Jahon | 11:50 / 24.08.2021
29137
2 daqiqa o‘qiladi

Toliblar Afg‘onistonni boshqarish uchun 12 kishidan iborat kengash tuzishni rejalashtirmoqda - OAV

Foto: AP

“Tolibon” harakati yetakchilari Afg‘onistonni boshqarish uchun 12 kishidan iborat kengash tuzmoqchi. Bu haqda Foreign Policy nashrining manbalari xabar berdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, avvalgi ma'muriyatning ba'zi a'zolariga ham vazirliklarni boshqarish taklif qilinadi. Toliblar shu yo‘l bilan xalqaro hamjamiyat uchun maqbul ma'muriyatni shakllantirishni rejalashtirmoqda.   

Manbalarning ta'kidlashicha, kengashga toliblar siyosiy yetakchisi Abdulg‘ani Barodar, harakatning harbiy komissiyasi rahbari Muhammad Yoqub va “Haqqoniy tarmog‘i” a'zosi Halil ar-Rahmon Haqqoniy kiradi.

Nashrning xabar berishicha, toliblar kengashga Panjsherdagi qarshilik kuchlari yetakchisi Ahmad Mas'udni ham kiritishmoqchi. “Tolibon” Afg‘onistonda prezident yoki boshqa yagona rahbar lavozimini tiklashni rejalashtirmayapti. Shu bilan birga, avvalgi hukumatning ba'zi a'zolariga vazir lavozimlari taklif etilishi mumkin.

Harakat rahbariyati “iloji boricha inklyuzivroq ko‘rinishni istamoqda”. Ta'kidlanishicha, toliblar kengashni shakllantirish bo‘yicha sobiq prezident Hamid Karzay va Afg‘onistondagi milliy yarashuv bo‘yicha oliy kengash rahbari Abdulla Abdulla tashkil etgan muvofiqlashtiruvchi kengash bilan norasmiy muzokaralarni boshlab yuborgan.

RIA Novosti xabariga ko‘ra Hamid Karzay va Ashraf G‘ani hukumatida tashqi ishlar vaziri bo‘lgan Muhammad Hanif Atmar ham toliblar hukumatidan o‘rin olishi ma'lum bo‘lgan.

Mavzuga oid