatda O‘zbekiston manfaatlariga ko‘proq mos keladi.

Kun.uz Afg‘onistondagi so‘nggi siyosiy o‘zgarishlar bo‘yicha siyosatshunos, «Bilimlar karvoni» NNM direktori Farhod Tolipov bilan intervyu uyushtirdi.

— Hozirda «Tolibon» tomonidan berilayotgan va'dalar qanchalik darajada bajariladi deb o‘ylaysiz?

— Toliblar hokimiyatni to‘la egallay olmaydi, chunki ular davlatni boshqarish dasturiga ega emas. Shu paytga qadar ular faqat urush olib borish bilan shug‘ullangan. Davlatni qanday boshqaradi, xalq talablari va ehtiyojlarini qanday qondiradi, bilmaymiz. Natijada ular doim xalqning noroziligiga uchrayveradi.

Ular kuch bilan hokimiyatga kelishi mumkin, ammo bu hokimiyatni saqlab qolish uchun yetarli emas. 90-yillarda ular hokimiyatda bo‘lganida Shimoliy Alyans va «Tolibon» orasida urush bo‘lganini eslaylik. Agar toliblar zo‘ravonlik bilan tartib o‘rnatmoqchi bo‘lsa, unda nafaqat afg‘onistonliklar, balki xalqaro hamjamiyat ham ularga qarshi chiqadi.

— «Tolibon»ning hokimiyatga kelishida Pokiston qanchalik ta'sir o‘tkazdi?

— «Tolibon» harakati hokimiyat uchun kurash olib bormayotgan, hali mujohidlar harakati mavjud bo‘lgan paytlarda ham Pokistonning ta'siri va roli juda katta bo‘lgan. «Tolibon» – asli Pokiston hududida paydo bo‘lgan va shakllangan harakat. Ko‘pchilik ekspertlar Pokiston razvedka xizmatining bevosita va bilvosita «Tolibon»ni qo‘llab-quvvatlashini ta'kidlashadi. Tarixga nazar tashlasak ham, «Tolibon» 90-yillarda hokimiyatga kelganda Pokiston ularni birinchilardan bo‘lib rasmiy davlat sifatida tan olgan. O‘sha davrdan boshlab to bugungacha «Tolibon»ga Pokiston har tomonlama yordam berib keldi. Shu sabab ko‘pchilik «Tolibon»ning hokimiyatni egallashini bevosita Pokistonning g‘alabasi sifatida e'tirof etmoqda. Katta ehtimol bilan, kelajakda ham toliblar o‘zaro nizo oqibatida bo‘linib ketmasligi uchun ularni Pokiston harbiy va siyosiy jihatdan qo‘llab-quvvatlaydi.

— AQSh va boshqa G‘arb davlatlari nega «Tolibon»ning hokimiyatga kelishiga deyarli qarshilik ko‘rsatmadi? Buni qanday izohlash mumkin?

— Avvalo, shuni ta'kidlash kerakki, birinchi o‘rinda sobiq rasmiy hukumat qurolli kuchlarining o‘zi «Tolibon»ga qarshilik ko‘rsatmadi. Bu biz uchun ochiq savol bo‘lib qolmoqda. Chunki 20 yil davomida mamlakatda G‘arb davlatlari moliyaviy imkoniyatlari va harbiy mutaxassislari ishtirokida harbiy tizim yaratilgandi. Ularning deyarli qarshiliksiz taslim bo‘lishi g‘ayritabiiy. Umuman, mag‘lubiyatga uchrashdi degan termin ham vaziyatga mos emas. Urush bo‘lganda qaysidir tomon mag‘lubiyatga uchrashi mumkin, afg‘on harbiylari esa shunchaki taslim bo‘lishdi. Hozirgi kunda ekspertlarda bu yerda oldindan qandaydir kelishuv bo‘lmaganmikan, degan shubhalar paydo bo‘lmoqda. Xo‘sh, bu reja bo‘lsa, bundan nima ko‘zlangan edi, degan mavhumlik bizni o‘ylantiradi.

— Qo‘shma Shtatlar tomonidan qoldiriladigan siyosiy vakuum boshqa kuchlar tomonidan to‘ldirilishi mumkinmi? Toliblarning hokimiyatga kelishi mintaqadagi asosiy o‘yinchilar hisoblangan Rossiya va Xitoy uchun qanchalik ahamiyatli?

— Afg‘onistondagi AQSh/NATO kuchlari tark etganidan keyin vujudga keladigan vakuum salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Xususan, zo‘ravonlikning kuchayishi sabab tinch aholi vakillarining jabrlanishi va transmilliy radikal guruhlar faoliyat yuritishi mumkin bo‘lgan keng maydon paydo bo‘lishi ehtimoli.

Albatta, vakuum bor ekanki, uni to‘ldirishga hamisha kuch topiladi. Afg‘oniston hududi XIX asrdan boshlab buyuk davlatlarning geosiyosiy raqobat maydoni bo‘lib kelmoqda. Shu sabab Afg‘onistonning «mavqeyi» buyuk davlatlarning manfaatlari kesishgan nuqta sifatida o‘lchanadi. Hozirgi yuzaga kelayotgan bo‘shliq xalqaro terrorizm xavfi oshishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Rossiya va Xitoy haqida gapiradigan bo‘lsak, ular «Tolibon» hali hokimiyatni to‘la egallamagan paytdayoq ular bilan turli muzokaralar o‘tkazayotgan edi. Ko‘p ehtimol bilan, yaqin kunlarda rasmiy ravishda tan olishsa ham kerak. AQSh tomoni ham bir necha yildan beri Rossiyani «Tolibon»ni moliyaviy va harbiy jihatdan qo‘llab-quvvatlashda ayblab kelayotgandi. O‘z navbatida hozirgi vaziyatdan Xitoy ham, Rossiya ham o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanishga harakat qiladi. Afg‘onistonda xaosning paydo bo‘lishi Markaziy Osiyo davlatlarining janub tomonga siljishiga va savdo aloqalarini rivojlantirishga bo‘lgan imkoniyatlarni cheklaydi. Bu Rossiya uchun o‘z savdo ustunligini mustahkamlash va saqlab qolish uchun yaxshigina imkoniyat ham yaratishi mumkin.

— Markaziy Osiyo davlatlarida AQSh yoki Rossiyaning yangi harbiy bazalari ochilish ehtimolini qanday baholaysiz?

— Bu juda qiziq savol. Bundan bir necha oy avval OAVda Afg‘onistondan olib chiqilayotgan AQSh qo‘shinlarining bir qismi Tojikiston yoki O‘zbekistonda joylashtirilishi mumkinligi haqida xabarlar ham tarqaldi. Bundan ko‘zlangan maqsad sifatida Afg‘onistonda vaziyat keskinlashib ketsa, yordam ko‘rsatish ko‘zlangandi. Bu mish-mishlar esa Rossiyada salbiy reaksiyalarga sabab bo‘ldi. Rus hukumati AQSh harbiy bazalarining Markaziy Osiyo mamlakatlariga kirishini o‘ziga nisbatan jiddiy tahdid sifatida qabul qildi. Agar bu ehtimoliy kontingentlar faqat Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan va vaqtinchalik shartnoma asosida joylashtirilsa, Rossiyaning ham manfaatlariga zid bo‘lmasdi. Ayni paytda bu savolni o‘rtaga tashlash uchun balki kechdir, lekin muhokama qilib ko‘rsa bo‘ladi.

— Bevosita O‘zbekiston uchun Afg‘onistondagi so‘nggi voqealar qanday ta'sir o‘tkazadi? Bu borada qaysi pozitsiyada turgan ma'qulroq?

— Bevosita O‘zbekistonning Afg‘oniston bilan 137 kilometrlik chegarasi borligini inobatga olsak, biz uchun ham oson emas. Bu qochoqlarni qabul qilish bo‘ladimi, ularga kirishga ruxsat berish yoki rad etish bo‘ladimi, «Tolibon»ni bevosita tan olish yoki tan olmaslikmi, baribir, hukumat uchun bularning bari – bir sinov. O‘zbekiston AQSh, Rossiya yoki Xitoy kabi katta davlat emas va imkoniyatlarimiz ancha cheklangan. Bu masala yuzasidan BMTning rezolyutsiyasi qabul qilinishini kutish va shu bo‘yicha ish olib borish ayni paytdagi holatda O‘zbekiston manfaatlariga ko‘proq mos keladi. Ko‘pchilik hozir birinchi navbatda terrorizm xavfi va tahdidi kuchayishi mumkinligidan tashvishga tushyapti.

Boshqa tomondan olib qaralsa, «Tolibon»ning Afg‘onistonda hokimiyatga kelishi – mamlakatning ichki ishi, afg‘on xalqining tanlovi. O‘zbekiston uchun ahamiyatli tomoni – Afg‘oniston hududidan xalqaro terrorizm tahdidi va xavfi mavjudligida. Shuningdek, O‘zbekiston hukumati Afg‘onistonni tiklash bo‘yicha ko‘plab tashabbuslarni ilgari surdi, endilikda bir qancha iqtisodiy loyihalar kechikishi ehtimoli yuqori. BMT Xavfsizlik kengashi toliblarni 2003 yilda terrorchi tashkilotlar ro‘yxatiga kiritgan, shuning uchun ularni tan olish yoki aloqa o‘rnatish – ziddiyatli masala. Shu sabab «Tolibon»ning bevosita O‘zbekistonga ta'siri bo‘lgani sabab shoshilmaslik kerak, deb o‘ylayman. Bu borada shoshmashosharlik bilan ish ko‘rish kerak emas. Hattoki, O‘zbekistonning asosiy iqtisodiy hamkorlari Rossiya va Xitoy toliblarni tan olib, diplomatik aloqalar o‘rnatsa ham, O‘zbekiston shoshilmasligi kerak.

— Kelajakda Afg‘onistonda optimistik taraqqiyot bo‘lishiga ishonasizmi?

— Sodda qilib aytganda, yo‘q, deb javob bergan bo‘lardim. Bu ko‘p jihatdan vaziyatning qanday tus olishiga ham bog‘liq. Shaxsan menda Afg‘oniston kelajagi borasida pessimistik qarash bor.

Doston Ahrorov suhbatlashdi

Mavzuga oid