O‘zbekiston | 12:54 / 23.08.2021
2301
2 daqiqa o‘qiladi

Navoiyda 1,8 mlrd so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari tanlov savdolari o‘tkazilmasdan bajarilgan  

Foto: KUN.UZ

Navoiyda buyurtmachilar tomonidan 5ta holatda umumiy qiymati 1,8 mlrd so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari tanlov (tender) savdolari o‘tkazilmasdan, shuningdek pudrat shartnomalari tuzilmasdan bajarilgan. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, agentlik tomonidan joriy yilning iyul-avgust oylarida Navoiy viloyatida budjet buyurtmachilari tomonidan davlat xaridlari maxsus axborot portaliga qurilish bo‘yicha joylashtirilgan e'lonlar tanlov asosida joyiga chiqib o‘rganilganda, “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun hujjatlari talablariga zid bo‘lgan bir nechta holatlar aniqlangan.

Jumladan, Navoiy viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” IK tomonidan 2 ta holatda 626 797 153 so‘mlik, Navoiy ixtisoslashtirilgan madaniyat maktabi tomonidan 491 778 600 so‘mlik, Nurota tumani Xalq ta'limi bo‘limi tomonidan 601 420 600 so‘mlik hamda Qiziltepa tuman hokimligi tomonidan 125 575 400 so‘mlik qurilish-ta'mirlash ishlari buyurtmachilar tomonidan tanlov savdolari o‘tkazilmasdan, qurilish korxonalari bilan pudrat shartnomasi tuzilmasdan bajarilgan.

Shuningdek, qurilish bo‘yicha berilgan e'lonlarga asosan qurilish-ta'mirlash ishlari rejalashtirilgan obektlar joyiga chiqib o‘rganilganda, qurilish ishlari boshlanib bo‘lgan yoxud bir necha oy avval yakunlangani ma'lum bo‘lgan.

Xususan, Nurota tumani Xalq ta'limi bo‘limi tomonidan tumandagi 12-sonli umumta'lim maktabini joriy ta'mirlash bo‘yicha davlat xaridlari portaliga joriy yilning 28 may kunida boshlang‘ich bahosi 601 420 600 so‘m bo‘lgan e'lon joylashtirilgan. Ammo e'lon bo‘yicha ishtirokchilardan tijorat takliflari kelib tushmagani sabab tanlov savdolari o‘tkazilmagan. 

Kuzatilgan ushbu holatlar bo‘yicha mansabdor shaxslarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida hujjatlar Bosh prokuraturaga yuborilgan.

Mavzuga oid