Jahon | 15:28 / 25.08.2021
22945
1 daqiqa o‘qiladi

Guantanamo qamoqxonasining sobiq mahbusi Afg‘oniston mudofaa vaziri etib tayinlandi

Abdul Qayum Zokir toliblarning asosiy dala komandirlaridan biri hisoblanadi.

Guantanamo qamoqxonasining sobiq mahbusi Abdul Qayum Zokir «Tolibon» harakati tomonidan mamlakat mudofaa vaziri vazifasini bajaruvchi etib tayinlandi. Bu haqda Al Jazeera telekanali xabar berdi.

Zokir toliblarning asosiy dala komandirlaridan biri hisoblanadi. U Afg‘onistonda AQSh harbiy operatsiya boshlanganidan so‘ng (2001-2014 y) harakat safida jang qilgan. Amerika askarlari uni qo‘lga olib, dastlab Bagrom bazasidagi qamoqxonaga, so‘ngra Guantanamo qamoqxonasiga joylashtirgan. Zokir ozodlikka chiqqanidan so‘ng yana «Tolibon»ga qo‘shilgan.

Seshanba kuni mamlakatda qator vazirlik va idoralarga rahbarlar tayinlangandi. Jumladan, Sadr Ibrohim ichki ishlar vaziri v.b., Gul Og‘a moliya vaziri v.b., Najibulla razvedka xizmati boshlig‘i v.b. etib tayinlangan.

Bundan tashqari, toliblar ta'lim, oliy ta'lim vazirlari va Kobul gubernatorini ham tayinlagan.

Mavzuga oid